Boqirgʻoniy Sulaymon
Boqirgʻoniy Sulaymon (? Xorazm viloyati Xazorasp tumani Boqirgʻon qishlogʻi — 1186) — tasavvufning yirik namoyandasi, shoir.
Ahmad Yassaviy tariqatining davomchisi. Hayoti haqidagi maʼlumotlar turli rivoyatlar bilan aralashib ketgan. Xalq orasida "Hakim ota" nomi bilan ham mashhur. Yassaviyga murid (shogird) boʻlgan, oʻz iqtidori va sheʼriy isteʼdodi bilan pirining eʼtiborini qozongan. B. S ustozining tariqati qoidalarini yanada chuqurlashtirib keng xalq ommasiga yetkazgan. Yassaviyona sodda, ravon uslubda ijod qilgan. Oʻz asarlarida islomni, shariat va tariqat qoidalarini targʻib qilgan, kishilarni u dunyoni oʻylab yashashga, Allohning karamidan bahramand boʻlishga daʼvat etgan. B. S. maʼrifatni Allohni tanish, uning nazariga tushish, deydi. Oliy muhabbatni Allohga boʻlgan muhabbat, deb tushuntiradi. U tariqat yoʻlini komil insonni tarbiyalash yoʻli, jannatga eltuvchi yoʻl, deb biladi. B. S oʻz oʻgitlarida davriga xos ijtimoiy tengsizlik, adolatsizlik va boshqa illatlar uchun javobgar shaxslarni u dunyo azoblari dahshatini eslatish bilan tarbiyalashga ham intiladi. Insofsiz va imonsiz amaldorlar, nopok ishlar bilan shugʻullanuvchi, haromxoʻr, nodon va johillar hamda bosqinchi, talonchilarni fosh etadi. B. S sheʼrlari "Boqirgʻon kitobi" nomi bilan mashhur. Uning "Bibi Maryam kitobi", "Oxir zamon kitobi" kabi dostonlari ham bor. Bularda tasavvuf toʻgʻrisida oʻz fiqolarini bayon etadi.
B. S. turkiy sheʼriyatning boshlovchilaridandir. Sheʼrlari tatar, boshqird va boshqa turkiy xalklar orasida keng tarqalgan, "Boqirgʻoniy kitobi" 19—20-asr boshlarida Qozonda 3 marta nashr etilgan.
Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- Boqirgʻon kitobi, T., 1991.
Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]
- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
![]() | Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
![]() |