Kontent qismiga oʻtish

Boqilloniy

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Boqilloniy, Abu Bakr Muhammad atTayyib alBoqilloniy (?, Basra — 1013, Bagdod) — kalomning yirik vakili. Kalomni ashʼariya maktabiga mansub boʻlgan Ibn Mujohiddan (980 yil v.e.) oʻrgangan. 982—983 yillarda Buvayhiylar amiri Adudaddavla topshirigʻiga koʻra Vizantiyada boʻlgan. Fiqh masalalarida molikiylik mazhabiga suyangan. B. 52 asar yozgan boʻlib, bizgacha 6 tasi yetib kelgan. Ilohiy sifatlar va ilohiy mohiyat haqidagi muipaziliylar oqimiga mansub Abu Hoshim alJubbaiy ishlab chiqqan gʻoyaga qoʻshildi. Bir necha muʼtaziliylarning, jumladan Abbad bin Sulaymon (844 yil v.e.) ning bu masalaga doyr gʻoyalarini rivojlantirib, xudoning sifatlari haqida fikr yuritdi. B. fikricha, hamma narsa xudo tomonidan belgilangan.

Iroda erkinligi muammosini ham B. yuqoridagi fikrga muvofiq ravishda hal qildi: xudo faqat "borliq" va "asos"ni yaratganligini, inson esa borliqni shakllantirib, amaliyotni muayyan yoʻsinga solishini uktirdi. U imomat masalasida shialar va rofiziylar bilan bahsga kirishib, imom yoki xalifa lavozimi merosiy emas, balki ular saylanishi zarur deb hisobladi. Ammo bu lavozimga saylanadigan kishi Alining avlodlaridan boʻlishi shart boʻlmasa ham, qurayshiylardan boʻlishi lozim. Agar imom oʻziga topshirilgan vazifani uddalay olmasa vazifasidan tushirish zarurligini taʼkidladi. Uning fikricha, imomning vazifalari quyidagilar: 1) musulmonlar jamoasini tashqi dushmanlardan himoya qilish; 2) adolatsizlikning oldini olish; 3) qonunga muvofiq jazolanishi kerak boʻlgan shaxslarga chiqarilgan hukmning ijrosini nazorat qilish; 4) urush vaqtida qoʻlga tushgan oʻljani musulmonlar oʻrtasida taqsimlash; 5) haj xavfsizligini taʼminlash.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil