Bogʻot tumani

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bog‘ot tumanidan yoʻnaltirildi)
Bogʻot tumani
tuman
Tarkibida Xorazm viloyati
Maʼmuriy markazi Bogʻot
Asos solingan sanasi 1926-yil
Hokim Raximov Jo'rabek
Aholi (2008) 169,486[1]
Zichligi 297,7 kishi./km²
Millatlar tarkibi Oʻzbeklar
Dinlar tarkibi Musulmonlar
Maydoni 0,44 ming km²
(7,2 %)
Vaqt mintaqasi UTC+5
Pochta indeksi 220200
Internet domeni .uz
Avtomobil raqami kodi 90
Xaritada
Bogʻot tumani xaritada
Koordinatalari: 41°21′7″N 60°49′6″E / 41.35194°N 60.81833°E / 41.35194; 60.81833 G O

Bogʻot tumani – Oʻzbekiston Respublikasining Xorazm viloyati tarkibidagi tuman. 1926-yil 29-sentabrda tashkil etilgan (1930 va 50-yillarda bir necha marta yondosh tumanlarga qoʻshib yuborilgan va qayta tiklangan, 1970-yil 7-dekabrda qayta tashkil etildi). Bogʻot tumani Xorazm viloyatining janubi-sharqiy qismida joylashgan. Gʻarb va shimolda viloyatning Yangiariq va Xonqa tumanlari, Amudaryo bilan, sharqda Hazorasp tumani va janubida Turkmaniston bilan chegaradosh. Maydoni 0,44 ming km2. Aholisi 170 ming kishidan ziyod (2022). Bogʻot tumanida 11 qishloq fuqarolari yigʻini (Beshariq, Bogʻot, Dehqonbozor (Kirov), Madaniyat (Pobeda), Nayman (Leninizm), Xitoy (Jdanov), Xoʻjalik, Qizilravot, Qipchoq, Qorayantoq (Dmitrov), Qulonqorabogʻ (Lenin)) bor. Markazi – Bogʻot shaharchasi[2].

Aholisi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Aholisi 169 486 kishi, asosan oʻzbeklar; shuningdek boshqa millat vakillari ham yashaydi.[3]

Etimologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tilshunos Y.Jumanazarovning Ilmiy fantaziya va Xorazm toponimlari maqolasida keltirilishicha, tuman toponimikasining paydo boʻlishida ikki xil qarash mavjud. Birinchisi, „Bogʻzor“ maʼnosida boʻlsa „Bogʻi dod“ soʻzlarining birikmasidan paydo boʻlgan degan talqin bor.[4] Abdulla Ahmedovning fikriga koʻra „Bogʻi dod“ talqini toʻgʻriroq degan fikr yuritadi. OʻZBEKISTON JOY NOMLARINING IZOHLI LUGʻATI. Toshkent. 2022 Janubiy Oʻzbekiston toponomiyasini oʻrgangan nomshunos olim T.Nafasovning aytishicha, bogʻot soʻzining ilmiy maʼnosi bogʻlar, bogʻ soʻzining koʻplik shakli, ot qoʻshimchasi koʻplik maʼnosini bildiradi deydi.[5] Shahr atrofida bogʻ-rogʻlar koʻp boʻlganligi uchun aholi bu yerga Bogʻot degan nom bergan. Mahalliy aholi „bogʻot“ soʻzi polizchi, bogʻchi degan maʼnoni anglatadi deydi. Umid Bekmuhammadning Xorazm va Xorazmliklar kitobida Bogʻot soʻzining maʼnosi, bogʻzor, bogʻlar, va arabcha ot koʻplik qoʻshimchasi qoʻshilishidan tashkil topgan boʻlib, „bogʻlar diyori“ degan maʼnoni anglatadi deydi.[6]

Tabiati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bogʻot tumani yer yuzasi uchlamchi davr oxiri va toʻrtlamchi davr boshlarida daryo keltirgan yotqiziqlarning toʻplanishidan vujudga kelgan. Allyuvial jinslar boʻr davrining tub jinslari ustini qoplab olgan. Yer yuzasi payettekislik boʻlib, shimoli-gʻarbga nisbatan, baʼzi joylarida sayoz botiq va qoldiq oʻzanlar uchraydi. Tumanning janubida qum relyef shakllari tarqalgan. Hozirgi zamon relyefining vujudga kelishida Amudaryo va uning tarmoqlari, sugʻorish shoxobchalari muhim rol oʻynagan.

Iqlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha harorati – 4 °C dan – 6 °C gacha, iyulniki 28—30 °C. Yiliga 80-110 mm yogʻin tushadi. Vegetatsiya davri 190—210 kun.

Ichki suvlari va hayvonot olami[tahrir | manbasini tahrirlash]

Tuman hududidan Amudaryo oqib oʻtadi. Tumandagi asosiy sugʻorish shoxobchalari Toshsoqa kanali va uning tarmoqlari – Bayramsoqa, Qizilrabot, Qorayantoqva Osyop ariqlaridir. Tumanda 50 dan ziyod koʻl (Otakoʻl, Shoʻrkoʻl, Koʻkkoʻl, Gajli, Toʻqaykoʻl va boshqalar) bor. Koʻllarning aksariyat qismi tumanning Qoraqumga tutash pastqam joylarida joylashgan. Tuproqlari oʻtloqi va oʻtloqi boʻz tuproqlardan iborat. Kuchli shoʻrlangan joylarda shoʻrxok va shoʻrtob tuproqpar, Qoraqumga tutash joylarida qumli va qumoqtuproqlar tarqalgan. Suvga serob joylarda namsevar oʻsimliklar, qumlarda kserofit oʻsimliklar uchraydi. Hayvonlardan sariq yumronqoziq, chiyaboʻri, nutriya, ondatra, parrandalardan oʻrdak, kulrang gʻoz, birqozon va boshqalar uchraydi.

Qishloq xoʻjaligi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bogʻot tumani xoʻjaligining asosini qishloq xoʻjaligi tashkil etadi. Qishloq xoʻjaligida foydalaniladigan yerlar 22,9 ming ga, shu jumladan haydaladigan yerlar 18,5 ming ga; 8,5 ming ga yerga paxta, 3,8 ming ga yerga galla, 3,6 ming ga yerga sholi, 0,7 ming ga yerga polizsabzavot ekinlari, 0,2 ming ga yerga makkajoʻxori, 1,2 ming ga yerga beda ekiladi. Kunjut va qand lavlagi ekish ham yoʻlga qoʻyilmoqda. Bogʻot tumania 13 jamoa xoʻjaligi, 81 dehqon va fermer xoʻjaligi bor. Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 35,8 ming qoramol, 30,5 ming qoʻy va echki, 100 ming parranda boqiladi (2000).

Sanoati[tahrir | manbasini tahrirlash]

Sanoat korxonalari qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini qayta ishlashga ixtisoslashgan. Tumanda 10 qurilish tashkiloti, 6 sanoat korxonasi bor. Tuman hududidan Qoʻngʻirot – Chorjoʻy temir yoʻli, Urganch – Hazorasp, Xiva – Hazorasp avtomobil yoʻllari oʻtgan. Eng yaqin temir yoʻl stansiyasi „Bogʻot“ tuman markazidan 12 km narida.

Ijtimoiy soha[tahrir | manbasini tahrirlash]

1999/2000 oʻquv yilida 50 umumiy taʼlim maktabida 27 ming oʻquvchi, 2 litseyda 500 oʻquvchi taʼlim oldi. 2 sport maktabi va tennis korti faoliyat koʻrsatmoqda. 40 ommaviy va bolalar kutubxonasi, 42 klub, 14 madaniyat uyi, 1 musiqa maktabi, 1 xalq ansambli, 39 sport zali, tennis korti, 204 sport maydonchalari ishlab turibdi. 10 ming kishiga moʻljallangan stadion mavjud. 510 oʻrinli 5 kasalxona, 10 qishloq vrachlik ambulatoriyasi, 30 feldsherlik punkti boʻlib, ularda 1469 vrach va oʻrta maʼlumotli tibbiy xodim ishlaydi (2000). 1971-yildan „Hurriyat“ tuman gazetasi chiqadi (adadi 3,4 ming). Oʻzbekiston Qahramoni „Bogʻot“ jamoa xoʻjaligining raisi Masharif Quvoqov shu tumanning Qulonqorabogʻ qishlogʻidan.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Tuman haqida, 2013-10-06da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2013-09-14
  2. „СОАТО Система обозначений административно-территориальных образований“. 2012-yil 28-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 1-oktabr 2011-yil.
  3. https://www.xorazmstat.uz/uz/matbuot-markazi/qo-mita-yangiliklar/7452-viloyat-shahar-va-tumanlarining-doimiy-aholisi-soni
  4. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.
  5. Oʻzbek tilining toponimlarining oʻquv izohli lugʻati. Toʻra Nafasov, Vazira Nafasova. Toshkent. 2007.
  6. Xorazm va Xorazmliklar. Umid Bekmuhammad. Buxoro. 2023.