Bursit

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bursit

Bo‘g‘im shilliq xaltachalarining yallig‘lanishi
KXK-10 M70-M71
KXK-9 727.3
MedlinePlus 000419
eMedicine emerg/74

Bursit (yun. bursa — xaltacha) — boʻgʻim shilliq xaltachasining (boʻgʻim atrofidagi va ayrim suyak boʻrtmalari ustidagi) yalligʻlanishi. Haroratning koʻtarilishi va xaltachada suyuqlik (ekssudat) toʻplanishi bilan kechadi. Kasallikning kechishiga koʻra oʻtkir, oʻrtacha oʻtkir, surunkali va qaytalaydigan, shuningdek spesifik (zaxm, sil, revmatizm, brutsellyoz va h. k.) hamda nospesifik xillari tafovut qilinadi. Oʻtkir B.ga har xil shikastlanishlar (lat yeyish, shilinish, chaqalanish), baʼzan oʻtkir yoki surunkali infeksiyalar (tomoq ogʻrigʻi, tumov), diatez sabab boʻladi. Surunkali B. kasbga oid boʻlib, koʻproq ish jarayonida tizza va tirsak boʻgʻimiga zoʻr keladigan kishilarda kuzatiladi[1].

Etiologiyasi va patogenezi.[tahrir | manbasini tahrirlash]

Infeksiya boʻgʻim xaltasi shilliq pardasiga toʻgʻridan-toʻgʻri (yaralardan, shilingan joylardan) va gematogen (gripp yoki anginadan soʻng) yoʻl bilan, shuningdek, yaqin atrofdagi yiring oʻchogʻida kechayotgan jarayon orqasida oʻtadi. Kamdan-kam hollarda spesifik „sil yoki soʻzak“ bursitlar kuzatiladi. Uzoq vaqt davom etuvchi travmatizatsiya tufayli kelib chiqadigan (masalan, naqqoshlarda, kon qazuvchilarda, asfalt yotqizuvchilarda) kasb bilan bogʻliq xronik bursitlar xarakterlidir.

Patologik-anatomik manzarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Seroz yoki yiringli yalligʻlanish manzarasi, boʻgʻim xaltasi shilliq pardasining giperemiyasi, toʻqimalarning shishganligi kuzatiladi. Shilliq pardali xaltada seroz, shilimshiq-fibrinoz yoki yiringli ekssudat toʻplanadi. Travmatik bursit holatlarida ekssudat gemorragik boʻlishi mumkin. Xronik va oʻtkir bursitlar bir-biridan farqlanadi.

Klinik manzarasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻtkir bursitga uning tez kechishi, ogʻriq haroratning balandligi xosdir. Bunda boʻgʻim xaltasining shishganligi, uning usti qizarganligi, baʼzan esa flyuktuatsiya aniqlanadi. Agar shilliq pardali xalta boʻgʻim boʻshligʻi bilan tutashsa (masalan, tizza boʻgʻimida), yalligʻlanish jarayoni boʻgʻim xaltasiga oʻtishi mumkin. Yiringlash koʻproq boʻgʻim tashqarisida aniqlanadi, ahyon-ahyonda teri perforatsiyasi yuz beradi, bitmaydigan oqma yaralar paydo boʻladi. Xronik bursitda ham boʻgʻim xaltasi shishganligi va oʻrtacha mahalliy ogʻriq kuzatiladi. Yalligʻlanishning ayrim hollarida xalta sezilarli ravishda kattalashadi. Xalta devorlari qalinlashadi, u seroz ekssudat bilan toʻladi, ekssudat tarkibida esa koʻpgina fibrin boʻladi. Fibrining quyuqlashishi guruch donasiga oʻxshash va „boʻgʻim sichqonlari“ („mans artigulare“) deb ataluvchi yot jismlarning paydo boʻHshiga olib keladi, ularning mavjudligi esa vaqti-vaqti bilan kasallangan qoi yoki oyoq funksiyasini buzib turadi.

Differensial diagnozi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bursitni artritdan, osteomiyelitdan, teri osti abssessidan va flegmonadan farq qilish lozim.

Davosi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Oʻtkir bursit avj olganda dastlab kasallangan qoʻl yoki oyoqni tinch saqlash, immobilizatsiya qilish hamda issiq muolajalarni qoʻllash zarur. Shilliq pardali xalta bir necha marta punksiya qilinadi, ekssudat chiqarib tashlanadi va boʻshliqqa antibiotiklar yubonladi, shundan soʻng esa qisuvchi bogʻlov bilan bogʻlanadi. Yiringli bursitlarda yiring oʻchogʻi yoriladi. Xronik hollarda radikal operatsiya — shilliq pardali xalta ekstirpatsiyasi oʻtkaziladi[2].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. OʻzME. Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Toshkent, 2000-yil
  2. Oripov O.. Umumiy xirurgiya Yangi asr avlodi 2008.