Buxoro Amirligi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Buxoro Amirligi
Flag of None.svg
1785 — 1920


Flag of the Bukharan People's Soviet Republic.svg
Flag of the Emirate of Bukhara.svg
Bayroq
Bukhara1850.png
1850-yildagi Buxoro xonligi
Poytaxti Buxoro
Til(lar)i O'zbek
Fors
Dini Islom
Aholisi o'zbeklar, tojiklar
Boshqaruv shakli mutlaq monarxiya
Sulola Mangʻitlar
amir
 - 1785—1800 Amir Shohmurod
 - 1911—1920 Said Alim
Meros boʻlib oʻtishi
Buxoro xonligi
Buxoro Sovet Xalq Respublikasi

Buxoro amirligi — Buxoro xonliginnt 1753 y.dan keyingi nomi; ashtarxoniylar o‘rniga kelgan mang‘itlar sulolasi vakillari o‘zlarini amir deb atashgan. Shunga ko‘ra, davlat B.a. deb atala boshlangan. 1920 y. Buxoro boskini natijasida tugatilgan.

1758-yil Rahimbiy vafotidan soʻng mangʻitlar amirlik taxtiga uning amakisi Miyonkoʻl hokimi Doniyorbiy (1758-1785-yy.) nomzodini surishadi. Lekin u qatʼiy markaziy hokimiyatni saqlab qololmadi. Mangʻitlarning tarafdorlari va gʻanimlari oʻrtasidagi oʻzaro janjallar, joylardagi hokimlarning mustaqillikka boʻlgan intilishlari oʻn yillarga choʻzilib ketdi. 1784-yili Doniyorbiyning boʻshligidan norozi boʻlgan Buxoro ahli qoʻzgʻolon koʻtardi va amir hokimiyatni oʻgʻli Shohmurodga (1785-1800-yy.) topshirdi. Shohmurod yangiliklarni Arkda saroy ahli guvohligida ikkita yirik amaldor - Davlat qushbegi va Nizomiddin qozikalonni qatl etishdan boshladi. Shundan soʻng Shohmurod Buxoro ahliga ularni bir necha soliqdan ozod etuvchi imtiyozli hujjatni tantanali tarzda topshirdi. Hujjatning matni tosh lavhada kesilgan boʻlib, u katta jomeʼ masjidining ayvoniga oʻrnatildi. Shohmurod „joʻl“(„jul“) deb nomlangan va urush holatida qoʻshin saqlash maqsadida foydalaniladigan yangi soliq turini joriy qildi. Hokimiyatni oʻz qoʻlida jamlab olgach, u xonlik unvonidan voz kechdi va amirlik darajasida qoldi. Taxtga esa Shohmurod Chingizxon avlodlaridan boʻlgan Donishmandchini, keyinroq esa Abulgʻozini koʻtardi, lekin ular amalda hokimiyatga ega emasdilar. 1785-yili Shohmurod pul islohotini oʻtkazdi hamda 0,7 misqollik (3,36 g) toʻla qimmatli kumush tangalar va bir xil shakldagi oltin tangalarni zarb etishni yoʻlga qoʻydi. U sud mahkamasiga ham shaxsan rahbarlik qildi. Shohmurod Buxoro amirligi tarkibiga Amudaryoning chap sohilidagi hududlarni, jumladan, Balx va Marvni qaytardi. 1786-yili u Karmanada xalq qoʻzgʻolonini bosdirdi, keyin Shahrisabz va Xoʻjandga muvaffaqiyatli yurishlarni amalga oshirdi. Shohmurod afgʻon hukmdori Temurshohdan ustun kelib, asosan o`zbeklar va tojiklar yashaydigan janubiy Turkistonni oʻz qaramogʻida saqlab qolishga erishdi. Amir Haydar (1800-1826-yy.) otasidan soʻng taxtga oʻtirgan vaqtda butun Mavorounnahr uning hukmiga boʻysinar edi. Haydarning taxtga koʻtarilishi ommaviy qoʻzgʻolonlar va qatllar bilan toʻgʻri keldi. 1800-yili Marv turkmanlari bosh koʻtarishdi. Ichki janjallarga koʻp oʻtmasdan Qoʻqon bilan Oʻratepa uchun urush qoʻshildi. Haydar ushbu shaharni tasarrufida saqlab qolishga muvaffaq boʻldi. Amir Haydar davrida siyosiy tizim yakka hokimiyatchilik tomon intilayotgan markazlashgan monarxiyadan tashkil topgan edi. Amirga 4 ming kishigacha yetadigan byurokratik mahkama xizmat qilardi. Armiyaning miqdori oshdi. Faqat Buxoroning oʻzida 12 ming harbiydan iborat qoʻshin turardi. Ahmad Donishning yozib qoldirishicha, Amir Haydar boshqaruv vaqtiga „har 3-6 oyda yuzaga keladigan toʻxtovsiz feodal urushlar davri“ deya baho berish mumkin. Haydardan soʻng taxtga uning oʻgʻli Nasrullo (1826-1860-yy.) oʻtirdi. Unga hokimiyat sari yoʻl ochish maqsadida akalari Husayn va Umar oʻldirildi. Armiya va ruxoniylarga suyangan Nasrullo zodagonlarni jilovlash maqsadida feodal tarqoqlikka qarshi qatʼiy kurash olib bordi. Hukmronligining birinchi oyida u har kuni 50-60 tadan kishini qatl qildi. Nasrullo shu paytgacha amirlik tarkibiga faqat nomigagina kirgan viloyatlarni birlashtirishga erishdi. Viloyatlarni boshqarishga oʻziga muteʼ boʻlgan „nasl-nasabsiz“ kishilarni tayinladi. Nasrullo amirligi chogʻida Xiva va Qoʻqon xonliklari bilan Marv, Chorjoʻy, Oʻratepa, Xoʻjand kabi chegarada joylashgan alohida hududlar uchun boʻlgan tinimsiz urushlar davom etib turdi. Shahrisabz va Kitob hukmdorlarining qarshiligi, ayniqsa kuchli boʻldi. Bir necha harbiy yurishlardan soʻng 1853-yilga kelib ular Buxoroga boʻysindirildi. Amirlik tarkibiga faqat Zarafsxon daryosining oʻrta va quyi oqimidagi vohagina barqaror kirgan edi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil