Kontent qismiga oʻtish

Chanel No. 5

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Chanel No. 5

Chanel No. 5 (Eau de Parfum) flakoni
Chanel atiri
Moʻljallangan Ayollar uchun gullar–aldehidli xushbo‘y atir
Qoʻllab quvvatlovchi Koko Shanel
Chiqarilgan sana 1921-yil 5-may(1921-05-05)
Brend Chanel
Yaratuvchi(lar) Ernest Bo

Chanel No. 5 – fransuz modelyeri Gabrielle „Coco Chanel“ tomonidan 1921-yilda taqdim etilgan birinchi atir hisoblanadi. Uning hid formulasi fransuz-rus kimyogari va atirshunosi Ernest Beaux tomonidan yaratilgan. Atir flakoni dizayni ham mahsulot brendingining muhim qismi sanaladi. Coco Chanel 1937-yilda Harper’s Bazaar jurnalida chop etilgan reklamada ushbu atirning birinchi reklama yuzi boʻlgan.

Anʼanaviy ravishda ayollar ishlatadigan atirlar ikki asosiy toifaga boʻlingan edi. Hurmatli, obroʻli ayollar bitta bogʻ gulining iforini afzal koʻrgan boʻlsa, hayvon mushki yoki yosmin bilan toʻyingan, hissiy qoʻzgʻatuvchi indol atirlari yengil tabiatli ayollar bilan bogʻlangan[1].  Chanel esa flepperlarga yoqadigan va 1920-yillarning goʻyoki ozod boʻlgan ayollik ruhini tarannum etadigan yangi hid yaratishni maqsad qildi.

No. 5 nomining kelib chiqishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻn ikki yoshida Chanel rohibalarga topshirilgan va keyingi olti yilini Aubazine monastiridagi yetimxonada – XII asr sitseriyaliklari asos solgan, tartibli, qattiq intizomli muhitda – oʻtkazgan[2].  Fransiyaning janubi-gʻarbiy qismidagi Corrèze hududida joylashgan ushbu monastirda u besh raqami bilan juda erta, chuqur bogʻlanib qolgan. Chanel uchun besh raqami biror narsaning mohiyati, ruhi, mistik mazmunini ifodalovchi timsol sifatida qadrli edi. U har kuni ibodatga boradigan monastir yoʻlaklari ham beshliklar takrorlanadigan dumaloq shakllarda barpo etilgan edi.

Uning besh raqamiga boʻlgan moyilligi monastir bogʻlari bilan, undan kengroq maʼnoda esa atrofdagi Cistus gullariga toʻla yam-yashil tepaliklar bilan uygʻunlashgan.

1920-yilda Chanelga sinov uchun kichik shisha idishlarda 1 dan 5 gacha va 20 dan 24 gacha raqamlangan hid namunalarini taqdim etishgan. U beshinchi namunani tanlagan. Chanel yangi atir yaratish uchun yollagan bosh atirshunos Ernest Beauxga shunday degan edi:

"Men libos kolleksiyalarimni ham har yili beshinchi oy – mayning beshinchi kunida taqdim etaman. Shuning uchun bu besh raqamli namunaga oʻz nomini qoldiramiz. U omad keltiradi."

Shisha idish dizayni

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chanel oʻsha davrda urfda boʻlgan, Lalique va Baccarat mashhurlashtirgan murakkab, haddan tashqari bezatilgan kristall atir idishlariga teskari boʻlgan dizayn yaratmoqchi edi. Uning flakoni „mutlaq shaffoflik… koʻrinmaydigan idish“ boʻlishi kerak edi. Koʻpchilikning aytishicha, Chanel No. 5 flakoni dizayni Chanelning sevgilisi Arthur „Boy“ Capel yoqtirgan, charm qoplamali sayohat gʻilofida saqlanadigan Charvet atir flakonlarining toʻrtburchak, silliq yoʻnilgan chiziqlaridan ilhomlangan[3]. Ayrim manbalarda aytilishicha, Chanel Capel ishlatgan viski dekanterini ham mahliyo boʻlib kuzatgan va uni „nozik, qimmatbaho, nafis shisha“ koʻrinishida qayta yaratmoqchi boʻlgan. 

1922-yilda ishlab chiqarilgan ilk flakon bugungi Chanel No. 5 dizaynidan ancha farq qilgan. Asl flakonning mayin, yumaloq yelkachalari boʻlgan va u faqat Chanel butiklarida tanlangan mijozlarga sotilgan. 1924-yilda „Parfums Chanel“ kompaniyasi tashkil etilgach, bu shisha joʻnatma va tarqatish jarayonida sinuvchanligi sababli oʻzgartirildi. Flakonga toʻrtburchak, qirrali burchaklar berildi – bu uning dizaynidagi yagona muhim oʻzgarish edi.

1924-yilgi reklama bukletida Parfums Chanel flakon dizaynini shunday taʼriflagan: „Mahsulotning mukammalligi uni odatiy bezaklar bilan bezashga yoʻl qoʻymaydi. Nima uchun shishasoz sanʼatiga tayanish kerak? Mademuazel oddiy flakonlarni taqdim etishdan faxrlanadi – ularda faqat tengsiz sifatga ega, noyob tarkibli, yaratuvchisining ijodkor shaxsiyatini ochib beruvchi qimmatbaho atir tomchilari bor.“

Boshqa manbalar esa flakon shakli viski shishasidan ilhomlanganini, yana boshqalari esa farmatsevtik shisha idishlar taʼsir koʻrsatganini aytadi. Chanel oʻz atiri uchun idish tanlar ekan, u ortiqcha bezaklardan holi, sodda, hatto klinik koʻrinishdagi dizaynni xohlagan. Bu atir peshtaxtalaridagi dabdabali idishlardan butunlay ajralib turishi kerak edi[4].

1934-yilda sumkada olib yurish uchun moʻljallangan „pocket flacon“ taqdim etildi. Uning narxi va hajmi kamaytirilib, yanada keng mijozlar auditoriyasiga moʻljallandi.

  1. Mazzeo, Tilar J.. The Secret of Chanel No. 5: The Biography of a Scent. New York: HarperCollins, 2010. ISBN 978-0-06-179101-7. 
  2. Vaughan, Hal. Sleeping with the Enemy: Coco Chanel's Secret War. New York: Knopf, 2011. ISBN 978-0-307-59263-7. 
  3. Bollon, Patrice. Esprit d'époque: essai sur l'âme contemporaine et le conformisme naturel de nos sociétés (fr). Le Seuil, 2002 — 57-bet. ISBN 978-2-02-013367-8. „L'adaptation d'un flacon d'eau de toilette pour hommes datant de l'avant-guerre du chemisier Charvet“ 
  4. „Art in the Everyday: The Chanel No. 5 Bottle – Design*Sponge“. www.designsponge.com. 2021-yil 28-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 10-iyun.

Vikiomborda Chanel No. 5 mavzusiga oid fayllar bor