Buxorodagi vakolatxonalar

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Buxorodagi vakolatxonalar — Buxoro amirligida rus hukumati va sarmoyadorlari manfaatlarini himoya qilishga xizmat qilgan muassasalar. Rossiya 1866—68 yillardagi bosqinchilik urushlari natijasida amirlikning talay yerlarini bosib oldi. 1868 va 1873-yillardagi shartnomalar natijasida amirlik Rossiyaga qaram mamlakatga aylantirildi. BuxoroRossiya siyosiy, iqtisodiy munosabatlari jonlanib ketganligi, bu munosabatlarda Rossiya manfaatlarini himoya qilish maqsadida oq podsho Aleksandr III ning 1885-yil 12-noyabrdagi farmoni bilan 1886-yil 1-yanvar dan boshlab Buxoroda "Rossiya imperatorligining siyosiy agentligi" — vakolatxonasi taʼsis etildi. 1903-yil 6-mayda podsho Nikolay II vakolatxona huquqlarini kengaytirdi. Mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishga xizmat qilgan bu muassasaga barcha siyosiyiqtisodiy, harbiy masalalar yuzasidan amir hukumati bilan munosabatda boʻlish, amir va uning vazirlari ustidan nazorat oʻrnatish, Zarafshon daryosining suv taqsimoti bilan shugʻullanish, BuxoroAfgʻoniston chegaralarini kuzatib turish, Buxorodagi rus qarorgohlarida gazetalar va teatr pyesalari ustidan nazorat oʻrnatish huquqlari berildi. Siyosiy agent chor Rossiyasining rasmiy doimiy vakili boʻlib, Peterburg va Toshkentning Buxoro hukumati bilan qiladigan hamma aloqalari shu agent orqali oʻtar edi. Siyosiy agent, shuningdek Buxoro amirligini oʻzining ichki bozoriga aylantirishga intilgan rus sarmoyadorlari manfaatlarini koʻzlab bojxona tizimi, sanoat, temir yoʻl, pochtatelegraf ishlarini toʻla oʻz nazoratiga oldi. 20-asr boshlariga kelib amirlik hududida paxta, qorakoʻl teri sotiladigan bozorlar joyini belgilash kabi amirlikning mutlaqo ichki ishi hisoblangan masalalarga ham aralasha boshladi. 1917-yil Rossiyadagi Fev. inqilobidan soʻng agentlik nomi oʻzgartirilib — Rossiya vakolatxonasiga aylantirildi. Rus qarorgohlarida shoʻro hokimiyati oʻrnatilgach, Turkiston oʻlkasi XKS ning Buxoro ishlari boʻyicha Kollegiyasi taʼsis etildi (1917-yil dekabr). Turkiston ASSR tashkil topgach (1918-yil 30-aprel), Turkiston oʻlkasining Buxoro ishlari boʻyicha komissari tayinlandi. 1920-yil Buxoro xonligi tugatilgach, BXSR hukumati qoshida RSFSR hukumatining muxtor vakiliga aylantirildi. Salkam 40 yil davomida turli shakl va nomlarda faoliyat koʻrsatgan bu muassasa faqat mustamlakachilik siyosatini amalga oshirishga xizmat qildi.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Tuxtametov T. G., Russkobuharskiye otnosheniya v konse 19 — nachale 20 vv., T., 1966; Istoki drujbi, Dushanbe, 1987; Gafurov A., Iz istorii osnovaniya i razvitiya goroda Kagana i yego roli v russkobuharskix otnosheniyax, Buhara, 1989