Chahormahol va Baxtiyoriy ustoni

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Chahormahol va Baxtiyoriy
forscha: چهارمحال و بختیاری / Chahârmahâl va Baxtiyâri
Uston
Maʼmuriy markazi Shahrekurd
Rasmiy tili forscha, lur, baxtiyoriy
Aholi 947 763
Millatlar tarkibi lurlar, forslar, baxtiyoriylar
Maydoni 16 332 km²
Xaritada
Chahormahol va Baxtiyoriy xaritada
Koordinatalari: 32°19′39″N 50°51′17″E / 32.32750°N 50.85472°E / 32.32750; 50.85472 G O

Chahormahol va Baxtiyoriy ustoni — Eron platosi va Zagros togʻ tizmasining markaziy qismida, gʻarbiy togʻlar va Isfahon ustoni orasida joylashgan uston. Ushbu uston shimol va sharqdan Isfahon ustoni, janubdan Koʻhgiluya va Buyir-Ahmad ustoni, gʻarbdan Luriston ustoni bilan chegaradosh. Bu uston 7 ta tuman, 18 ta baxsh, 38 ta qishloq va 27 ta shahardan iborat.

Chahormahol va Baxtiyoriy ustoni daryo sathidan yuqoriroq joylashgan boʻlib, togʻ va vodiylardan iborat. Uston vodiylarida keng va yashil dalalar va bogʻlar parvarish etiladi. Bu ustonda Chagʻoxur, Sugalon, Gandumon, Dehnuv kabi suv havzalari mavjud[1].

Diqqatga sazovor joylari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chahormahol va Baxtiyoriy ustonida Shayx Alixon sharsharasi, Kuhrang sharsharasi, Chol shutur qalʼasi kabi diqqatga sazovor joylar mavjud.

Koʻllari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Dehnuv koʻli, Chagʻoxur koʻli, Gandumon koʻli, Boz suv daryosi mavjud. Ulardan turli maqsadlarda foydajaniladi. Xususan, sugʻorish ishlarida yetarlicha foydalaniladi. Baʼzida aholi koʻngil ochar joy sifatida ham foydalanadilar.

Milliy bayramlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Baxtiyoriylar bayramdan oldin oʻz oʻtov va chodirlarining oʻrnini oʻzgartiradilar. Ular bu yangi joy uchun soʻlim, yashil oʻtloqzorli joylarni tanlashadi. Bayram kechasi oʻz oʻtov va chodirlarida qoladilar. Ammo bayramning ilk kuni bayramona maxsus kiyimlar, lur bosh kiyimlarini kiyib bir-birlarini ziyorat qiladilar. Baxtiyoriylar Navroʻz ayyomida oldin qora aza libosini yechib tashlash kerak, deb eʼtiqod qiladilar. Aks holda esa neʼmat va baraka qoʻldan ketishi mumkin, deb oʻylaydilar.

Toʻy marosimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Baxtiyoriylar, asosan, oʻzlaridan boshqa qabila bilan nikohlanmaydilar. Kamdan-kam hollarda baxtiyoriy erkaklar boshqa qabila ayolini nikohiga oladi va kamdan-kam holatlarda baxtiyoriy ayol boshqa qabilaga turmushga chiqadi. Ularning milliy raqslari oʻziga xos ahamiyatga ega boʻlib har biri oʻzining uzoq oʻtmishiga ega.

Musiqasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Musiqa sanʼati Baxtiyoriy qabilasi tarixining eng ajralmas qismi hisoblanadi. Baxtiyoriylar milliy musiqa maqomlari „bayt“ nomi bilan mashhur. Baxtiyoriylar cholgʻu asboblari sodda koʻrinishga ega. Masalan, karnay, duxul, gʻijjak.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Mostafaviy, Hamid. Tasvirlarda Eron bo'ylab sayohat, 2013, SOKHANVARAN PUB. — 255 bet. ISBN 978-600-9675-31-3.