Burgʻilash

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

BURGʻILASH — quduq parmalash, chuqurcha va kovak (shpur)lar qazish jarayoni. Geologik va geofizik tekshirishlar oʻtkazish, foydali qazilmalarni qidirish, qazib olish, muhandislik geologik izlanishlarni bajarish va boshqa ishlarda qoʻllaniladi. B.da maxsus asboblar yordamida togʻ jinslari yemiriladi (maydalanadi). Maydalangan jins boʻlaklari tashqariga chiqarib tashlanadi, natijada kovlanayotgan quduq, chuqurcha yoki kovak chuqurlasha boradi. Kuduq, chuqurcha yoki kovak devori qazish jarayonida mustahkamlanadi. B.ning paydo boʻlgan vaqtini aniqlash juda qiyin. Misrliklar 6000 yil ilgari B.dan piramida qurishda foydalanganlar, qad. rimliklar B.da qoshiqsimon kovlagich ishlatganlar, 2000 yil ilgari esa xitoyliklar tuz qazib olishda B.dan keng foydalanganlar. Rossiyada burgʻi kovaklaridan osh tuzi olishda foydalanilgan. Markaziy Osiyo hududida ham maʼdanlar qazib olishda kadimdan B. usulidan foydalanilgan. Neft konlarining koʻplab topilishi B.ning tez rivojlanishiga olib keldi.

Qazish usullariga koʻra, B. zarbiy, aylanma, kolonkali boʻladi. Shtanga yoki arqonning uchiga mahkamlangan parmani koʻtarib tashlash yoʻli bilan quduq qazish zarbiy B. deb ataladi. Zarbiy B. 17-asrda birinchi marta Xitoyda shoʻr suvlar va yonuvchi gazlarni chiqarishda qoʻllanilgan. Aylanma harakat qiluvchi parma bilan kovak qazish aylanma B. deb ataladi. Bunda maydalangan jins boʻlaklari kovaqda toʻxtovsiz aylanib turuvchi suyuq loy, suv yoki bosim ostidagi havo yordamida tashqariga chiqariladi. Aylanma B. 3 xil boʻladi: 1) rotorli B. — burgʻilash kuvurlari burgʻilanayotgan vaqtda shtanga uchiga mahkamlanib kovak ichiga tushiriladi va yer yuziga oʻrnatilgan dvigatel yordamida aylanma harakat qiladi; 2) turbinali B.— bunda tog jinslarini parchalovchi asbobni aylanma harakatga keltiruvchi dvigatel kovak ichida boʻladi; u turbobur deb ataladi. U doimo yuqori bosimda kovakda aylanib turuvchi suyuq loy yordamida ishlaydi. Dvigatel elektr toki yordamida harakatlansa, elektrobur deyiladi; 3) kombinaiiyalangan (aralash) B. — bunda B. uskunasi aylanma va zarbiy agregatlar bilan taʼminlangan boʻladi. Ikkinchi agregat asosan qattiq jinslarni parchalashda hamda B. jarayonida chigir ishdan chiqib qolganda qoʻllaniladi. Halqasimon parma bilan kovak kovlanib, undan silindr shaklidagi choʻzinchoq jins boʻlaklari (kern) chiqarib olinsa, bunday B. kolonkali B. deb ataladi. B. xalq xoʻjaligining koʻpchilik tarmoqlarida, muhandislik, geologik va meliorativ ishlarda, rudali va rudasiz maʼdanlarni qidirishda, shaxtalardagi havoni almashtirishda, suvni tortib olishda. portlatish ishlari va boshqalarda qoʻllaniladi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil