Buxoro qalʼa devorlari va darvozalari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Buxoro qal’asidan yoʻnaltirildi)

Buxoro qalʼasi devorlari — Buxoro shahrini tashqi hujumlardan saqlash va himoya qilish maqsadida qurilgan mudofaa devorlari (milodiy VI asrning 2-yarmi — XVI asr).

Tarixi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Buxoro shahristoni tarixan toʻrt qismga boʻlingan boʻlib, bugungi kunda relyefi jihatidan alohida ajralib turadi. U zich qurilgan, atrofi xandaq va mustahkam devorlar bilan oʻralgan boʻlgan. Ulardan baʼzilarining nomlari vaqt oʻtishi bilan oʻzgargan. Janub devorida Moh (Bozor, Madina, Shahriston, Attoron) darvozalari, qoʻrgʻonga qaragan gʻarbiy devorda toʻrtta darvoza boʻlgan: Banu Sad (yoki Sadabad), Banu Asad, Koʻhandiz, Xak-rah (yoki Xufre); shimoliy devorda — Nur (X asr oʻrtalaridan — Mansur darvozasi), sharqiy devorda — Samarqand darvozalari.

Talipoch darvozasi

Buxoroning ilk qalʼa devori VI asr 2-yarmida El Arslon tomonidan bunyod etilgan Ark devori boʻlgan. Keyinchalik, VIII—XIII-asr boshlarida shahar kengayishi natijasida qalʼa devorlari bir necha bor qayta qurilgan.

IX asr oʻrtalarida Tohiriylar hukmronligi davrida (820—873) Buxoro atrofida tashqi devor qurilgan. Uning chegaralari ichida: qal’a, shahriston, Moh bozori, namozgoh va uning shimolidagi qabriston, Koʻshki Mugʻon, Buxorxudot avlodlari va aholi yashaydigan hududning chekka qismidagi shaharliklar yerlari boʻlgan. Ushbu devorlar ichida shaharning umumiy maydoni 700 gektardan ortiq edi.

Keyinchalik Shahriston shaxri darun („ichki shahar“) yoki Madina, tashqi devor ichidagi bu qismlardan tashqari hudud — shahri birun („tashqi shahar“) yoki rabod (shaharning tashqi devoriga 11 darvoza oʻrnatilgan) nomi bilan mashhur boʻlgan.

Shahar devorlari Qoraxoniylar va Muhammad Xorazmshoh davrida mustahkamlangan. 1220-yil Chingizxon Buxoroni zabt etgan paytida uning mudofaa devorlarini buzib tashlagan, keyinroq tiklangan va temuriylar Ulugʻbek va Ibrohim Sulton tomonidan mustahkamlangan. Abdullaxon II davriga kelib shahar devorlarining hozirgi shakli paydo boʻlgan.

Oʻzbek hukmdori Abdulazizxon davrida 1540—1549-yillarda yangi devorlar qurildi. Abdullaxon II davrida, XVI asrning ikkinchi yarmida Joʻybor shayxlarining erlari shahar chegaralariga kiritildi, keyinchalik shahar maydoni 500 gektarga etdi. XVI asr oxiri — XX asrning boshlarida Buxoro shahrining umumiy uzunligi 12 kilometr boʻlgan devorida 116 dumaloq yarim minoralar va 11 juft minoralar qalʼa eshiklarini miltillatib turardi. Devor gʻishtli paxsa bloklaridan qurilgan.

XIX asrda shahar qalʼasi devorining umumiy uzunligi 12 kilometr, balandligi 10 metr, asosining qalinligi 5 metrni tashkil etgan. Devorning yuqori qismida kengligi 2 metrga teng oʻtish joylari boʻlib, ulardan devor orqali mudofaa qurollari olib oʻtish uchun foydalanganlar. 116 ta kichik minorachalar va 11 ta 2 minorali darvozadan iborat qalʼa devorining ayrim yerlarida oʻq otish uchun moʻljallangan joylar mavjud boʻlib, devorning yuqori qismi oʻtkir uchlardan (dandonadan) iborat qilib yasalgan. 1920-yil sentabrda qizil qoʻshinlarning Buxoroga bosqini (qarang Buxoro bosqini) oqibatida qalʼa devorlariga zarar yetkazilgan. Keyingi davrda shaharning kengayishi natijasida qalʼa devorlari shaharning bir qismida saqlanib qolgan. Eski qalʼa devorlari buzilib, uning oʻrniga yangi inshootlar barpo etilgan. Hozirgi kunda qalʼa devorining saqlanib qolgan qismi shaharning qadimiy tarixidan dalolat berib turadi.

Buxoro darvozalari[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qarshi darvozasi

1. Qorakoʻl darvozasi — Qorakoʻl darvozasi Shayboniy hukmdor Abdullaxon II tomonidan 1558—1575-yillar oraligʻida bunyod etilgan[1]. Shayboniy hukmdorlar qurilishning oʻziga xos qoidalariga qatʼiy amal qilish, bular — qurilishning puxta oʻrganilgan rejasi, joyning aniq va toʻgʻri tanlanishi, isrofgarchilikka yoʻl qoʻymaslik, shoshma — shosharlik qilmaslik, turli xil inshootlar, shu jumladan, mudofaa devori yonida moʻtadil iqlimni yaratuvchi kanallar, ariqlar, bogʻlar, hovuzlarning joylashishiga asosiy eʼtiborni qaratganlar. Ushbu darvoza Buyuk ipak yoʻli savdo tarmogʻida muhim oʻrin tutgan. Qorakoʻl darvozasi ichkarisida bozor mavjud boʻlib, to Havzi Navdan, Volidai Azizxongacha davom etgan. Darvoza Buxoro shaharning gʻarbiy qismida joylashgan. Ushbu darvoza orali Qorako‘lga borilgan[2]. Buxoroliklar ushbu darvoza orqali haj ziyoratiga yoʻl olishgan. Shu sababli darvoza „Haj darvozasi“ deb nomlashgan. Qorakoʻl darvozasi 1920-yilgi qizil armiya hujumidan omon qolgan.

2. Talipoch darvozasi — Talipoch darvozasi 1557—1598-yillarda Shayboniy hukmdor Abdullaxon II davrida bunyod etilgan. Buxoroning gʻarbiy qismida yangi xiyobon barpo ettirgan hukmdor katta tepalik yaqinida bu darvozani qurdirgan[3].

3. Salloxona darvozasi — Salloxona darvozasi „Mir-Mas’ud“ darvozasi deb ham ataladi[4]. Salloxona darvozasi Shayboniy hukmdor Abdulazizxon tomonidan 1540—1549-yillarda qadimiy devor bilan birga qurilgan[3].

4. Samarqand darvozasi — Samarqand darvozasi Buxoro shaharining shimoli-sharqiy tomonida joylashgan boʻlib, ushbu darvoza orqali Samarqandga borilgan. Darvoza shayboniy hukmdor Abdulazizxon tomonidan qurdirilgan boʻlib, 1557—1560-yillarda Abdullaxon II tomonidan qayta taʼmirlangan[3].

5. Hazrati Imom darvozasi — Hazrati Imom darvozasi VIII asrga qadar Darvozayi Nav (Yangi darvoza) deb nomlangan. Keyinchalik buxorolik mashhur avliyo va ulamo Abu Hafs Kabir Buxoriy (767—832) sharafiga Darvozayi Imom deb atalgan.

6. Shayx jalol darvozasi — Shayx jalol darvozasi XVI asrda Shayboniy hukmdor Abdulazizxon davrida qayta bunyod etilgan. Darvoza Buxoroning janub tomonida joylashgan.

7. Qarshi darvozasi — XVI asrda shayboniylar humkronligi davrida Buxoro shahrida qurilgan, hozirgi vaqtda saqlanib qolinmagan mudofaa darvozasi [5].

8. Mozori Sharif darvozasi — Mozori Sharif darvozasi Shayboniy hukmdor Abdullaxon II Buxoro shahrini kengaytirishi natijasida Bahouddin ziyoratgohiga boradigan yoʻl ustida bunyod etilgan.

9. Namozgoh darvozasi — Namozgoh darvozasi „Eydgoh darvozasi“ deb ham nomlanadi. Darvoza iyd namozlari oʻqiladigan paytda xalq yigʻilib, Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim qoraxoniy tomonidan barpo qilingan Namozgoh masjidiga boradigan darvoza hisoblanadi. Namozgoh darvozasi qurilgan yili maʼlum boʻlmay, Shayboniy hukmdor Abdulazizxon tomonidan 1540—1550-yillarda qayta taʼmirlangan.

9. Shergiron darvozasi — Shergiron darvozasi Shayboniy hukmdor Abdullaxon II davrida bunyod etilgan. Shergiron darvozasi Shirgaron darvozasi deb ham atalgan. Chashmayi Ayub va Xiyobon dahalariga shu darvozadan kirilgan.

10. Oʻgʻlon darvozasi — Buxoro shahrida joylashgan. Oʻgʻlon darvozasi oldida Gazli, Romitan Xorazm tomonga boradigan katta yoʻl oʻtgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Сухарева О.А. К истории городов Бухарского ханства (историко-этнографические очерки). Ташкент: Изд-во академии наук Узбекской ССР, 1958 — 145 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. 3,0 3,1 3,2 Сухарева О.А. К истории городов Бухарского ханства (историко-этнографические очерки). Ташкент: Изд-во академии наук Узбекской ССР, 1958 — 145 bet. 
  4. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  5. „Vorota Karshi (ili Kavola)“ (rus tilida). rusrav.uz (2018-yil 9-dekabr). 2022-yil 21-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2023-yil 24-iyul.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
  • Istoriya Buhari, T., 1976;
  • Rempel L. I., Dalekoye i blizkoye, T., 1982;
  • Narshaxiy, Buxoro tarixi, T., 1966.