Bolalar oʻyin qoʻshiqlari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bolalar o‘yin qo‘shiqlaridan yoʻnaltirildi)

Bolalar oʻyin qoʻshiqlari — folklor janri. Bolalar oʻyini jarayonida aytiladi. Bolalar oʻyinining tarkibiy qismi boʻlib, oʻyin uchun zamin, kayfiyat hozirlaydi, ishtirokchilar harakatini toʻldiradi, dramatik holatni yuzaga keltiradi. Oʻzbek bolalarining koʻplab anʼanaviy oʻyini koʻshiqlari bor. Odatda, bolalar oʻz oʻyinlarini chek tashlash yoki sanamalar ("Bir, ikki ...oʻn olti", "Choriy chambar" va boshqalar), shuningdek "Oʻrta qoʻl topish", "Guldur gup" va boshqa yordamida boshlaydilar. Oʻgʻil va qiz bolalar oʻrtasida "Toʻp", "Toʻp tosh", "Chittigul" kabi oʻyinlar keng tarqalgan va oʻziga xos qoʻshiqdari ham bor. Bolalar oʻz davrasida ularni aytish orqali qoʻshiqchilik mahoratini namoyish etadilar, akalari, kelinoyilari va boshqalarni tasvirlaydilar. Koptok oʻyinida aytiladigan qoʻshiq koptokning yer yoki devorga urilishiga hamohang boʻlib, u orqali yutuqlar soni hisoblanadi. Harakat va ovozning ritmik birligi oʻziga xos musiqiylik yaratib, bolaning oʻyin holatidagi kayfiyatini ifodalaydi. Unda maʼlum tarixiy davr, bolalar oʻsayotgan sharoit, oilaviy muhit va bunga ularning munosabati, shuningdek kayfiyat va kechinmalari yaqqol sezilib turadi.

Bolalar oʻrtasida keng tarqalgan "Oq terakmi, koʻk terak?", "Chuchvara qaynaydi", "Tepdim, sandiq ochildi", "Dumsiz tulki", "Quyonim, quyonim, ne boʻldi" kabi oʻyin va ularning qoʻshiqlari Oʻzbekistonning turli joylarida turlicha nomda uchrasa ham, mazmuni asosan bir xil. Bolalarning oʻzaro muomala madaniyatining oshishi, kirishimlilik, dilkashlik kabi fazilatlarining shakllanishi, shuningdek ham jismoniy, ham maʼnaviy oʻsishida bunday qoʻshiqlar muhim ahamiyatga ega.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Bolalar oʻyin qoʻshiqlari" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil