Buxoroi Sharif ordeni
Buxoroi Sharif ordeni | ||
---|---|---|
| ||
Asl nomi | Nishoni Buxoroi Sharif | |
Mamlakat | Buxoro amirligi | |
Turi | Orden | |
Kimga topshiriladi | Buxoro amirligining amaldorlari va rus mansabdorlariga | |
Kim tomonidan topshiriladi | Buxoro amiri | |
Holati | Taqdirlanmaydi | |
Statistika | ||
Taʼsis sanasi | 1881-yil | |
Birinchi taqdirlash | 1881-yil | |
Oxirgi taqdirlash | 1920-yil | |
Navbat | ||
Toʻngʻich mukofot | Buxoro davlati Toji ordeni | |
Kenja mukofot | Iskandar Salis ordeni |
Buxoroi Sharif ordeni (Buxoro oltin yulduzi, Nishoni Buxoroi Sharif) 1881-yil amir Muzaffar tomonidan taʼsis etilgan[1]. Ordenning asosi sifatida yulduz tanlangan.
Orden tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Buxoro amirligi hukmdori kelib chiqishi mangʻitlardan boʻlgan amir Muzaffar hukmronligi davrida birinchi orden paydo boʻldi. Orden amirlikda „nishon“ deb atalgan va rus falerist olimlarining fikricha, ular Rossiya imperiyasi ordenlari namunasi asosida tayyorlangan[2]. Amirlik qo‘shini asosini forsiy sarbozlar tashkil etgani uchun, Eronning “Sher va Quyosh” ordeni ham amirlikning ilk nishonini yaratishga asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin, sababi bu ikki mukofot o'rtasida o‘xshashlik mavjud.
1881-yilda amir faqat yulduzi boʻlgan „Buxoroi Sharif“ ordenini taʼsis etadi. Yozma manbalarda „Buxoroi Sharif“ ordeni ko‘proq „yulduz“ (baʼzan „Buxoroning ko‘tarilayotgan yulduzi“ ordeni) nomi bilan yuritilgan. Ordenda arab alifbosidagi „Poytaxt Buxoroi Sharif nishoni“ va amir hukmronligi boshlangan sana ko‘rsatilgan yozuv bo‘lgan. Dastlab orden bilan Rossiya imperatori Aleksandr II, keyinroq Nikolay II taqdirlanadi. Birinchi boʻlib bu orden bilan taqdirlangan imperator Aleksandr II buning evaziga amir Muzaffarni 1-darajali Muqaddas Anna ordeni bilan taqdirlagan[3].
Ordenni zarb qilish Buxoro Arki zarbxonasida bajarilgani uchun, dastlabki yillarda juda kamchilik kishi ushbu nishon bilan taqdirlangan. 1882-yilda Turkiston general-gubernatori M.Chernyayev Buxoro amirligida telegraf qurish masalasida knyaz Vitgenshteyn boshchiligidagi rus elchilik guruhini yuboradi. Shahrisabz yaqinidagi O‘rtaqo‘rg‘onda elchilar oldida to‘pchiboshi boshchiligida sarbozlar saf tortishgan. Elchilar sarbozlarning ayrimlari Eronning “Sher va Quyosh” va yangi “Buxoroyi Sharif” ordenlarini taqib olishganiga guvoh bo‘lishgan[4].
Amir Muzaffar mazkur ordenni dastlabki yillarda nasroniylarga deyarli bermagan bo‘lsada, 1883-yilda O‘rta Osiyo san’ati namunalarining kolleksioneri, sayyoh Genri Moserni “Buxoroyi Sharif” ordenining 2-darajasi bilan taqdirlaydi. Taqdirlash haqidagi farmon va orden yulduzi hozirda Berndagi tarix muzeyida saqlanmoqda[5].
1885-yilda taxtga o‘tirgan amir Abdulahadxon davrida orden mahalliy amaldorlarga ham, Rossiya maʼmuriyati vakillariga ham topshirilgan. Rossiyada „Buxoroi Sharif“ ordeni 1893-yildan boshlab, yaʼni Buxoro amiri Sankt-Peterburgga qilgan qariyb uch oylik sayohatidan keyingina shuhrat qozondi[1]. Sababi amir turli xil shaxslarga — imperator oilasi aʼzolari tortib, gazeta va jurnallar muxbirlarini 150 dan ortiq „Buxoroi Sharif“ ordeni bilan taqdirlaydi. Taqdirlanishdan hatto Moskvada amir uchun shaxsiy hammom tashkil etgan kishilar ham quruq qolmaydi. Yurtiga qaytgan amir o‘z qo‘l ostidagilarni bu orden bilan ko‘proq taqdirlay boshladi: Buxoroda amirligi barham topgunga qadar „Buxoroi Sharif“ ordeni bilan taqdirlanmagan bironta ham boy, amaldor yoki harbiyni uchratish amrimahol edi[1]. Qolaversa, orden ruslarga keng tarqala boshladi: uni Buxoroga kelgan har qanday rus harbiysi yoki amaldor olishi mumkin bo‘lgan. „Buxoroi Sharif“ ordenini Buxoro bilan savdo qiluvchi savdogarlar ham olgan, buning uchun esa Buxoro amirligining orden bilan taqdirlash bo‘yicha shug‘ullanuvchi amaldoriga kamtarona nazr (pora, sovg‘a-salom) qilishi kifoya edi[1].
1920-yilga kelib buxorolik amaldor va harbiylarning ko‘pchiligi bu orden bilan taqdirlangan.
Ordenning darajalari va taqish qoidalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]„Buxoroi Sharif“ ordeni 8 darajaga ega bo‘lgan: uchta oltin, uchta kumush va ikkita oliy sifatdagi brilliantlar bilan bezalgan oltin yulduz va olmoslar bilan bezalgan oltin yulduz. Har bir darajadagi ordenlar markaziy medaloni o‘lchami va unga o‘rnatilgan bezaklar bilan farqlangan. Baʼzan medalonning faqat o‘rtasi zarhal qilingan, yulduzning nurlari esa kumushdan bo‘lgan. Belgining shakli (kamida birinchi olti daraja) Muqaddas Stanislav (yoki Muqaddas Anna) ordeni yulduzidan o‘zlashtirilgan[6]. Aynan shuning uchun ham „Buxoroi Sharif“ ordeni tasmali bo‘lmagan, chunki ruslar o‘z ordenlarini bo‘yinga emas, ko‘ksiga taqib yurishgan[1].
Taqdirlanganlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Abdulahadxon davrida 1-darajali “Buxoroyi Sharif”ning brilliantli nishoni bilan podsho Aleksandr III, buyuk knyazlar Leyxtenbergskiy, Mixail Nikolayevich va Pavel Aleksandrovich Romanovlar taqdirlangan. Shuningdek, olmosli tilla yulduz bilan: Rossiya imperiyasining so‘nggi harbiy vaziri general M.A. Belyayev (05.05.1910), harbiy vazir general P.S. Vannovskiy (16.05.1889), vazirlar kengashi raisi graf S.Y. Vitte (1893), ichki ishlar vaziri I.N. Durnov (26.05.1893), Kaspiyorti viloyati gubernatori general A.N. Kuropatkin (14.01.1892), tashqi ishlar vaziri V.N. Lamzdorf (16.04.1893) taqdirlangan. I darajali tilla yulduz bilan: sayohatchi P.P. Semyonov-Tyanshanskiy, savdo va sanoat vaziri S.I.Timashev (4.01.1902), harbiy vazir general A.A.Polivanov (12.04.1902) taqdirlangan.
1902-yilda mashhur rus opera kuychisi F.Shalyapin ham “Buxoroyi sharif” ordeniga munosib ko‘rilgan. Amir Abdulahad Sankt-Peterburgga 1902-yilgi sayohati davomida 12-22-fevral kunlari Shalyapin spektakllarini tamosha qiladi. Orden bilan taqdirlash haqidagi 1902-yil 14-martida Turkiston general-gubernatorining Yaltadagi idorasi tomonidan tasdiqlagan farmon (arab va rus tillarida) da shunday qayd etiladi: “Buxoroyi Sharif amiri farmoni. Biz artist Shalyapinni xuzurimizga o‘z ko‘ksini Oltin yulduz ordenining uchinchi darajasi bilan bezatib, Buxoro va qudratli Rossiya imperator hukumatini bog‘lab turuvchi do‘stlik va totuvlik aloqalari, xalqlarning farovon va osoyishtaligiga xayrixoh bo‘lib turishi uchun mukofotladik. Amir Said Abdulahad, 1303 yil”. Bu farmon F.I.Shalyapinga 1902-yil 18-sentabr sanasida Moskvadagi imperator teatrlari idorasida topshirilgan[7]. Orden bilan quyidagi shaxslar ham taqdirlangan:
- Lev Semyonovich Barshchevskiy
- Ismoilbek Gasprinskiy III darajali „Buxoroi Sharif“ ordeni bilan taqdirlangan.
- Tavr gubernasi gubernatori Vasiliy Vasilyevich Novitskiy I darajali „Buxoroi Sharif“ ordeni bilan taqdirlangan (1911)[8].
- Nikolay Nikolaevich Obruchev — rus harbiy rahbari, general-adyutant, piyoda qo‘shin generali, Peterburg Fanlar akademiyasining faxriy aʼzosi, Bosh shtab boshligʻi (1881-1897), Bosh shtabning Nikolayev akademiyasi professori, yozuvchi. 1889 yilda orden bilan taqdirlangan[9].
- Aleksandr Petrovich Oldenburgskiy
- Dmitriy Ivanovich Yavornitskiy 1894-yilda „Arxeologik va tarixiy munosabatlar nuqtai nazaridan Oʻrta Osiyo bo‘ylab Bokudan Toshkentgacha yoʻl ko‘rsatkich“ asari uchun taqdirlangan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 „100 великих наград“ (Rus tilida). 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „Знаки отличия Бухарского эмирата“ (rus tilida) (2010-yil 10-oktyabr). 2019-yil 3-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ „Ордена и медали Бухарского Эмирата“ (deadlink). 2014-yil 27-iyulda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ Крестовский В. Въ гостяхъ у Эмира Бухарскаго. Съ тремя портретами. –Санк-Петербургъ: А. С. Суворина, 1887. – С. 114.
- ↑ Andreas Tammann. Die orden von Buchara. // Orden und Ehrenzeichen 10. Jg., Nr. 54 (April 2008). -P. 62.
- ↑ Abdufarrux Mirzoirov. „НАГРАДЫ БЛАГОРОДНОЙ БУХАРЫ“. 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.
- ↑ Музалевский М. Бухара под Российской короной и ее награды. - Москва: РИЦ “Кавалеръ”, 2006. - С. 14, 17, 18.
- ↑ „Задерейчук И. П. Василий Васильевич Новицкий – на службе России“. 2020-yil 15-fevralda asl nusxadan arxivlangan.
- ↑ „Обручев Николай Николаевич : Министерство обороны Российской Федерации“. encyclopedia.mil.ru. 2022-yil 25-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 25-iyul.