Bolalar kinosi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bolalar kinosi — bolalar va oʻsmirlarga moʻljallangan badiiy, oʻquv, hujjatlixronikal, multiplikatsion (rasmli va qoʻgʻirchoq) filmlar. Bolalar qiziqadigan mavzular aks ettiriladi, film mazmuni ularning ruhiyati va tiliga yaqin, yoshi va tushunchasiga moye boʻladi. Bolalar kinosi da (teatrdan farqli) bolalar rolini shu yoshdagi bolalar oʻynaydi. Kino sanʼatining maxsus sohasi sifatida 1920—30- yillarda ajralib chikdi.

Oʻzbekistonda birinchi Bolalar kinosi („Qilich“, rej. Y.Aʼzamov) 1935-yilda yaratildi. Oʻzbek Bolalar kinosi birinchi qadamidanoq zamonaviy mavzuga murojaat etdi. Ovozsiz bu filmda yoshlarni texnikani egallashga chorlash mavzusi koʻtarilgan. Shundan soʻng uzoq yillar mobaynida Bolalar kinosi ishlanmadi. Zamonaviy ertak janridagi „Paxtaoy“ (K. Yormatov, 1952) birinchi oʻzbek ovozli Bolalar kinosi boʻlib, unda oʻzbek xalqining milliy boyligi paxtadan nimalar olinishi haqidagi ilmiy dalillar ertak asosida yoritilgan. Filmning tasviriy vositalari oʻsha davr texnikasidan oʻzib ketgan, bunga mualliflarning izchil izlanishlari, boy fantaziyasi, kinematografik ixtirolari tufayli erishilgan. 1957-yilda sarguzasht janrida „Sahrodagi voqea“ (3. Sobitov) filmi yaratildi. 60- yillar oʻzbek Bolalar kinosi taraqqiyotida yuksalish davri boʻldi. „Sen yetim emassan“, „Toshkent — non shahri“ (Sh. Abbosov, 1962, 1967), „Nafosat“ (E. Eshmuhamedov, 1966), „Olmos“ (D. Salimov, 1966) kabi filmlar suratga olindi. 70—80- yillarda oʻzbek Bolalar kinosi ning mavzu va janr doirasi kengaydi. Ertak va sarguzasht janrlarida, tarixiy va zamonaviy mavzularda filmlar yaratilib, axloqiymaʼnaviy muammolar oʻrtaga tashlandi. „Semurgʻ“, „Kundalik daftar, xat va birinchi sinf oʻquvchisi“ (H. Fayziyev, 1971, 1985), „Achchiq danak“ (Q. Kamolova, 1974), „Poyga avtomobilidagi jasur bolalar“, „Shum bola“ (D. Salimov, 1975, 1977), „Komila“ (M. Ogʻamirzayev, 1981), „Akmal, ajdarho va malika“, „Akmalning yangi sarguzashtlari“ (Yu. Stepchuk, 1981, 1983), „Orzular ogʻushida“ (F. Zaynutdinov, 1986), „Unsinoy“ (O. Ergashev, 1987), „Bir mavsumli daho“ (S. Nazarmuhamedov, 1989) kabi filmlar shular jumlasidan.

Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach Bolalar kinosi da ham keskin burilish yasaldi. Milliy mavzu, xalqimizning milliy anʼanalari, vatanga mehrmuhabbatni ifodalovchi qator filmlar yaratildi. Filmlar oʻzbek tilida suratga olina boshladi. Faol va iqtidorli, milliy ruhni, xalqchillikni ifoda etuvchi rej.larning yangi avlodi yetishib chiqdi. Qishloq bolalari hayotiga bagʻishlangan „Tangalik bolalar“ (T. Yunusov, 1991), „Abdullajon“ (3. Musoqov, 1991), „Kulol va xurmacha“ (G. Bzarov, 1991), dramatik, detektiv elementlar bilan yoʻgʻrilgan zamonaviy, fantastik musiqali komediya „Tilsimoy — gʻaroyib qizaloq“ (M. Boymuhamedov, 1999) va „Kichkina tabib“ (3. Musoqov, 1999) filmlari soʻnggi yillardagi eng yaxshi filmlardan.

„Oʻzbekfilm“ studiyasi Oʻrta Osiyoda birinchi boʻlib bolalarga moʻljallangan qoʻgʻirchoq va rasmli multiplikatsion filmlar ishlab chiqarmoqda. „6x6 kvadratida“ (Yu. Petrov, D. Salimov, 1965) birinchi suratga olingan multfilmdir. 1978-yilda „Oʻzbekfilm“ studiyasi qoshida rasmli va qoʻgʻirchoq filmlari uyushmasi tashkil etilgan (1995-yildan „Animatsiya kinosanʼati uyushmasi“ nomida). Mustaqillikdan keyin ayniqsa M. Mahmudov, S. Murodxoʻjayeva, N. Toʻlaxoʻjayev, A. Sobirov, N. Smirnov, I. Krivosheeva, D. Botirova, S.Alibekov, D.Vlasov kabi rej.larning ijodi yanada kamol topdi. „Oymoma Boʻrsiq“ (rej. N.Smirnov, 1998), „Bulbul“ (M.Mahmudov, 1999; 4Xalqaro bolalar kinofestivalida 1mukofot „Oltin baliq“ga sazovor boʻldi), „Alpomish“ (6 qismli, N.Toʻlaxoʻjayev, 1998—2001), „Yangi shoxcha va bahor yomgʻiri haqida“ (rej. S.Silka, 2000), „Toʻti“ (S.Murodxoʻjayeva, 2000) va boshqa keyingi yillarning eng yaxshi multfilmlaridir.

2 qismli „Vaxt gullari“ (rej. M.Zokirov), „Erkatoy“ (rej. N.Gʻoziyeva) kabi telefilmlar ham bolalarga bagʻishlangan. 1993-yildan „Oʻzbekfilm“ studiyasida bolalarga moʻljallangan „Zumrasha“ hajviyyumoristik kinojurnal muntazam ravishda chiqa boshladi (badiiy rahbar A.Qobulov, 1997-yildan Yu. Roziqov).

Dunyoda maxsus studiyalar: Amerikada U.Disney studiyasi (1923), Rossiyada bolalar va oʻsmirlar uchun filmlar ishlab chiqaruvchi Markaziy kinostudiya tashkil etilgan. Shuningdek, Bolalar kinosi koʻpgina boshqa mamlakatlar (Bolgariya, Vengriya, Polsha, Fransiya, Yaponiya, Hindiston va boshqalar)da ham ishlanmoqda. „Mikki Maus“ („Kichik sichqon“) haqidagi turkum, „Bembi“, „Vinni Pux“, „Senimi, shoshmay tur!“ kabilar eng mashhur filmlardir. Solerno (Italiya), Xixon (Ispaniya), Eshpino (Portugaliya) kabi shaharlarda Xalqaro bolalar filmlari festivallari oʻtkazilmoqda.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Mirzamuhamedova, Maxsura. „Bolalar kinosi“ OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil