Kontent qismiga oʻtish

Bodhisattva

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Bodhisattva

Plaosan ibodatxonasida Avalokiteśvara Bodhisattva tasvirlangan relyef, 9-asr Markaziy Java, Indoneziya.
Maʼlumotnoma
Sanskrit बोधिसत्त्व (bodhisattva)
Pali बोधिसत्त (bodhisatta)
Bengalcha বোধিসত্ত্ব (bodhisotto)
Birmacha ဗောဓိသတ် (bɔ́dḭθaʔ)
Xitoycha 菩薩/菩提薩埵, (pinyin: púsà/pútísàduǒ), (Jyutping: pou4 saat3/pou4 tai4 saat3 do3), (Wade–Giles: p'u2-sa4)
Yaponcha 菩薩/菩提薩埵 (romaji: bosatsu/bodaisatta)
Koreyscha 보살, 菩薩 / 보리살타, 菩提薩埵 (romanlashtirish: bosal / borisalta)
Mongolcha တြုံလၟောဝ်ကျာ် (kraoh kəmo caik)
Singalcha බෝධි සත්ත්ව (bodhisatva)
Tagalcha Bodisatta
ᜊᜓᜇ᜔ᜑᜒᜐᜆ
Taycha โพธิสัตว์ (phothisat)
Tibetcha བྱང་ཆུབ་སེམས་དཔའ་ (jang chup sem pa)
Vyetnamcha Bồ Tát 菩薩/Bồ-đề-tát-đóa 菩提薩埵
Hurmat koʻrsatilishi Theravāda, Mahayana, Vajrayana, Navayana

Bodhisattva[a] – buddalik (butunlay uygʻonish) darajasiga erishgan yoki unga intilayotgan shaxs[1][2]. Koʻpincha bu atama boshqalarga ham Buddalikka erishishda rahnamolik qilish maqsadida Nirvana yoki boshqa rohat va halovat beruvchi barcha narsalardan voz kechgan yoki ularni kechiktirayotgan shaxslarga nisbatan qoʻllaniladi.

Dastlabki buddaviylik maktablarida hamda zamonaviy Theravāda buddaviyligida bodhisattva (yoki bodhisatta) atamasi Buddaga aylanish niyatini bildirgan va tirik Budda tomonidan bu niyatining roʻyobga chiqishi tasdiqlangan shaxslarga nisbatan ishlatiladi[3].

Mahāyāna buddaviyligida esa bodhisattva atamasi bodhichittani (barcha jonli mavjudotlar foydasi uchun Buddalikka erishishga qaratilgan samimiy istak) uygʻotadigan har qanday shaxsni anglatadi. Mahayana bodhisattvalari ruhiy uygʻonishga erishish uchun kurashadigan va ulkan rahm-shafqat (mahākaruṇā) bilan harakat qiladigan ruhiy qahramonlardir. Ular „toʻrtta ilohiy makon“ (brahmavihāra) – mehr-muhabbat (maitrī), rahm-shafqat (karuṇā), hamdardlik quvonchi (muditā) va tengqurlik (upekṣā), shuningdek turli xil bodhisattva „mukammalliklari“ (pāramitālar), jumladan prajñāpāramitā („cheksiz aql-zakovat“ yoki „mukammal idrok“) va mahorat (upāya) kabi muhim ruhiy fazilatlar bilan tavsiflanadi[4][5][6].

Theravāda buddaviyligida bodhisattva asosan gʻayrioddiy va nodir shaxs sifatida qaraladi. Faqat bir nechta tanlangan shaxslar, masalan Maitreya, oxir-oqibat bodhisattvaga aylanishi mumkin. Mahāyāna buddaviyligi esa bodhisattva yoʻlini har bir inson uchun ochiq deb biladi va barchani bodhisattva boʻlishga undaydi[7][8]. Avalokiteshvara, Maitreya va Manjushri kabi ruhiy jihatdan rivojlangan bodhisattvalar Mahāyāna buddaviylik dunyosida keng ehtiromga sazovor boʻlib, ular barcha jonli mavjudotlarga yordam berish uchun ulugʻ sehrli kuchga ega, deb hisoblanadi[9].

Etimologiyasi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Bodhisattva soʻzi ikkita sanskritcha soʻzning birikmasidan tashkil topgan: Bodhi (बोधि) – „uygʻonish“ yoki „maʼrifat“ degan maʼnoni anglatadi va Sattva (सत्त्व) – „borliq“ yoki „shaxs“ degan maʼnoni bildiradi. Bu atama bodhi (yaʼni „uygʻonish“) yoki Buddalik sari intilayotgan yoki Budda darajasiga erishgan shaxsni anglatadi[10][11].

Dastalabki buddizm taʼlimoti

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Dharma gʻildiragi
Buddizm
Madaniyati
Tarixi
Buddistlar
Maktablar
Ibodatxonalar
Matnlar
Portal
Bodhisattvaning dastlabki tasvirlaridan biri boʻlishi mumkin. (Bimaran sandigʻi, milodiy 50-yil)[12]
Gandhara haykaltaroshlik asari, bodhisattva (kelajakdagi Sidharta Gautama)ni Dipankara oldida qasamyod qilayotgani tasvirlangan, Chikago sanʼat universiteti

Mazhablarga boʻlinishga qadar, buddaviylikda bodhisatta atamasi faqatgina Sidharta Gautamaning marifiy yetuklikka erishish uchun kurashayotgan soʻnggi hayotidagi yoshlik yillari uchungina qoʻllanilgan[13]. Dastlabki buddaviylik matnlarida Budda tez-tez „men hali uygʻonmagan Bodhisatta boʻlganimda“ iborasidan oʻzining ruhiy uygʻonishidan oldingi tajribalarini tasvirlash uchun foydalangan[14]. Uygʻonishdan oldingi davrni muhokama qiluvchi dastlabki matnlar asosan uning ruhiy rivojlanishiga eʼtibor qaratadi. Bhikkhu Analayo fikriga koʻra, bu matnlarning koʻpchiligi uchta asosiy mavzuga qaratilgan: „bodhisattvaning zararli boʻlgan ruhiy holatlarni yengib oʻtishi, qalb xotirjamligini rivojlantirishi va idrokining oʻsishi.“[15]

Boshqa ilk manbalar, masalan Acchariyabbhutadhamma-sutta (MN 123 va uning Madhyama-āgama 32dagi xitoycha paralleli) bodhisattva Gautamaning Tushita jannatidagi oʻtgan avvalgi hayotida sodir boʻlgan ajoyib fazilatlarini muhokama qiladi. Pali matni bodhisattvaning Tuṣhitada yashagan paytda xushmuomalalik va aniq tushunchalarga qanday qilib ega boʻlganligiga eʼtibor qaratadi, xitoycha manba esa uning umr davomiyligi, tashqi koʻrinishi va shon-shuhrati barcha devalar (xudolar)dan ustun ekanligini taʼkidlaydi. Bu manbalar, shuningdek, bodhisattvaning homilador boʻlishi va tugʻilishi bilan bogʻliq turli moʻjizalarni muhokama qiladi. Ularning orasida eng mashhuri, Buddaning yetti qadam tashlab, bu uning soʻnggi hayoti ekanligini eʼlon qilgani haqidagisidir[16]. Xitoycha manbada, Budda Kāśyapa hukmronligi davrida rohib sifatida yashagan paytda u „muqaddas hayotida yashar ekan, [Buddalikka erishish] uchun ilk qasamyodini qilganligini“ taʼkidlaydi[17].

Bodhisattvalarning fazilatlarini muhokama qiluvchi yana bir dastlabki manba Mahāpadāna suttadir. Bu matn Budda Vipassī kabi qadim zamonlarda yashagan oltita oldingi Buddalar kontekstida bodhisattva fazilatlarini muhokama qiladi[18]. Bodhisattva taʼlimotining yana bir muhim elementi, biror kishining kelajakdagi Buddaligini bashorat qilish, boshqa xitoycha dastlabki buddaviylik matni (Oʻtmish haqida tushuntirish boʻyicha nutq; MĀ 66)da uchraydi. Bu nutqda Maitreya ismli rohib kelajakda Budda boʻlishni orzu qiladi va Budda Maitreyani kelajakda Budda boʻlishini bashorat qiladi[19]. Ekottarika-āgamada topilgan boshqa nutqlar „bodhisattva Maitreya“ni namunaviy shaxs sifatida tavsiflaydi (EĀ 20.6 va EĀ 42.6) va bu toʻplamdagi bir sutra shuningdek, Budda qanday qilib Maitreyaga oltita mukammallik (pāramitā)ning bodhisattva yoʻlida oʻrganganligini koʻrsatib beradi (EĀ 27.5)[20].

Shuningdek, bodhisatva atamasi „maʼrifatga intilayotgan“ mavjudotni anglatishi mumkin, boshqacha qilib aytganda, toʻliq maʼrifatga erishishni maqsad qilgan shaxs. Shuningdek, Pāli kanonida Bodhisatta (bodhisattva) hali ham tugʻilish, kasallik, oʻlim, qaygʻu, ifloslanish va adashishga duchor boʻlgan shaxs sifatida tasvirlangan. Theravāda rohibi Bhikkhu Bodhi fikriga koʻra, barcha buddaviylik anʼanalari Buddalikka erishish uchun „oʻz ixtiyori bilan qaror qabul qilish“ va bodhisattva sifatida ruhiy mukammalliklarga (pāramīlar yoki pāramitālar) erishish kerakligi haqida kelishadilar, ammo haqiqiy bodhisattva yoʻli Pali Nikayalaridagi (va ularning xitoycha Āgamalar) eng qadimgi qatlamlarda oʻrgatilmagan, buning oʻrniga ular arahant idealiga eʼtibor qaratadi[21].

Sidharta Gautama qanday qilib bodhisattvaga aylanganligi haqidagi eng qadimgi hikoya uning oldingi Budda Dīpankara bilan uchrashuvi haqidagi hikoyadir. Bu uchrashuv paytida Gautamaning oldingi inkarnatsiyasi, turli xil nomlar bilan atalgan Sumedha, Megha yoki Sumati beshta koʻk nilufar taklif qiladi va Dīpankara uning ustidan yurishi uchun sochlarini yoyadi, keyin esa bir kun Budda boʻlish niyatini bildiradi. Dīpankara keyin ularning Buddalikka erishishlarini tasdiqlaydi[3]. Dastlabki buddaviylik mualliflari bu hikoyani tirik Budda oldida qasamyod qilish (abhinīhāra) va uning kelajakdagi Buddaligini bashorat qilishi/yoki tasdiqlashi (vyākaraṇa) bodhisattvaga aylanish uchun zarur ekanligini koʻrsatadi deb bilishgan. Drewesning fikriga koʻra, „Buddalik sari yoʻlning mavjud barcha modeli shu muhim tushunchaning tabiiy rivoji sifatida vujudga kelgan.“[3]

Bodhisattva gʻoyasiga oid hikoyalar va taʼlimotlar turli Jataka hikoyalari manbalarida uchraydi. Bu hikoyalar asosan Sakyamunining avvalgi hayotlari haqidagi voqealarga asoslangan. Mahayana boʻlmagan Nikaya maktablari orasida bodhisattva taʼlimotlarini oʻz ichiga olgan asosiy janr aynan Jataka adabiyoti boʻlgan boʻlishi mumkin[22]. Miloddan avvalgi taxminan 125–100-yillarda barpo etilgan Bharhut stupasi panjaralarida taxminan oʻttizta Jataka hikoyasi tasvirlanganini hisobga olinsa, bu hikoyalar xalq orasida mashhur buddizmning muhim qismiga aylanganini koʻrish mumkin. Shunday qilib, bodhisattva gʻoyasi Jataka hikoyalari orqali ommalashgan boʻlishi mumkin[23]. Jataka hikoyalari orasida Sakyamuni avvalgi hayotlarida bodhisattva boʻlgan vaqtlari haqidagi koʻplab voqealar mavjud. Ushbu voqealar odatda bodhisattvaga xos sifatlar va amaliyotlarni (masalan, rahm-shafqat, oltita komillik turi, gʻayritabiiy kuchlar) dramatik tarzda ifodalaydi hamda koʻplab fidokorlik harakatlarini oʻz ichiga oladi[24].

Sakyamuniga oid Jataka hikoyalaridan tashqari, hozirda Tushita osmonda yashayotgan Metteya (Maitreya) kelajakda Buddaga aylanishi va bu haqda Sakyamuni tomonidan bashorat qilingani haqidagi gʻoya ham bodhisattva mafkurasiga oid dastlabki taʼlimotlardan biridir. Bu fikr ilk bor Cakkavattisihanadasuttada uchraydi[25]. A. L. Bashamning fikriga koʻra, ayrim Ashoka farmonlari ham bodhisattva gʻoyasini o'zida namoyish etishi mumkin. Bashamning fikricha, Ashoka oʻzini bodhisattva deb hisoblagan boʻlishi ehtimoldan xoli emas, chunki bir farmonda u „sambodhi sari yoʻl olganini“ bayon qiladi[26].

Nikāya maktablari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
6-asrga oid Maitreya tasviri, Qizil gʻorlari, 224-gʻor

Buddist anʼanalari turli raqib mazhablarga boʻlinib ketgan davrda, bodhisattva yoʻli (sanskritcha: bodhisattvayana) tushunchasi arhat va yolgʻiz budda yoʻlidan farqli (va ustun) yoʻl sifatida barcha asosiy Nikāya maktablari orasida, jumladan Theravāda, Sarvāstivāda va Mahāsāṃghikada keng tarqalgan edi[27]. Bu taʼlimot, masalan, milodiy 2-asr manbalarida, Avadānaśataka va Divyāvadānada uchraydi[28]. Bodhisattvayana „kamolot yoʻli“ (pāramitāyāna), „bodhisattva dharmasi“, „bodhisattva tayyorgarligi“ va „mukammal Buddalik yoʻli“ kabi nomlar bilan ham atalgan[29].

Turli manbalarga koʻra, baʼzi Nikāya maktablari (masalan, Dharmaguptaka va baʼzi Mahāsāṃghika mazhablari) Tripitaka bilan birga „Bodhisattva Piṭaka“ yoki „Keng qamrovli (Vaypulya) Piṭaka“ deb atagan bodhisattvalarga oid matnlar toʻplamini oʻz avlodlariga yetkazib borishgan[30][31][32]. Ulardan hech biri toʻlaligicha saqlanib qolmagan[31]. Dar Hayal bodhisattva idealining tarixiy rivojlanishini „bhakti (sadoqat, ishonch, muhabbat)ning oʻsishi va Buddaning komilikka erishishi va oʻlganlar bilan aloqa qilishi“ga bogʻlaydi[33].

Shimoliy Hindistondagi Sarvāstivāda maktabi fikricha, Sidharta Gautamaga Buddalikka erishish uchun uchta „hisoblanmas davr“ (asaṃkhyeya) va toʻqson bir davr (kalpa) kerak boʻlgan. Birinchi hisoblanmas davrda u 75,000 Buddaga duch kelgan va xizmat qilgan, ikkinchisida 76,000 Buddaga, shundan soʻng Dīpankaradan kelajakda Buddalikka erishishi haqidagi birinchi bashoratini (vyākaraṇa) olgan, yaʼni endi u Buddalik yoʻlidan qayta olmasligini aniq boʻlgan[3]. Sarvāstivāda uchun birinchi ikkita hisoblanmas davr bodhisattva hali ham yoʻldan qaytishi va orqaga chekinishi mumkin boʻlgan vaqt davridir. Ikkinchi hisoblanmas davr oxirida ular Buddaga duch kelishadi va bashorat olishadi, shu paytdan boshlab ular Buddalikka erishishlari aniq boʻladi[34].

Demak, Sarvāstivāda maktabi uchun ham tirik Buddaning mavjudligi zarur hisoblanadi. Mahāvibhāṣā asarida bodhisattva yoʻli haqidagi munozara qisman „aslida bodhisattva boʻlmagan kishilarning oʻzlarini bodhisattva deb oʻylab, kibrga berilishining oldini olish“ maqsadida olib borilganligi tushuntiriladi[3]. Biroq, Sarvāstivāda taʼlimotiga koʻra, texnik jihatdan inson uchinchi beqiyos kalpa (cheksiz davr) yakunigacha bodhisattva hisoblanmaydi; shundan keyingina u buyuk shaxsning alomatlari (yaʼni, Buddaning jismoniy belgilari)ni namoyon etishga olib keluvchi amallarni bajara boshlaydi[3].

Dambulla g‘or ibodatxonasidagi singxalcha Avalokiteśvara (Natha, Lokeshvara Natha, Natha Deviyo nomlari bilan ham tanilgan) haykali
Taraning oltin bilan qoplangan bronza haykali, Shri-Lanka, milodiy 8-asr
Avalokiteśvara bodhisattvasining bronza haykali. Shri-Lanka, taxminan milodiy 750-yil

Bodhisattva ideali janubiy buddist manbalarida ham uchraydi, masalan, Theravāda maktabiga mansub Buddhavaṃsa (miloddan avvalgi 1–2-asrlar)da Gautama qanday qilib niyat qilgani (abhinīhāra) va avvalgi Budda Dīpaṃkara tomonidan kelajakda Buddalikka erishish bashorati (vyākaraṇa) olinganidan soʻng Buddalikka erishishiga qatʼiy ishonch (dhuva) hosil qilgani bayon etiladi. Gautama Buddalikka erishish uchun toʻrtta beqiyos davr va yuz mingta qisqaroq kalpa (davr) ni boshidan oʻtkazadi[3][34].

Pali kanonidagi bir nechta manbalarda koʻplab Buddalar mavjudligi va kelajakda ham koʻp Buddalar boʻlishi, ularning barchasi bodhisattva sifatida tarbiyalanishi zarurligi aytiladi[35]. Kanondan tashqari Theravāda Jataka adabiyotida ham bodhisattvalar va bodhisattva yoʻli haqida taʼlimotlar mavjud[35].

Theravāda buddizmida Maitreya, Saman va Natha (Avalokiteśvara) kabi bodhisattvalarga sigʻinish ham uchraydi[35].

Buyuk olim Buddhaghosa (milodiy 5-asr) davriga kelib, ortodoksal Theravāda buddizmda uch asosiy ruhiy yoʻl mavjud degan hind buddist qarashi hukmron boʻlgan: Buddalar yoʻli (buddhayāna), yaʼni bodhisattva yoʻli; alohida Buddalar yoʻli (paccekabuddhayāna); va shogirdlar yoʻli (sāvakayāna)[36].

Birmalik buddist weizzaʼlarni tasvirlovchi qurbongoh. Bu ezoterik anʼanada weizzalar oʻzlarini bodhisattva deb bilishadi

Shri-Lankalik sharhlovchi Dhammapāla (milodiy 6-asr) Cariyāpiṭaka asariga sharh yozgan, u bodhisattva yoʻli va bodhisattvaning oʻnta kamoloti haqida soʻz yuritadi[35].

Dhammapālaning sharhida bodhisattva boʻlish uchun tirik Budda qarshisida haqiqiy niyat qilish kerakligi taʼkidlanadi[3]. Shundan soʻng Budda bashorat (vyākaraṇa) beradi, bu esa insonning Buddalikka erishishidan qaytmas (anivattana) ekanligini bildiradi. Nidānakathāda, shuningdek Buddhavaṃsa va Cariyāpiṭaka sharhlarida bu fikr aniq bayon qilinadi: tirik Buddaning oʻrnini Bodhi daraxti, Budda haykali yoki Stupa kabi narsalar bosa olmaydi, chunki faqat Budda ishonchli bashorat berish bilimiga ega. Bu – hozirgi ortodoksal Theravādada saqlanib qolgan keng tarqalgan qarashdir[3].

Zamonaviy Theravada mualliflari fikriga koʻra, kimnidir haqiqiy bodhisattvaga aylantirish uchun tirik Budda bilan uchrashish kerak, chunki shunday qilinmasa, kelajakda Buddaga erishish haqidagi niyat unutboʻlib ketishi mumkin. Birma rohibi Ledi Sayadaw (1846–1923) taʼkidlaganidek, kelajakdagi Buddalikka erishish uchun oʻz-oʻzidan niyat qilish oson, ammo dunyoda Dharma yoʻq boʻlib ketgan davrlarda bu niyatni va kerakli xulq-atvorni saqlab qolish juda qiyin. Ana shuning uchun ham, faqatgina tirik Buddadan bashorat olganidan keyingina, bu shaxs haqiqiy bodhisattva hisoblanadi[3].

Shu sababli, Theravada anʼanalarida kelajakdagi Budda Maitreya bilan uchrashib, undan bashorat olishga intilish keng tarqalgan. Oʻrta asr Theravada adabiyotlarida va yozuvlarda rohiblar, qirollar va vazirlarning Maitreya bilan uchrashishga va shunday bashorat olishga umid qilganliklari qayd etilgan. Anagarika Dharmapala (1864–1933) va U Nu (1907–1995) kabi zamonaviy shaxslar ham kelajakda Buddadan bashorat olishga intilgan va Buddizm foydasiga qilingan savobli amallar ularning kelajakdagi bodhisattva boʻlish yoʻlidagi saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlaydi, deb ishonishgan[3].

Vaqt oʻtishi bilan bu atama Theravada yurtlarida Sidharta Gautamadan tashqari boshqa shaxslarga ham nisbatan ishlatiladigan boʻldi, ehtimol bu Mahayana taʼsiri natijasidir. Shri Lankadagi Theravada Abhayagiri anʼanasi Mahayana Buddizmini amalda qoʻllagan va 12-asrgacha juda katta taʼsirga ega boʻlgan[37]. Shri Lanka qirollari, kamida Sirisanghabodhi (247–249-yillar hukmronlik qilgan) davridan boshlab, koʻpincha bodhisattva sifatida tasvirlangan. U rahmdilligi bilan mashhur boʻlib, fuqarolar farovonligi uchun duo qilgan va mahāsatta (Sanskritcha: mahāsattva) sifatida koʻrilgan, bu epithet asosan Mahayana Buddizmiga xos[38]. 3-asrdan 15-asrgacha boʻlgan boshqa koʻplab Shri Lanka qirollari ham bodhisattva sifatida tasvirlangan va ularning qirollik burchlari baʼzan ochiq ravishda oʻn pāramitā amaliyotlari bilan bogʻlangan[39]. Baʼzi hollarda ular oʻzlarining oʻtgan hayotlarida Buddalik bashoratini olganliklarini aniq aytishgan[3].

Theravada taʼlimoti tarqalgan yurtlardagi mashhur buddist shaxslar ham bodhisattva sifatida koʻrilgan. Shanta Ratnayaka Anagarika Dharmapala, Asarapasarana Saranarikara Sangharaja va Hikkaduve Sri Sumangala koʻpincha „bodhisattvalar“ deb atalishini qayd etadi[35]. Buddhaghosa anʼanaviy ravishda Maitreyaning reenkarnatsiyasi deb qaralgan[35]. Paul Williamsning yozishicha, Tailanddagi ayrim zamonaviy Theravada meditatsiya ustozlari xalq orasida bodhisattva sifatida eʼzozlanadi[40]. Janubiy ezoterik Theravadadagi (masalan, Birmadagi veizzalar) turli zamonaviy shaxslar ham oʻzlarini bodhisattva deb daʼvo qilganlar[34].

Theravada rohibi va olimi Walpola Rahula bodhisattva idealini nafaqat Mahayana, balki anʼanaviy ravishda Theravada doirasida ham eng oliy maqom deb hisoblanganini yozadi. Rahulaning soʻzlariga koʻra: „Theravada ham, Mahayana ham bir ovozdan Bodhisattva idealini eng yuksak shaxs sifatida qabul qiladi… Theravada har kim Bodhisattva boʻlishi mumkinligini tan olsa-da, barchaga bodhisattva boʻlishlikni majburiy qilmaydi, chunki bu amaliy emas, deb qaraladi.“[41] U, shuningdek, „Shri Lanka qirollari bodhisattva boʻladilar“ degan yozuvni ham keltirib oʻtadi[42].

Jeffrey Samuels ham bu qarashni qoʻllab-quvvatlaydi va Mahayana Buddizmida bodhisattva yoʻli universal va barcha uchun moʻljallangan boʻlsa, Theravada anʼanalarida esa u „faqat ayrim alohida shaxslar uchun ajratilgan“ligini taʼkidlaydi[43].

Greko-buddaviy uslubdagi tik turgan Maitreya haykali (3-asr), Metropolitan san’at muzeyi, Nyu-York
Greko-buddaviy Vajrapāni (Buddaning himoyachisi), Gerkulesga oʻxshab tasvirlangan, 2-asr

Mahāyāna buddizmi (koʻpincha Bodhisattvayāna, yaʼni „Bodhisattva yoʻli“ deb ham ataladi) asosan bodhisattva yoʻliga asoslanadi[44]. Bu yoʻl arhat yoki yolgʻiz Budda boʻlishdan koʻra yuksakroq va sharafliroq deb qaraladi. Hayalning qayd etishicha, sanskrit manbalarida bodhisattva yoʻli odatda „shogirdlar“ (śrāvakalar) yoʻlidan yuqoriroq maqsad – yaʼni anuttara-samyak-sambodhi (eng oliy, toʻliq maʼrifat) sari yoʻl deb tasvirlanadi. Shogirdlar yoʻli esa nirvanaga, yaʼni arhatchilik darajasiga olib boradi[45].

Peter Skillingning taʼkidlashicha, Mahāyāna harakati „aniq boʻlmagan bir vaqtda, masalan, miloddan avvalgi 1-asrda, bir guruh rohiblar, rohiba ayollar va oddiy izdoshlardan iborat jamoalar oʻzlarini butunlay Bodhisattva yoʻliga bagʻishlaganlarida“ boshlangan[29].

Bu Mahāyānachilar bodhisattvayāna yoʻlini hamma uchun ochiq boʻlgan, barcha mavjudotlar amal qilishi lozim boʻlgan yoʻl sifatida umumlashtirdilar. Bu yondashuv Nikāya maktablariga qarama-qarshi boʻlib, ularda bodhisattva yoʻli faqat nodir shaxslar uchungina moʻljallangan, degan eʼtiqod mavjud edi[7][8][29].

Hindistonlik Mahāyānachilar Vaipulya („Keng“) sutralari deb ataluvchi matnlar toʻplamini saqlab qolgan va targʻib qilganlar (bu matnlar keyinchalik Mahāyāna sutralari deb atalgan)[46].

Lotus sūtrasi kabi Mahāyāna manbalarida, nirvanaga erishgan arhatchilar aslida oʻzlarining maʼnaviy izlanishlarini toʻliq yakunlamaganliklari aytiladi, chunki ular hali yuqori darajadagi maqsad – sambodhi (Buddalik)ga erishmaganlar. Shu sababli, ular ushbu oliy maqsad sari intilishni davom ettirishlari kerak boʻladi[47].

Bodhisattva yoʻliga kirish

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Mañjuśrī haykali, Candi Jago (14-asr), Yava, Indoneziya

David Drewes soʻzlariga koʻra, „Mahayana sutralari bir ovozdan yoʻlning boshlanishini Budda boʻlish niyatining birinchi paydo boʻlishi (prathamacittotpāda) yoki bodhichittaning ilk uygʻonishi bilan bogʻlaydi. Bu odatda Budda bashoratidan ancha oldin, bir necha yillar va kalpalardan ham avval yuz beradi va bodhisattva atamasi shu bosqichdan qoʻllanila boshlaydi.“[3] Masalan, O‘n bosqich sutrasi (Dasabhūmika Sūtra) bodhichittaning yuzaga kelishini bodhisattva faoliyatining birinchi qadamidir, deb tushuntiradi[48]. Demak, bodhichittaning paydo boʻlishi, barcha mavjudotlar manfaati uchun uygʻonishga qaratilgan rahmdil ong – bodhisattva yoʻlining markaziy va aniqlovchi unsuri hisoblanadi[49].

Bodhisattva yoʻlining yana bir asosiy elementi bu bodhisattvaning praṇidhānasi tushunchasidir. Bu soʻz qaror, niyat, qasam, duo, tilak, orzu va qatʼiy intilish maʼnolarini bildiradi[50]. Bu umumiy tushuncha – chin yurakdan orzu qilish yoki tantanali niyat – bodhichitta bilan chambarchas bogʻliq (va bodhichittaning ham sababi, ham natijasi hisoblanadi) va oxir-oqibat, bodhisattvalar maʼlum bir shakllangan „bodhisattva qasamyodi“ni qabul qilish gʻoyasiga aylanadi[51].

Boshqa sutralarda esa yanada uzunroq va murakkabroq qasamlar roʻyxati ham mavjud, masalan, O‘n bosqich sutrasida keltirilgan oʻn qasam bunga misol boʻla oladi[52].

Shuningdek Mahayana manbalarida, Buddaning bodhisattvaga kelajakda Budda boʻlish bashoratini (vyākaraṇa) berishining ahamiyati ham alohida taʼkidlanadi. Bu bodhisattva yoʻlidagi muhim bosqichlardan biri sifatida koʻriladi[53].

Keyinchalik Mahayana buddistlari bodhichittaning yuzaga kelishiga yordam beruvchi maxsus marosimlar va bagʻishlov amallarini ham rivojlantirishgan. Bularning ichiga ishonch, sigʻinish, duo, tavba kabi turli boshlangʻich sifatlarni shakllantirishga xizmat qiladigan amallar kiradi[48]. Bu amallar, bodhichittaga tayyorgarlik vazifasini oʻtaydigan bir turdagi dastlabki amaliyot sifatida qaraladi va ular „yetti qismli sigʻinish“ (saptāṅgavidhi, saptāṅgapūjā yoki saptavidhā anuttarapūjā) sifatida mashhur boʻlgan[54]

Mahāyāna bodhisattvalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Kṣitigarbha haykali, orqa fonida uning pok yurti va hamroh bodhisattvalar tasvirlangan. Ho Chi Minh shahridagi budda ibodatxonasidan, Vyetnam

Budda izdoshlari (ayniqsa Mahāyāna tarafdorlari) bir necha bodhisattvalarni – masalan, Maitreya, Mañjuśrī va Avalokiteśvarani – nihoyatda maʼnaviy yetuk mavjudotlar (oʻninchi bhumi bosqichiga yetganlar) deb ulugʻlaydilar. Ular beqiyos muyassar kuchga ega deb hisoblanadilar. Lewis Lancasterning yozishicha, bu „osmoniy“ yoki „samoviy“ bodhisattvalar „yoki Buddaning zohirlari“ „yoki buyuk moʻjizaviy oʻzgarishlar orqali koʻplab jasadlarni tiriltirish quvvatiga ega mavjudotlar“ deb qaraladi[55].

Bu bodhisattvalarga eʼtiqod qilish diniy odati, ehtimol, ilk bor Shimoliy Hindistonda shakllangan boʻlib, ular asosan Gandhara va Kashmir sanʼatida tasvirlangan. Osiyo sanʼatida ular odatda shahzoda yoki malika kabi, qirollik liboslari va taqinchoqlari bilan tasvirlanadi (zero, ular „Dharma shahzodalari“ deb hisoblanadilar)[9].

Buddaviylik sanʼatida bodhisattva odatda goʻzal, sokin ifodali va nozik holatda tasvirlanadi. Bu Siddhartha Gautamaning bodhisattva davridagi tasvirlariga mos keladi. Dunyo boʻylab buddaviy sanʼatidagi bodhisattvalar tasviri ular ifodalovchi yuksak fazilatlarni – mehr (metta), rahm-shafqat (karuṇā), xushnudlik (muditā) va xotirjamlik (upekxā) kabilarni oʻzida aks ettirishga harakat qiladi[4].

Bu kabi bodhisattvalarni madh etuvchi va ularning moʻjizaviy harakatlarini hikoya qiluvchi adabiyotlar Osiyoda hanuz mashhurdir. Shunday asarlardan biri – Lu Kao (459–532) tomonidan yozilgan Guanshiyinning tezkor munosabat bildirishining namoyon boʻlishi haqidagi yozuvlar toʻplami (More Records of Kuan-shih-yinʼs Responsive Manifestations) boʻlib, Xitoyda juda katta taʼsirga ega boʻlgan[56].

Tibet buddizmida esa Maṇi Kambum shunga oʻxshash mashhur matndir (bu maxfiy ravishda oshkor qilingan matn – terma hisoblanadi). U Chenrezig (yaʼni Avalokiteśvara, Tibetning muqaddas homiysi hisoblangan bodhisattva) va uning Tibetdagi moʻjizaviy faoliyatiga bagʻishlangan[57][58].

Ayol bodhisattvalar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
12-asr Yaponiya tasviri: Lotus sutrasidan naga malikasi Buddaga marvarid taqdim etmoqda
Oq ajdaho ustida oʻtirgan Benzaiten tasviri. Baʼzi yapon manbalarida bu obraz Lotus sutrasidagi naga malikasi bilan bogʻlanadi[59].

Prajñāpāramitā-devī – donishmandlik mukammalligining ayol timsoli boʻlib, Prajñāpāramitā sutralarida muhim obraz sifatida namoyon boʻladi. U Hind buddist sanʼatida keng tasvirlangan.

Guanyin (yaponcha: Kannon) – Avalokiteśvaraning ayol shaklidagi timsoli boʻlib, Sharqiy Osiyo buddizmida eng koʻp eʼzozlanadigan bodhisattvalardan biridir. U odatda mehribon ona sifatida tasvirlanadi[60]. Guanyinning boshqa mashhur shakllari orasida Cundī, Cintāmaṇicakra, Hayagriva, Oʻn bir boshli ming qoʻlli Guanyin va Janubiy dengizlar Guanyini kabi koʻrinishlar mavjud.

Ayniqsa Avalokiteśvara kabi bodhisattvalarning jinsiy identifikatsiyasi bilan bogʻliq turli koʻrinishlari bu mavzuda muhokamalarga sabab boʻlgan. Chan oqimining ustozlaridan biri Sheng Yenning taʼkidlashicha, Avalokiteśvara (xitoycha: Guanyin) kabi mahāsattvalar jins jihatdan betaraf (xitoycha: 中性; pinyin: „zhōngxìng“) boʻlib, bu ularning turli darajadagi erkak va ayol shakllarda namoyon boʻlishini tushuntiradi[61].

Tibet buddizmida Tara yoki Jetsun Dölma (rje btsun sgrol ma) eng muhim ayol bodhisattva hisoblanadi[62].

Koʻplab Mahāyāna sutralarida ayol bodhisattvalar asosiy obraz sifatida koʻrinadi va ularning hayoti, taʼlimotlari hamda kelajakdagi Buddalik maqomi muhokama qilinadi. Bunga quyidagi sutralar misol boʻladi: Vimalaśraddhā qizning savollari (Tohoku Kangyur – Toh 84), Vimaladattāning savollari (Toh 77), Śrīmālādevīning sher ohangi (Toh 92), Lokadharaning soʻrovi (Toh 174), Aśokadattā bashorat sutrasi (Toh 76), Vimalaprabhāning savollari (Toh 168), Kṣemavatīning bashorati sutrasi (Toh 192), Sumati qizning savollari (Toh 74), Gaṅgottaraning savollari (Toh 75), Bir kampirning savollari (Toh 171), Mañjuśrīning moʻjizaviy oʻyini (Toh 96), va Candrottarā qizning bashorati sutrasi (Toh 191)[63].

Mashhur vakillari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vaqt oʻtishi bilan koʻplab tarixiy buddist shaxslar ham oʻzlarining fazilatlari tufayli bodhisattva sifatida eʼtirof etila boshlangan va ularga bagʻishlov amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan. Masalan, hind falsafasi madhyamaka maktabining asoschisi Nagarjuna atrofida keng qamrovli bir hagiografiya (muqaddas shaxs hayoti haqida yozilgan asarlar) rivojlangan. Tibet buddizmi izdoshlari Dalaylamalar va Karmapalarni Chenrezig – Rahm-shafqat bodhisattvasining zohir boʻlish shakli deb hisoblashadi. Yaponiyadagi turli buddist maktablari esa oʻz asoschilari – masalan, Kukai va Nichirenni bodhisattva sifatida koʻrishadi. Xitoy buddizmida ham bir qancha tarixiy shaxslar bodhisattva sifatida tilga olingan[64].

Bundan tashqari, turli Hind xudolari ham Mahayana buddist manbalarida bodhisattva sifatida qaraladi. Masalan, Kāraṇḍavyūhasūtrada Vishnu, Shiva, Brahma va Sarasvati bodhisattva sifatida taʼriflanadi va ularning barchasi Avalokiteshvaraning zohir boʻlish shakllari ekanligi aytiladi[65]. Sarasvati (xitoycha: Biàncáitiān, 辯才天; yaponcha: Benzaiten) va Shiva (xitoycha: Dàzìzàitiān, 大自在天; yaponcha: Daikokuten) kabi xudolar hali ham Sharqiy Osiyo buddizmida bodhisattva devalar va dharmapalalar (Dharma himoyachilari) sifatida eʼzozlanadi[66].


  1. Inglizcha: /ˌbdˈsʌtvə/ BOH-dee-SUT-və; sanskritcha: बोधिसत्त्व bodhisattva; बोधिसत्त; bodhisatta; shuningdek bodhisatva, bodxisatva deb ham yoziladi
  1. Skilling, Peter (2021). Questioning the Buddha: A Selection of Twenty-Five Sutras, Introduction, Simon and Schuster.
  2. Silk, Jonathan A. (2025). Bodhisattva: Buddhist Ideal. Britannica.
  3. 3,00 3,01 3,02 3,03 3,04 3,05 3,06 3,07 3,08 3,09 3,10 3,11 3,12 Drewes, David, Mahāyāna Sūtras and Opening of the Bodhisattva Path (Wayback Machine saytida 2021-03-05 sanasida arxivlangan), Paper presented at the XVIII the IABS Congress, Toronto 2017, Updated 2019.
  4. 4,0 4,1 Flanagan, Owen. The Bodhisattva's Brain: Buddhism Naturalized (en). MIT Press, 2011-08-12 — 107-bet. ISBN 978-0-262-29723-3. 
  5. Pye, Michael (1978). Skillful Means – A concept in Mahayana Buddhism. London: Gerald Duckworth & Co. Ltd. ISBN 0-7156-1266-2.
  6. Williams 2008, ss. 50–51.
  7. 7,0 7,1 Samuels 1997.
  8. 8,0 8,1 Skorupski, Tadeusz. The Historical Spectrum of the Bodhisattva Ideal. The Middle Way. Journal of the Buddhist Society. August 2000. Vol. 75, No.2, 95–106.
  9. 9,0 9,1 Williams 2008, ss. 220–221.
  10. Skilling, Peter (2021). Questioning the Buddha: A Selection of Twenty-Five Sutras, Kirish qismi, Simon and Schuster.
  11. Silk, Jonathan A. (2025). Bodxisattva: Buddistik ideal. Britannica.
  12. "The crossroads of Asia", edited by Elizabeth Errington and Joe Cribb, The ancient India and Iran Trust, 1992, ISBN 0-9518399-1-8, pp. 189–190
  13. Basham 1981, s. 19.
  14. „SuttaCentral“. SuttaCentral.
  15. Nyanatusita 2013, ss. 166–167.
  16. Nyanatusita 2013, ss. 171–172.
  17. Nyanatusita 2013, s. 181.
  18. Nyanatusita 2013, s. 179.
  19. Nyanatusita 2013, ss. 186–189.
  20. Nyanatusita 2013, ss. 192–193.
  21. Bodhi 2013; Nyanatusita 2013, s. 11.
  22. Nyanatusita 2013, s. 111.
  23. Basham 1981, s. 22.
  24. Jan 1981, ss. 127–132.
  25. Basham 1981, s. 28.
  26. Basham 1981, s. 25.
  27. Dayal 1970, s. 10; Nyanatusita 2013, s. 82.
  28. Dayal 1970, s. 10.
  29. 29,0 29,1 29,2 Nyanatusita 2013, s. 82.
  30. Walser, Joseph (2005), Nāgārjuna in Context: Mahāyāna Buddhism and Early Indian Culture, p. 53, Columbia Univ Pr, ISBN 978-0-231-13164-3
  31. 31,0 31,1 Nyanatusita 2013, ss. 81, 94.
  32. Baruah, Bibhuti (2008). Buddhist Sects and Sectarianism. p. 52
  33. Dayal 1970, s. 31.
  34. 34,0 34,1 34,2 Drewes, David. The Problem of Becoming a Bodhisattva and the Emergence of Mahayana. History of Religions, volume 61, number 2, November 2021. The University of Chicago. Template loop detected: Andoza:Doi
    This citation will be automatically completed in the next few minutes. You can jump the queue or expand by handBodhisattva]]
  35. 35,0 35,1 35,2 35,3 35,4 35,5 Shanta Ratnayaka, "The Bodhisattva Ideal of the Theravåda, Journal of the International Association of Buddhist Studies, 1985, 85–110.
  36. Crosby, Kate (2013), Theravada Buddhism: Continuity, Diversity, and Identity, bet. 34–35. Wiley-Blackwell.
  37. Hoiberg, Dale H., ed. (2010). „Abhayagiri“. Encyclopædia Britannica. I: A–ak Bayes (15-nashr). Chicago, Illinois: Encyclopædia Britannica Inc. p. 30. ISBN 978-1-59339-837-8.
  38. Holt, John. Buddha in the Crown : Avalokitesvara in the Buddhist Traditions of Sri Lanka. 1991. p. 59
  39. Holt, John. Buddha in the Crown : Avalokitesvara in the Buddhist Traditions of Sri Lanka. 1991. pp. 59–60
  40. Williams, Paul. Mahāyāna Buddhism: The Doctrinal Foundations. Taylor & Francis, 1989, p. 328.
  41. Rahula, Walpola. „Bodhisattva Ideal in Buddhism (Gems of Buddhist Wisdomdan)“. Buddhist Missionary Society, 1996.
  42. Holt, John. Buddha in the Crown : Avalokitesvara in the Buddhist Traditions of Sri Lanka. 1991. p. 60
  43. Samuels 2013.
  44. Nattier, Jan (2003), A few good men: the Bodhisattva path according to the Inquiry of Ugra: 174-bet
  45. Dayal 1970, s. 11.
  46. Nyanatusita 2013, s. 84.
  47. Dayal 1970, s. 14.
  48. 48,0 48,1 Dayal 1970, s. 50.
  49. Dayal 1970, ss. 60–61; Williams 2008, s. 195.
  50. Dayal 1970, s. 64.
  51. Dayal 1970, s. 65.
  52. Dayal 1970, ss. 65–66.
  53. Dayal 1970, s. 67.
  54. Dayal 1970, s. 54.
  55. Lancaster 1981, s. 154.
  56. Jan 1981, ss. 138–139.
  57. Matthew Kapstein, Remarks on the Maṇi bKaʼ-'bum and the Cult of Āvalokiteśvara in Tibet, in Tibetan Buddhism: Reason and Revelation, Steven D. Goodman va Ronald M. Davidson tahriri ostida, SUNY, 1992
  58. „Maṇi Kambum“. collab.its.virginia.edu. Qaraldi: 2022-yil 5-may.
  59. Faure, Bernard (2015). The Fluid Pantheon: Gods of Medieval Japan, Volume 1, bet 301. University of Hawaii Press.
  60. Williams 2008, ss. 221–225.
  61. Sheng Yen „圣严法师《观世音菩萨的性别》“. 佛弟子文库. Qaraldi: 2019-yil 30-avgust.
  62. Beyer, Stephan (2013). Magic and Ritual in Tibet: The Cult of Tara, bet 13. Motilal Banarsidass.
  63. „The Inquiry of Lokadhara, Introduction“ (en). 84000 Translating The Words of The Buddha. 2022-yil 1-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 1-yanvar.
  64. Lancaster 1981, s. 157.
  65. Studholme, Alexander (2002). The Origins of Om Manipadme Hum: A Study of the Karandavyuha Sutra. State University of New York Press. b. 39–40.
  66. Hodous, Lewis; Soothill, William Edward. A dictionary of Chinese Buddhist terms: with Sanskrit and English equivalents and a Sanskrit-Pali index. London: RoutledgeCurzon, 2004. ISBN 0-203-64186-8. OCLC 275253538.