Kontent qismiga oʻtish

Daromad deklaratsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Daromad deklaratsiyasi - jismoniy shaxsning yil davomida olgan daromadlari va ushlangan soliq miqdori haqidagi hujjat bo’lib, fuqaroning yashash joyidagi soliq inspeksiyasiga topshiriladi. Jahondagi barcha rivojlangan mamlakatlarda mulk deklaratsiyasi bilan bir qatorda joriy qilingan.

Daromad deklaratsiyasi O’zbekiston qonunchiligida[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻzining asosiy ish joyidan chetda daromad topgan jismoniy shaxs D.d.ni hisobot yilidan keyingi yilning 1-apreldan kechiktirmay oʻzining istiqomat joyidagi soliq organiga taqdim etishi shart. Deklaratsiyada quyidagilar ko‘rsatiladi:

  • mulkiy daromadlar (agar bu daromadlarga soliq agentida soliq solinmasa);
  • ilm-fan, adabiyot va san’at asarlarini yaratganlik hamda ulardan foydalanganlik uchun mualliflik haqi tariqasida olingan daromadlar;
  • moddiy naf tarzidagi daromadlar (agar bu daromadlarga soliq agentida soliq solinmagan bo‘lsa);
  • O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqaridagi manbalardan olingan daromadlar;
  • soliq agentlari bo‘lmagan manbalardan olingan daromadlar;
  • jismoniy shaxslar tomonidan olingan daromadlar, ular tomonidan jami yillik daromad to‘g‘risidagi deklaratsiya asosida soliq to‘lash tartibi tanlanganda;
  • soliq agenti tomonidan soliq ushlab qolinmagan soliq solinadigan boshqa daromadlar.

Tamom boʻlgan kalendar yilida faqat asosiy (xizmat, o’qish) joyida mehnat vazifalarini bajarishdan daromad olgan jismoniy shaxslar shu yil uchun olingan daromadlari haqida D.d. taqdim etmaydilar.

Daromad deklaratsiyasi o’tgan yil (soliq davri) uchun taqdim etiladi!

O’z vaqtida taqdim qilinmagan D.d. uchun yoki notoʻgʻri maʼlumotlar berilib, daromadlar yashirilganda fuqarolar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.

Daromad deklaratsiyasini topshirish tartibi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Daromad deklaratsiyasiga to‘langan daromadlar va ushlab qolingan soliq summalari to‘g‘risida ma’lumotnoma ilova qilinadi.

Deklaratsiya soliq inspeksiyasiga shaxsan tashrif buyurib, yoxud pochta orqali yoki elektron shaklda yuborilishi mumkin.

Deklaratsiya elektron shaklda yuborilgan taqdirda, quyudagi tartibda amalga oshiriladi:

  • Birinchidan, elektron raqamli imzo olish kerak (ERI) (agar mavjud bo‘lmasa). Buning uchun jismoniy shaxs davlat xizmatlari markazlariga tashrif buyurishi va arizani to‘ldirishi lozim. ERI bepul beriladi. Shundan so‘ng davlat xizmatlari markazi xodimi ERIni ma’lumot tashuvchiga (fleshkaga) yuklab beradi;
  • Ikkinchidan, soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portaliga https://my.soliq.uz[sayt ishlamaydi] kirib, “Elektron soliq deklaratsiyalarini qabul qilish va qayta ishlash” interaktiv xizmatini tanlash;
  • Uchinchidan, zarur ma’lumotlarni kiritish. (Ma’lumotlar bosqichma-bosqich kiritib boriladi.)

Hisobni to’lash[tahrir | manbasini tahrirlash]

Jismoniy shaxslar jami yillik daromad to’g’risidagi deklaratsiyaning ma’lumotlariga ko’ra hisoblab chiqarilgan soliqni o‘tgan soliq davridan keyingi yilning 1-iyunidan kechiktirmay to‘laydilar.

  • Soliq to‘lovchilar hisoblangan soliqni to‘lov xabarnomasida ko‘rsatilgan bank hisob raqamiga pul ko‘chirish yo‘li bilan yoki elektron to‘lov tizimi (UPay va PayMe) orqali amalga oshirishlari mumkin.
  • Jismoniy shaxslar hisoblab chiqarilgan soliqni chet davlatda joylashgan bank hisob varag‘idan chet el valyutasida to‘lashi mumkin. Bunda milliy valyutada ifodalangan soliq O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki tomonidan belgilangan soliq to‘langan sanadagi kurs bo‘yicha chet el valyutasida qayta hisoblab chiqariladi.
  • Soliq organlari tomonidan hisoblab chiqariladigan soliqni to‘lash to‘lov xabarnomasida ko‘rsatilgan muddatlarda amalga oshirilishi kerak.

Adabiyot[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil