Boʻgʻim

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Bo`g`imdan yoʻnaltirildi)

Boʻgʻim — suyaklar (baʼzan paylar) ning harakatchan birikishi, bunda birikkan yuza oraligʻida boʻshliq (yoriq) boʻladi. Boʻgʻim hosil boʻlishida ishtirok etadigan suyaklarning (birida boʻgʻim boshchasi, ikkinchisida esa boʻgʻim chuqurchasi boʻladi) sinovial suyuqlik bilan toʻla. Boʻgʻim boʻshligi va boʻgʻim xaltasi farq qilinadi. Suyaklarning bir-biriga birikkan uchlari bir xilda boʻlmaydi. Koʻpincha oyoqqoʻlning naysimon suyaklari boʻgʻim sohasida yoʻgʻonlashib, boshcha, suyakning qaramaqarshi yuzasida esa botiqchalar va maydonchalar hosil qiladi. Suyaklarning boʻgʻim yuzalari boʻgʻim paylari bilan qoplangan boʻlib, ular harakat vaqtida sodir boʻladigan zarblarni kamaytiradi, boʻgʻimning erkin va elastik harakat qilishiga imkon beradi. Boʻgʻim hosil qilishda ishtirok etadigan suyaklarning uchlari biriktiruvchi toʻqimadan tuzilgan boʻlib, boʻgʻim xaltasi bilan, ichki tomondan esa sinovial parda bilan oʻralgan. Bu parda paylar yuzasini namlab turuvchi va ular harakatini yengillashtiruvchi suyuqlik ishlab chiqaradi, aks holda harakat chogʻida boʻgʻim hosil qilgan suyaklarning yuzalari oʻzaro ishqalanib ogʻriq paydo qiladi va harakat cheklanadi. Koʻpchilik boʻgʻim xaltasi boylamlar bilan mustahkam oʻralgan. Boʻgʻim yuzalarining shakliga qarab sharsimon (koʻp oʻqli), gʻaltaksimon (bir oʻqli), tuxumsimon (ikki oʻqli) va boshqa boʻgʻim lar boʻladi. Sharsimon boshchali suyak boʻgʻimi (masalan, yelka suyagi boʻgʻimi) eng serharakat hisoblanadi, tuxumsimon boshchali suyak boʻgʻimi (mas, boldiroyoq panjasi boʻgʻimi) da bukilishyozilishdan boshqa harakatlar chegaralangan; baʼzi suyak boʻgʻim lari (mas, bilaktirsak boʻgʻim ida bilak suyagi) aylanma harakat qilishi mumkin. Qator boʻgʻimlarning yordamchi tuzilmalari boʻlib, ularni boʻgʻim paylari (tizza boʻgʻimi, jagʻ boʻgʻimi), disklar, menisklar bir-biriga moslashtirib turadi. Baʼzi suyaklar oʻzaro boʻgʻim yordamisiz, biriktiruvchi toʻqimalar, boylamlar va paylar yordamida birikkan boʻladi (mas, kalla suyagi orasidagi choklar, chanoqboylamlari, umurtqalar orasidagi pay disklari va boshqalar). Boʻgʻim harakati odamning tik yurishi, bukilishi, ishlashi va boshqa holatlarini taʼminlaydi. Boʻgʻim sovuqqa, kasalliklarga, shikastlarga, moddalar almashinuvi buzilishiga oʻta taʼsirchan boʻladi, shu bois uni bu illatlardan himoya qilish lozim. Muntazam ravishda badan tarbiya bilan shugullanish boʻgʻimni mustahkamlaydi va ularni tashqi muhit taʼsirotlariga chidamini oshiradi. Boʻgʻim kasalliklaridan uning shikastlanishi (suyak chiqishi), artroz (tugʻma yoki moddalar almashinuvining izdan chiqishi tufayli), boʻgʻim yalligʻlanishi (artrit) koʻproq uchraydi. Shuningdek, boʻgʻimlarning qimirlamay qolishi (ankiloz), harakatining vaqtincha yoki butunlay cheklanishi (kontraktura) kuzatiladi.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Ahmedov, Nosir. „Boʻgʻim“ OʻzME. B-harfi[sayt ishlamaydi] Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil