Kontent qismiga oʻtish

Capitalism and Freedom

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Capitalism and Freedom
Muallif(lar) Milton Friedman
Bezovchi(lar) Steven Cheung
Muqova artist(lar)i Steven Cheung
Mamlakat Amerika Qoʻshma Shtatlari
Til inglizcha
Janr(lar)i Nobadiiy adabiyot
Nashr etilgan sanasi 1962
Nashriyot Chikago universiteti nashriyoti
Sahifalar soni 202 (40-yubiley nashr)
ISBN 0-226-26421-1
OCLC 49672469
Kitob liberal jamiyatdagi iqtisodiy kapitalizmning rolini muhokama qiladi.

Capitalism and Freedom (tarjimasi „Kapitalizm va erkinlik“) – iqtisodchi Milton Friedman tomonidan yozilgan kitob boʻlib, dastlab 1962-yilda Chikago universiteti nashriyoti tomonidan nashr etilgan. Kitob liberal jamiyatdagi iqtisodiy kapitalizmning rolini muhokama qiladi. 1962-yildan buyon u yarim milliondan ortiq nusxada sotilgan va oʻn sakkizta tilga tarjima qilingan[1].

Friedman siyosiy erkinlik uchun iqtisodiy erkinlikni zaruriy shart deb hisoblaydi. U „liberal“ tushunchasini Yevropa Maʼrifat davri nuqtai nazaridan taʼriflab, uni Buyuk depressiyadan keyin buzib talqin qilingan amerikancha qoʻllanishi bilan solishtiradi.

Kitobda erkin bozorni falsafiy hamda amaliy sabablarga koʻra targʻib qilish mumkin boʻlgan bir necha sohalar koʻrsatiladi. Boshqa gʻoyalar qatori, Friedman shifokorlar uchun majburiy litsenziyalashni bekor qilish va maktab taʼlimida vaucherlar tizimini joriy etishni ilgari suradi.

Tarixiy sharoit

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Capitalism and Freedom Ikkinchi jahon urushidan qariyb yigirma yil oʻtib, Buyuk depressiya hali kollektiv xotirada saqlanib turgan davrda nashr etilgan. Kennedy va undan oldingi Eisenhower maʼmuriyatlari davrida federal xarajatlar milliy mudofaa, ijtimoiy taʼminot va infratuzilma sohalarida tez sur’atlar bilan ortib borardi. Ikki yirik partiya – Demokratlar va Respublikachilar – bu xarajatlarning koʻpayishini turlicha yoʻllar bilan qoʻllab-quvvatlardi. Bu jarayon, shuningdek „Yangi kurs“ islohoti ham, koʻpchilik ziyolilar tomonidan Keynschilik asosida oqlangan edi. Capitalism and Freedom esa raqobatbardosh kapitalizm iqtisodiy erkinlikka erishishga qanday yordam berishi mumkinligini ilgari suradi[2].

Kitobga ilhom manbai sifatida Friedmanning 1956-yil iyunida Wabash kollejida oʻqigan maʼruzalari xizmat qilgan[3].

Boblar mazmuni

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kirish
Friedman tipik liberal inson tamoyillarini bayon qiladi: davlat hokimiyati cheklangan va tarqoq boʻlishi kerak. U „liberal“ atamasini amerikancha talqindan koʻra kontinental Yevropa talqiniga yaqinroq maʼnoda ishlatadi.
I. Iqtisodiy erkinlik va siyosiy erkinlik oʻrtasidagi munosabat
Iqtisodiy erkinlik nafaqat zaruriy erkinlik, balki siyosiy erkinlik uchun muhim vositadir. Ishlab chiqarish vositalari hukumat qoʻlida boʻlsa, haqiqiy norozilik va fikrlar almashinuvi deyarli imkonsiz boʻladi. Iqtisodiy erkinlik ozchiliklarni kamsitilishdan ham himoya qiladi, chunki bozor ularning qarashlari yoki rangiga befarq[4].
II. Erkin jamiyatda hukumatning roli
Liberal jamiyat hukumatining vazifasi – qonun ustuvorligini taʼminlash, mulk huquqlarini himoya qilish, ayrim texnik monopoliyalarga qarshi chora koʻrish va salbiy „qoʻshnichilik taʼsiri“ni kamaytirishdir. Pul ustidan nazorat ham hukumat qoʻlida boʻlishi lozim.
III. Pul ustidan nazorat
Amerikadagi pul tizimining evolyutsiyasi muhokama qilinadi. 1913-yilgi Federal rezerv to‘g‘risidagi qonundan soʻng ham Federal rezerv koʻplab hollarda barqarorlashtiruvchi vazifasini bajarmagan. Friedmanning taklifiga koʻra, Federal zaxira pul massasini yiliga 3–5% darajasida muntazam oshirish qoidasi asosida ishlashi kerak.
IV. Xalqaro moliya va savdo tartiblari
Bretton Woods tizimi tugatilishi va oʻzgaruvchi valyuta kurslari tizimiga oʻtilishi kerak. Barcha valyuta nazoratlari va savdo toʻsiqlari, jumladan „ixtiyoriy“ eksport kvotalari ham bekor qilinishi lozim.
V. Fiskal siyosat
Hukumatning iqtisodiyotni barqarorlashtirish uchun uzluksiz xarajatlarini Friedman tanqid qiladi. Aksincha, hukumat xarajatlari iqtisodiyotni beqaror qiladi. U oʻz tadqiqotlari asosida, hukumat xarajatlari oshganda YAIM ham deyarli shu miqdorda oshishini koʻrsatadi, bu esa Keynschilik multiplikatsion nazariyasi bilan zid keladi.
VI. Taʼlimda hukumatning roli
Muallif vaucher tizimini ilgari suradi: oʻquvchilar vaucherlardan foydalanib, oʻzlari xohlagan maktabda oʻqishlari kerak. Texnik va professional taʼlimga yetarli sarmoya kiritilmagan, biroq hukumatning bepul texnik taʼlim berishi notoʻgʻri boʻladi. Muallif davlat va xususiy sektor uchun bir qator yechimlarni taklif qiladi.
VII. Kapitalizm va diskriminatsiya
Kapitalistik jamiyatda kamsitish qimmatga tushadi va bozorning shaxsiyatsiz tabiati tufayli uni amalga oshirish qiyin. Hukumat selektiv ishga qabul qilish qonunlarini qabul qilmasligi kerak, chunki bu ish beruvchining erkin tanlovini cheklaydi.
VIII. Monopoliya, biznes hamda mehnatning ijtimoiy mas’uliyati
Monopoliyaning uch shakli mavjud: davlat monopoliyasi, xususiy monopoliya yoki davlat tomonidan tartibga solish. Ularning birortasi ham afzal emas. Monopoliya koʻpincha hukumat aralashuvining mahsuli boʻladi va imkon qadar toʻxtatilishi kerak. „Ijtimoiy mas’uliyat“ doktrinasi esa kapitalizmga zid boʻlib, oxir-oqibat totalitarizmga olib borishi mumkin.
IX. Kasbiy litsenziyalash
Friedman davlat litsenziyalariga qarshi. Litsenziyalash koʻpincha raqobatchilarni cheklash uchun ishlatiladi. Shifokorlarni litsenziyalash uchun liberal asos yoʻq; bu pastroq sifatli tibbiy xizmat va kartelga olib keladi.
X. Daromadlarni taqsimlash
Progressiv soliq tizimi adolat uchun joriy etilgan boʻlsa-da, amalda boylar turli huquqiy boʻshliqlardan foydalanib, uni aylanib oʻtishadi. Shuning uchun muallif hech qanday chegirmalarsiz yagona soliq stavkasini taklif qiladi.
XI. Ijtimoiy taʼminot choralari
Koʻplab ijtimoiy taʼminot dasturlari kambagʻallarga kutilgan darajada yordam bermaydi. Ijtimoiy himoya tizimi juda katta va adolatsiz deb baholanadi.
XII. Qashshoqlikni kamaytirish
Friedman ijtimoiy taʼminot dasturlarini samarasiz deydi. Ularning oʻrniga muallif salbiy daromad soligʻini taklif qiladi – bu hamma uchun minimal daromadni kafolatlaydi.
XIII. Xulosa
Hukumat aralashuvi koʻpincha niyat qilinganidan qarama-qarshi natija beradi. AQShdagi va dunyodagi yaxshi natijalar koʻpincha erkin bozor orqali keladi, hukumat esa imkon qadar chetda qolishi kerak.

Capitalism and Freedom siyosiy iqtisodiyotga katta taʼsir koʻrsatdi. Baʼzi gʻoyalari amaliyotda joriy etildi: Estoniya (1994) va Slovakiyada (2004) yagona soliq, Chili (1981) va Shvetsiyada (1992) maktab vaucher tizimi, Bretton Woods tizimining oʻrnini bosgan oʻzgaruvchi valyuta kurslari[5]. Ammo boshqa gʻoyalari, masalan litsenziyalashni bekor qilish yoki korporativ soliqni tugatish, deyarli koʻrib chiqilmadi. Erkin savdo masalasida ham siyosatchilar tez-tez gapirsalar-da, Friedmanning barcha tariflarni 10 yil ichida bosqichma-bosqich bekor qilish gʻoyasi amaliyotda deyarli muhokama qilinmagan. Shunday boʻlsa-da, u ilgari faqat iqtisodchilar orasida maʼlum boʻlgan koʻplab gʻoyalarni ommalashtirdi. Shu va boshqa asarlari tufayli Friedman keng jamoatchilikka tanildi. The Times Literary Supplement uni „urushdan keyin nashr etilgan eng taʼsirli kitoblardan biri“ deb atadi.

Capitalism and Freedom Amerikadagi libertarian falsafa harakatiga ham katta taʼsir koʻrsatdi. Iqtisodiy va shaxsiy erkinlik haqidagi qarashlari libertarian partiyalar gʻoyalari bilan uygʻunlashdi[6].

Kitob Intercollegiate Studies Institute tomonidan tuzilgan „XX asrning eng yaxshi 50 ta kitobi“ roʻyxatiga kiritilgan. National Review tuzgan „XX asrning eng yaxshi 100 ta nobadiiy kitobi“ roʻyxatida oʻninchi oʻrinni egallagan. 2011-yilda esa Time jurnalining 1923-yildan beri ingliz tilida yozilgan eng yaxshi 100 ta nobadiiy kitoblari roʻyxatiga kiritilgan.

  1. 1992 edition preface of Capitalism and freedom, p. xi of the 2002 edition
  2. Capitalism and Freedom. Qaraldi: 2017-yil 4-fevral. 
  3. Hewitt, Howard „Economist Friedman Cited Wabash Lectures in Famous Text“ (en). Wabash College (2006-yil 16-noyabr). Qaraldi: 2020-yil 29-oktyabr.
  4. Milton, Friedman. Capitalism and Freedom. University of Chicago Press, 1992 — 21-bet. ISBN 0-226-26421-1. „their views or color“ 
  5. Martin Carnoy (August 1998). "National Voucher Plans in Chile and Sweden: Did Privatization Reforms Make for Better Education?". Comparative Education Review 42 (3): 309–37. doi:10.1086/447510. https://archive.org/details/sim_comparative-education-review_1998-08_42_3/page/308. 
  6. Boettke, Peter „From Capitalism and Freedom to Free to Choose – Milton Friedman's defense of liberalism – Bleeding Heart Libertarians“. Bleeding Heart Libertarians (2012-yil 27-fevral). Qaraldi: 2017-yil 31-yanvar.