Dürnstein qalʼasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Dürnstein qalʼasi

Dyurnshteyn qalʼasi (nemischa: Burgruine Dürnstein) — Avstriyadagi qoyatoshlar ustiga qurilgan oʻrta asr qasrining xarobasi. U Dyurnshteynda, Quyi Avstriyaning Vachau mintaqasida, Dunay daryosi boʻyida, dengiz sathidan 312 metr yuqorida[1] joylashgan.

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qalʼa XII asr boshlarida avstriyalik margraf Leopold III xizmatida vazir boʻlgan Kuenringlik Hadmar I (vafoti 1138) buyrugʻi bilan uning ajdodlari Gobatsburglik Azzo Tegernsee abbeyidan sotib olgan mulklari ustida XI asr oxirida qurilgan. Zvettl abbatligiga ham asos solgan Hadmar qalʼani Dunay daryosiga qaraydigan strategik joyda qurdirgan. U Dyurnshteyn bilan shahar devorlaridan choʻzilgan mudofaa devori orqali bogʻlangan.

Qalʼa uchinchi salib yurishidan qaytgan Angliya qiroli Richard I 1192-yilning dekabr oyidan 1193-yil mart oyida imperator Genrix VI ga topshirilgunga qadar Avstriya gersogi Leopold V tomonidan qamoqqa tashlangan joy boʻlganligi bilan mashhur. Leopol V Angliya qiroli Sheryurak degan laqab olgan Richard I ni Vena yaqinida qoʻlga olib qalʼaga qamagan.

1428 va 1432-yillarda Hussite (Chexiya proto-protestant nasroniy harakati) qoʻshinlari Dyurnshteyn shahri va qalʼasini talon-toroj qildilar.

1645-yilda, Oʻttiz yillik urushning oxiriga yaqin, Lennart Torstensson boshchiligidagi shved qoʻshinlari Dyurnshteynni zabt etdi. Chiqib ketish oldidan, qoʻshinlar darvoza qismlarini vayron qilishdi. 1662-yilga kelib, qalʼada doimiy yashovchi yoʻq edi, ammo u Avstriya-Turkiya urushida (1663-1664) yashirinish uchun boshpana sifatida roʻyxatga olingan.

1663-yilda starhemberglik Konrad Baltasar qalʼani sotib oldi, u hozirgi kungacha uning merosxoʻrlariga tegishli. 1679-yildan esa qalʼa yashash uchun yaroqsiz boʻlib qoldi va tashlab ketilgan. Bugungi kunda qalʼa YuNESKOning Jahon merosi roʻyxatiga kiritilgan „Vachau madaniy landshafti“ ning bir qismidir[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]