Chavgon
Chavgon (ozarbayjoncha: Çovqan) — otda oʻynaladigan jamoaviy sport oʻyini.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Chavgon soʻzi fors tilidan kelib chiqqan boʻlib, "uchi egri tayoq" maʼnosini anglatadi.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Qad. Sharqda chavgon chorvadorlar oʻyini sifatida paydo boʻlgan. Keyinroq otliq askarlarning mashgʻulotiga aylangan. Sharq xalqlari chavgon toʻpini "goʻy", egri tayogʻini "chavgon" deyishgan. Shu bois bu oʻyin "goʻychavgon" deb ham atalgan. Bu tarixiy qoʻlyozmalarda oʻz ifodasini topgan. Mahmud Qoshgʻariyning "Devonu lugʻotit turk", Yusuf Xos Hojibning "Qutadgʻu bilig", Abdurazzoq Samarqandiyning "Majlai saʼdayn va majmai bahrayn", Zahiriddin Muhammad Boburning "Boburnoma" asari va boshqa manbalarda chavgon oʻyiniga oid qimmatli maʼlumotlar bor. Ayniqsa, Abdulqosim Firdavsiyning "Shohnoma", Unsur al-Maoliyning "Qobusnoma" asarlarida chavgon oʻyini mufassal berilgan. 16-asr miniatyura maktabiga mansub nomaʼlum musavvirning "Chavgon oʻyini" asarida bu oʻyinning qizgʻin lahzasi tasvirlangan. Abu Abdulloh Rudakiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy chavgon oʻyinidan ilhomlanishgan va ajib oʻxshatishlar yaratishgan. Bu anʼana Sharq adabiyotida hamon davom etib keladi. Yozuvchi Primqul Qodirovning "Humoyun va Akbar" tarixiy romani boburiy malikalarning chavgon oʻyiniga tayyorgarligini tasvirlashdan boshlanadi. Tarixiy manbalarda yozilishicha, chavgon oʻyini aynan boburiylar saltanati davrida Hindistonda keng ommalashgan.
1850-yilda Hindistonda xizmat qilayotgan ingliz otliq askarlari chavgon oʻyiniga qiziqib qolishgan va dastlabki musobaqalarni oʻtkazishgan. 1871-yilda Buyuk Britaniyada chavgon (polo) musobaqasi tashkil qilingan. Shu tariqa chavgon oldin Yevropa, keyin Amerika davlatlariga tarqalgan. 1900, 1904, 1920, 1924 va 1936-yillarda boʻlgan olimpiada oʻyinlari dasturidan ham joy olgan.
Tavsifi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zamonaviy chavgon oʻyini (hozirda koʻplab davlatlarda "polo" deb ataladi) maydonning oʻlchami 274x182 m, yogʻochdan tayyorlanadigan toʻpining diametri 8 sm, ogʻirligi 120—135 g, ikki yondagi darvozalarining eni 8 m dan, oʻyin vaqti 56 min. (7 min.dan 8 boʻlim). Musobaqalashayotgan ikki jamoadagi 4 tadan otliq oʻyinchi qoʻllaridagi uchi egri tayoq (klyushka) yordamida toʻpni raqib darvozasiga kiritishga harakat qiladi. Oʻyinchilarga uchrashuv davomida otlarini oʻzgartirishlariga ruxsat etiladi.
Hozirgi kunda chavgon oʻyini Ozarbayjon, Fransiya, Argentina, AQSH, Meksika, Buyuk Britaniya, Italiya davlatlarida rivojlangan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Chovqan, a traditional Karabakh horse-riding game in the Republic of Azerbaijan
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |