Shaqildoq ilonlar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Chinqiroq ilonlardan yoʻnaltirildi)

Shaqildoq ilonlar, chinqiroq ilonlar — zaharli ilonlar oilasi. Uzunligi 3,6 m gacha. Boshining 2 yonida (koʻzi bilan burun teshiklari oraligʻida) issiq qonli hayvonlarni masofadan sezadigan 2 ta issiq sezuvchi organi bor. Boshi uchburchak shaklda boʻlib, ustki tomoni yirik qalqonchalar bilan qoplangan. Tangachalari ustida taroqchalar bor. Dumi ostida 2 qator dum osti qalpoqchalari joylashgan. Ayrim Shaqildoq ilonlar dumi uchki qismida shaqildoq boʻladi. Shaqildoq keyingi qirralari bilan bir-biri ustiga taxlanib turadigan muguz gʻiloflardan iborat. Shaqildoq ilonlar tullagan sayin gʻiloflar soni ortib boradi. 4 urugʻi, 120 turi (jumladan, 2 ta haqiqiy Shaqildoq ilonlar) mavjud. Shimoliy va Janubiy Amerika, Osiyoda tarqalgan. Oʻzbekistonda qalqontumshuq ilon uchraydi; uning shaqildogʻi boʻlmaydi.

SH.i. yerda, daraxtda, suv havzalari yaqinida yashaydi. Mayda umurtqali hayvonlar bilan oziqlanadi. Tuxumdan tirik tugʻadi. Ayrim turlari terisi va goʻshti uchun ovlanadi. Zahari tibbiyotda foydalaniladi. Bir necha turi Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi Qizil kitobiga kiritilgan.