Boku bulvari

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Park
Dengiz bo’yi bulvari
ozarb. Dənizkənarı bulvarı
Panorama fotosu
Mamlakat Ozarbayjon
Shahar Boku
Tegishli Dengiz bo’yi Bulvari Idarasi
Parkın tipi Bulvar
Asosiy sanalar: 1909 — Asos solingan
2008 — Qayta tiklash boshlanishi
Sayt http://bulvar.gov.az/

Dengiz boʻyi bulvari (ozarb.Boku bulvari) — Kaspiy dengizi qirgʻoqlarida joylashgan Bokuning tashrif belgisi va ramzidir. Boku bulvari Bokuning diqqatga sazovor joylaridan biri boʻlib, bokuliklar va shahar mehmonlarining eng sevimli dam olish joyidir. 2009-yilda oʻzining 100 yilligini nishonladi. Rekonstruksiyagacha bulvarning uzunligi 16 kilometrni tashkil qilgan, toʻliq rekonstruksiyadan soʻng esa 25 kilometrga yetdi. Funikulyor stansiyasi joylashgan Togʻli bogʻ etagidan boshlanadi. Soʻng Eski shahar Icheri Sheher boʻylab Dengiz portigacha choʻziladi. Uning uzunligi 5 kilometr atrofida, lekin uni yanada uzaytirish rejalari ham mavjud.

Amalda, Boku Dengiz boʻyi bulvari bu — Kaspiy dengizi koʻrfazi boʻylab choʻzilgan suv boʻyidagi koʻchadir, lekin uni Bokuning eng goʻzal joyidagi dam olish zonasi desak toʻgʻriroq boʻladi. Suv boʻyidagi koʻchaning oʻzini kengligi 30 metrni tashkil etadi, lekin yonida yana sayr qilish uchun xiyobon, kanal, kafe va boshqa turli xil muassasalar mavjud.

Boku bulvari juda goʻzal, keng, shinam, kattadir va unda barcha qulayliklar mavjud. Bu yerda barchasi kichik detallargacha oʻylab qurilganligi koʻrinib turibdi. Bulvar Absheron yarim orolining katta qismini qamrab olgan va shaharning koʻpgina diqqatga sazovor joylarini birlashtiradi. Bu yerdan shaharga koʻpgina qiziqarli manzaralar ochiladi. Bu yerda kecha-yu kunduz qiziqarlidir. Bulvar boʻylab turli-tuman va qiziqarli oʻsimliklar ekilgan.

Boku Dengiz boʻyi bulvarining eng goʻzal qismi Togʻli park va Gubernator bogʻi (Azneft maydoni) orasida joylashgan. Funikulyor oldida Gilam muzeyiga tashrif buyurish mumkin, aynan Ozarbayjon hamda Eronda gilam toʻqish anʼanalari eng qadimgi ekanligini hisobga olganda, bu juda ham qiziqarli boʻladi.

Gilam muzeyi yonida qayiqlar toʻxtash joyi mavjud, bu yerda dam oluvchilar qayiqlarga oʻtirib Boku dengiz boʻyi bulvarida qurilgan kanallar tizimida sayohat qiladilar. Kanallar boʻylab venetsian uslubida qurilgan uylar boʻlib, ulardan nafis kichik koʻpriklar oʻtgan. Umuman olganda bu yer juda goʻzaldir.

Dengiz boʻyi Bulvari Azneft maydonidan Dengiz portigacha bir necha kilometrga choʻzilgan. Boshida u eski shahar IcheriSheher yonidan oʻtadi. Boku ramzi — Qiz qal’asi toʻgʻri suv boʻyidagi koʻchaga chiqqan. Soʻng, Boku bulvari boʻylab Neftchilar xiyobonida ampir uslubida qurilgan goʻzal uylarni koʻrish mumkin. Bulvar boʻylab nafaqat shahar mehmonlari balki, bokuliklar ham sayr qilishni yoqtiradi.[1]

Tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

50-yillarda Boku shahar ijroiya qoʻmitasi raisi Alish Lemberanskiy Venetsiyada boʻlib qaytdi. Italiya shahri goʻzalligidan hayratda qolgan Lemberanskiy, Bokuga qaytib u yerda „Kichik Venetsiya“ yaratishga qaror qildi va buning uchun dengiz boʻyi bulvarini tanladi. Loyiha uzoq vaqt koʻrib chiqilganiga qaramay, 1960-yilda Bokuda „Kichik Venetsiya“ paydo boʻldi, Boku bulvari esa bunday diqqatga sazovor joyi boʻlgan SSSR da birinchi va yagona parki boʻldi[2].

Sayohat gondolalari suzgan kanallarning qirgʻoqlarida kichik kafe va parklar ochildi, kechki payt esa hudud yoritilardi[2]. Sovet yillarida u hazilomus „Boku Venetsiyasi“[3] deb ataladigan bolalar sayohat kanallari tizimi sifatida ham mashhur boʻlgan. Kanallarida motorli qayiqlar kechki paytgacha qatnagan Boku Venetsiyasi bokuliklar orasida juda ommalashgan edi[4]. Uning hovuz va kanallari tizimi bulvarning koʻp sonli mehmonlarining eʼtiborini jalb qilar edi[5].

2011-yilning 30 martida Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, bulvar hududidagi Ozarbayjon gilami Muzeyi qurilishi bilan tanishib, „Kichik Venetsiya“ ni rekonstruksiya qilish haqida topshiriq beradi. 2012-yilning 28 mayida kapital rekonstruksiyadan soʻng „Kichik Venetsiya“ ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Rekonstruksiya davomida shaharning umumiy tuzilmasi saqlanib qolindi, kanallar kengaytirilib, yangi qayiqlar — gondolalar olib kelingan. Shuningdek qoʻshimcha koʻpriklar va ikkita restoran[2] — „Sharg“ (Sharq) va „Italiya“[6] qurilgan.

Qurilishning boshlanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Оtkritka. Boku bulvari 20 asr boshlarida.

Boku bulvari tarixi Boku shahar hukumati dengiz boʻyi bulvarini yaratish masalasi bir necha marotaba muhokama qilingan vaqtga, XIX asr boshlariga borib taqaladi. Ammo faqatgina 1909-yilda tashabbuschisi ozarbayjonlik muhandis Mamed Gasan Gadjinskiy tomonidan aniq bir qadamlar qoʻyilgan. Shahar hukumati bulvar qurilishi uchun 600 000 rubl ajratgan. Bokulik homiylar ham moddiy yordam koʻrsatishdi. Shahar hukumati eng yaxshi loyiha uchun tanlov eʼlon qildi va unda orasida koʻzga koʻringan arxitektor va muhandis — quruvchilar boʻlgan 30 ga yaqin mutahassislar ishtirok etgan. Tanlov gʻolibi G.M.Termikelov boʻldi. Avval „Kavakaz va Merkuriy“ jamiyatining kemalari toʻxtash joyi hamda Seid Mirbabayev uyi oʻrtasida joylashgan qirgʻoqoldi hududi obodonlashtirildi. Hozirda bu hudud Qoʻgʻirchoqlar teatridan „Azneft“ maydonigacha choʻzilgan. Hududlar tozalangan, daraxtlar, buta va gulzorlar ekilgan. Muhandis N.Bayev loyihasiga koʻra, bulvarda ertaklardagi yozgi saroyga oʻxshaydigan choʻmilish joyi qurilgan.

1915—1918-yillarda bu yerda Toshli va Eski bojxona pristani hududida 1917-yilda mustaqilligini qoʻlga kiritgan va Boku dengiz aviatsiyasi ofitserlari maktabi nomini olgan, Rossiya imperiyasidagi birinchi dengiz aviatsiyasi ofitserlari maktabining filiali boʻlgan.[7]

Urushdan keyingi yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Urushdan keyingi, 1940-yillarda, Kaspiy dengizida suv sathini koʻtarilishi hamda bulvarning qisman rekonstruksiyasi sababli choʻmilish joyi olib tashlandi. 1950-yillarning boshlariga kelib, dengiz boʻyi bulvarining uzunligi „Parij Kommunasi“ nomidagi kemalarni taʼmirlash zavodidan yangi dengiz yoʻlovchilari vokzaligacha 2,7 kilometrni tashkil etdi.

Oʻtgan asrning 60-yillarida bulvar butunlay yangilanib, 2,7 km gacha kengaytirildi va u yerda Dengiz porti, „Jemchujina“, „Sadko“, „Saxil“ hamda „Kichik Venetsiya“ kabi diqqatga sazovor joylar bunyod etildi.[7]

1970- va 1980- yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Parashyut minorasi (restavratsiyadan oldin).

1966-yilda, arxitektor M.Guseynov loyihasiga koʻra, Dengiz boʻyi bulvarida, „Azadlig“ maydoni yaqinida, parterli oʻt-oʻlan, gulzor hamda favvoralar kaskadi bilan bezalgan, dengizga chiqish bilan tugaydigan dengiz tomonga ochiq maydon yaratilgan. 1967-yilda M.Guseynov butun Dengiz boʻyi bulvarini rekonstruksiyasi boʻyicha yangi loyihani tayyorladi. Kaspiy dengizi sathining sezilarli darajada pasayishi sababli, 1977-yilda eng past koʻrsatkichiga yetgan va buning natijasida sobiq dengiz tubi ochilib qolgan, Dengiz boʻyi parkining ikkinchi quyi terrasasini yaratish ishlari amalga oshirilgan va xiyobon, gazon hamda favvoralar oʻrnatilgan.[7]

1990- yillar[tahrir | manbasini tahrirlash]

1990-yillarda Kaspiy sathining keskin oshishi sababli Dengiz boʻyi parkining ahamiyatli qismi, shu jumladan katerlar toʻxtash joyi va yaxt klub suv tagida qolgan. Olib borilgan rekonstruksiya ishlari natijasida, bulvarning quyi terrasasini bir necha metrga koʻtarishdi.[7]

Eng yangi tarix[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bokudagi Dengiz bo’yi Bulvari manzarasi

2007-yilda Dengiz boʻyi bogʻida, „Azneft“ maydoni toʻgʻrisida dunyoda tengi yoʻq musiqa favvorasining ochilishi boʻlib oʻtdi. 2008-yilda Hukumat Uyi roʻparasidagi ikkinchi favvoraning qurilishi yakunlandi. Bokuning sobiq hokimi Alish Lemberanskiy tomonidan qurilgan 15 atraksion, „Mirvari“ kafesi, „Baxar“ kinoteatri, yozgi bolalar teatri hamda parashyut minorasi yangilandi va qayta taʼmirlandi. 2012-yilda 1960-yilda qurilgan „Kichik Venetsiya“ shaharchasining rekonstruksiyasi yakunlandi.

Prezident farmoniga binoan 2008-yilda Dengiz boʻyi bogʻining bosh rekonstruksiyasi boshlandi va Boku shahar hokimiyati buning uchun 500 million AQSH dollari ajratgan. Dengiz boʻyi bogʻi maydoni ikki barobar kattalashtirilgan. Uning uzunligi dengiz vokzalidan „BoulvardHotel“ gacha va Qoʻl oʻyinlari saroyidan Suv sport turlari Saroyigacha choʻzildi. Keng miqiyosli rekonstruksiya 2015-yilgacha yakunlandi.[8]

2014-yilning martida Dengiz boʻyi milliy bogʻining yangi bulvar qismida balandligi 60 metrni tashkil etgan yangi tomosha gʻildiragining ochilishi boʻldi[2].

Bulvarda ParkBulvarMall savdo markazi hamda Sidney opera teatri „Yelkanlaridan“ ilhomlangan CaspianWaterfront kabi diqqatga sazovor joylar mavjud. Bulvar oxirida davlat bayrogʻi maydoni (DövlətBayrağıMeydanı) bayroq va dunyodagi eng baland turlari qatoriga kiradigan bayroq ustuni mavjud. Bayroq yaqinida „Yevrovideniye 2012“[9] konkursi uchun maxsus qurilgan sport — konsert majmuasi joylashgan.[7]

„Kichik Venetsiya“[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida, dengiz boʻyi bulvari hududida joylashgan sayr etish uchun moʻljallangan suv kanallari tizimi. „Kichik Venetsiya“ 1960-yildan[8] boshlab mavjud boʻlib, dengiz boʻyi parkining[2] diqqatga sazovor joylaridan hisoblanadi va parkga[9] tashrif buyuruvchilarning sevimli dam olish maskani hisoblanadi. „Kichik Venetsiya“ kanallarinng umumiy uzunligi 1350 metrga teng, chuqurligi 1,3 metr, kanallarni toʻldirish uchun 7 ming m³ suv sarflanadi[2]. Shaharcha hududining maydoni 9740 m² ni tashkil etadi[6].

Davlat koʻmagi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Haydar Aliyevning 1998-yil 29 dekabrdagi farmoniga binoan Dengiz boʻyi bulvariga Milliy bogʻ maqomi berilgan.

Ozarbayjon Respublikasi prezidenti Ilhom Aliyevning 2008-yil 10 yanvardagi farmoni bilan, Dengiz boʻyi bulvarining xalqning tarixi, madaniyat va ekologik xavfsizligiga ahamiyatini hisobga olib Ozarbayjon Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qoshida Dengiz boʻyi bulvari Boshqarmasi tashkil etilgan.[6] Mazkur farmonga binoan Dengiz boʻyi milliy bogʻining kapital obodonlashtirilishi boshlangan.[7]

Boku bulvari — bugun[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boku bulvari bu — bolalalar bilan dam olish, yoshlarni sayr va istirohat qilishi uchun ajoyib joydir. Shu bilan bir qatorda, qariyalar ekzotik oʻsimliklar soyasida tinch narda oʻynashi va hayot haqida suhbatlashishi uchun sokin joylar ham talaygina.

Bulvarning juda uzunligi sababli, har bir sayyoh ham bunday masofani piyoda bosib oʻtolmaydi va bogʻimizning barcha goʻzalligidan bahramand boʻla olmaydi. Butun Bulvarni koʻrish imkonini berish uchun bizda bir nechta sayohat ekspress-poyezdlari qatnaydi. Bugungi kunda bunday poyezdlarning uchtasi qatnamoqda — Dengiz Vokzalidan Soatli Minoragacha, Soatli Minoradan „Azneft“ maydonigacha va Boku sport saroyidan Bayroq Maydonigacha. Kelgusida bu yoʻnalishlarni kengaytirish rejalashtirilgan.

Ozarbayjonda oʻtkaziladigan aksariyat yirik xalqaro tadbirlar — uchrashuv, forum, sport tadbirlari — bulvarni ham jalb qiladi. Kelgan turistlarning aksariyati oʻzlarining boʻsh vaqtlarini shu yerda oʻtkazishadi. Bulvar boshqarmasi bu borada yetarli tajribaga ega, bizda „Yevrovideniye“ musiqa konkursi oʻtkazilgan, birinchi Yevropa oʻyinlarida Dengiz boʻyi bogʻida joylashgan bir nechta stadionlardan foydalanilgan. Boshqa soʻzlar bilan aytganda Yevropa oʻyinlari kunlarida bulvar sport markaziga aylangan.

Shuningdek yaqinda boʻlib oʻtadigan tadbirlar vaqtida ham — „Formula-1“ Boku bosqichi hamda Islom oʻyinlarida — shahar mehmonlari va aholisi dengizboʻyi bogʻida barcha zarur sharoitlar — tarjimonlar, wi-fi tarmogʻi, bir necha tildagi menyu bilan taʼminlanadilar. Biz kelgusida yanada rivojlanib takomillashishni rejalashtirganmiz. Misol uchun ilk bor bizning bulvarda mobil aloqa vositalarini quyosh energiyasi orqali quvvatlantiradigan mahsus moslamalar oʻrnatilgan. Ushbu yangilik ham shahar aholisi, ham xorijiy mehmonlar tomonidan katta minnatdorchilik bilan kutib olindi.

Boku koʻrfazining eng noyob manzarasini sayohat katerida sayr qilganda koʻrishingiz mumkin. Koʻpchilikning aytishicha: poytaxtga dengiz tomonidan bir marotaba qarasangiz u yuragingizda bir umrga qolib ketadi.

Yana bir narsani aytish kerakki, Boku bulvari bu nafaqat goʻzal va shinam bogʻdir, balki bu Ozarbayjonning tarixi hamdir.[7]

Nimani koʻrish mumkin[tahrir | manbasini tahrirlash]

Boku dengiz boʻyi bulvaridagi birinchi raqamli diqqatga sazovor joy bu — 2007-yilda ochilgan Dengiz boʻyi bogʻidagi musiqali favvoradir. Hukumatning takidlashicha, favvoradan otilib chiqqan suvining „Mayinligi“, ularning musiqa ohangi boʻyicha harakatlanish aniqligi boʻyicha dunyoda tengi yoʻqdir. Bunga har bir inson amin boʻlishi mumkin — namoyishlar muntazam ravishda kech tushishi bilan taqdim etiladi. Kichikroq boʻlsa ham, yana bir eʼtiborga loyiq favvora Hukumatlar uyi roʻparasida joylashgan.

Dengiz boʻyi bogʻi milliy maqomini bejiz olmagan — Kaspiyning qulay iqlimida bu yerda dekorativ oʻsimlik va butalar gullab xushboʻy ifor taratadi, shuningdek, oʻnlab turdagi daraxtlar, noyob turlari ham bu yerda yaxshi oʻsadi. Kaktuslarning darvin xilma-xilligiga ham albatta ahamiyat qaratish kerak. Shuningdek, promenadada parashyut minorasi ham eʼtiborni tortadi — u qayta taʼmirlangan va yorqin chiroqlar bilan porlaydi.[2][7]

Koʻngil-ochar joylari[tahrir | manbasini tahrirlash]

„Bulsur“ istirohat bogʻi nafaqat bolalarga balki, kattalarga ham albatta yoqadi — bu yerda oʻndan ortiq zamonaviy — „bolalar uchun“ va ekstremal turdagi atraksionlar bor. Yaqin atrofda tomosha gʻildiragi mavjud — kechki Boku chiroqlarini 60 metr balandlikdan zavq bilan tomosha qilish uchun ajoyib sabab. Bulvarda madaniy hordiq uchun kinoteatr hamda yozgi bolalar teatri xizmat qiladi.

Boku bulvarida albatta choy xonalardan biriga kirib haqiqiy ozarbayjon choyidan shirinliklar yoki quritilgan mevalar bilan birga bahramand boʻling.

Foto galereya[tahrir | manbasini tahrirlash]

Yana qarang[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xorijiy oʻtishlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Tariximiz (Wayback Machine saytida 2018-03-17 sanasida arxivlangan) (Ozarbayjoncha)
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 From startling modern architecture to the prettiest underground network, thereʼs far more to Baku than its Eurovision past (Inglizcha)
  3. Bakinskiy bul’var: proshloye, nastoyashcheye, budushcheye (Ruscha)
  4. Salmanov R., Milli Park milli sərvətimizdir (Ozarbayjoncha)
  5. Yeni Bakı bulvarı — FOTOSESSİYA (Ozarbayjoncha)
  6. 6,0 6,1 6,2 Na Bakinskom bul’vare poyavitsya novyy original’nyy kompleks (Ruscha)
  7. 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 7,5 7,6 7,7 Tarixi xronologiya (Wayback Machine saytida 2017-09-14 sanasida arxivlangan) (Ozarbayjoncha)
  8. 8,0 8,1 179/5000 Il’kham Aliyev prinyal uchastiye v tseremonii otkrytiya sovremennogo attraktsiona-panoramy v novoy bul’varnoy chasti Primorskogo natsional’nogo parka (Ruscha)
  9. 9,0 9,1 Ukaz Prezidenta Azerbaydzhanskoy Respubliki — O sozdanii Upravleniya Primorskogo bul’vara pri Kabinete Ministrov Azerbaydzhanskoy Respubliki (Ruscha)