Biofabrika

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Biokombinatdan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Biofabrika, biokombinat — oʻsimliklar zararkunandalari, kasalliklari va begona oʻtlarga qarshi kurashishda foydalaniladigan biopreparatlar va entomofaglar ishlab chiqaruvchi, shuningdek uy hayvonlari kasalliklarini aniklash, oldini olish va davolash uchun biopreparatlar (vaksina, zardob va boshqalar) tayyorlovchi korxona. Oʻzbekistonda dastlabki B. (biolaboratoriya)lar 1972 yilda tashkil etilgan. 1978 yildan sugʻorma dehqonchilik mintakalaridagi B.da, asosan oʻsimliklarning zararkunanda tunlamlariga qarshi qoʻllaniladigan trixogramma va boshqa koʻpaytiriladi. Oʻzbekistonda 526 xoʻjaliklararo mexanizatsiyalashgan B. liniyalari mavjud. Trixogrammani koʻpaytirish jarayoni ikki bosqichda olib boriladi: tuxumi (trixogramma oʻz tuxumini shu tuxumga qoʻyib rivojlanadi) uchun don kuyasini va trixogrammani kupaytirish. Bu ishlarni amalga oshirish uchun B.da donni don kuyasi bilan zararlash, koʻpaytirish va kapalaklarni yigib olish sexi hamda don kuyasi tuxumlarini trixogramma bilan zararlash sexi quriladi. Don kuyasini koʻpaytirish bokslari bir-biri bilan hasharotni oʻtkazuvchi yoʻl opkali tutashtirilgan: bu yoʻldagi havo oqimi kapalaklarni kuya yiqqichga toʻplaydi. Kassetalarga joylashtirilgan kapalaklar tuxum qoʻya boshlaydi, tuxumlar har kuni yigʻib olinadi va ortiqcha aralashmalardan tozalanadi. Don kuyasining tuxumlari trixogramma bilan namlik, harorat va yorugʻligi sozlab turiladigan maxsus moslamalarda zararlanadi. Rivojlanishning imagodan oldingi bosqichini tugatgan trixogrammalar sovuq kameralarga yigʻiladi va shu yerdan xoʻjaliklarga joʻnatiladi. B.da trixogrammani butun yil davomida koʻpaytirish mumkin. Bir sentner arpa yoki makkajoʻxori donidan 600—1400 g don kuyasi tuxumi olinadi. Bir boksning ishlab chiqarish unumdorligi 300 grammgacha. Biofabrika texnologiyasi davri besh marta davom ettirilsa 1500 g tuxumxur trixogramma olish mumkin. Bu esa 440—500 ga paxta maydonga ishlov berish uchun yetadi.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil