Burgana togʻlari
Burgana togʻlari — Fargʻona vodiysida, sharqda Soʻx daryosi va gʻarbda Achchiqsuv soyi vodiylari oraligidagi togʻlar. Oʻrtacha balandligi 650–900 m, eng baland joyi 1000 m. Balandligi shim. dan janubi-ga tomon ortib boradi. Yuqori neogen va quyi toʻrtlamchi davrlarning konglomerat, qumtosh, gil, shagʻaltoshlaridan tashkil topgan, yuzasi qumloq va qumoklarning yupqa qatlami bilan qoplangan. Burgana togʻlari yon bagʻirlari quruq soy oʻzanlari bilan kuchli parchalangan. Markaziy qismida atrofga nisbatan ancha (100–120 m) koʻtarilgan, yuzasi yassi, yon bagʻirlari ancha qiya boʻlgan balandliklar mavjud.
Burgana togʻlari shimolida Isfara va Sux konus yoyilmalari oraligʻidagi pastqamliqdan keskin koʻtarilgan, etagida ensiz prolyuvial shleyf vujudga kelgan. Janudida esa Burgana togʻlari Turkiston tizmasining shimoliy yon bagʻirlaridan adir orti pastqamligi bilan ajralgan. Burgana togʻlarining shimoliy yon bagarlarida och boʻz, janubida esa tipik boʻz tuproqlar tarqalgan, mayda shagʻal uchraydi. Oq shuvoq, efemerlar oʻsadi. Asosan yaylov chorvachiligida foydalaniladi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |