Biogenetik qonun

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Biogenetik qonun — organizmlarning individual taraqqiyoti (ontogenezi) va tarixiy taraqqiyoti (filogenezi) oʻrtasidagi munosabatlarni ifodalovchi tushunchalar majmui. Birinchi marta F. Myuller (1864) ochgan, E. Gekkel (1866) tomonidan tavsiflab berilgan. Biogenetik qonun ga muvofiq tuxum hujayra urugʻlanishdan boshlab undan yetuk organizm rivojlanishiga qadar mazkur organizm oʻz turi tarixiy taraqqiyotining asosiy bosqichlarini qisqa takrorlaydi, yaʼni ontogenez filogenezning qisqacha takrorlanishi (rekapitulyatsiyasi)dan iborat. Filogenez Gekkel fikricha, ontogenez soʻngida yangi davrlarning paydo boʻlishi orqali amalga oshadi. Pekin ontogenez cheksiz uzayishi mumkin emas, shuning uchun ontogenezda takrorlanadigan filogenetik davrlar astasekin qisqara boradi. Bundam tashkari, ontogenezning hamma davrlarida yashash muhiti sharoitiga moslashish tufayli yangi belgilar paydo boʻladi. Rekapitulyatsiyani buzadigan bu belgilarni Gekkel senogenez, oʻzgarmas (konservativ) belgilar va jarayonlarni palingenez deb atagan. Biogenetik qonun embriologik dalillardan filogenez jarayonini tushuntirishda foydalanishga imkon beradi. Gekkel filogenetik tadqiqotlar uchun uchlik parallelizmi metodini, yaʼni paleontologiya, solishtirma anatomiya va embriologiya dalillarini solishtirishni taklif etadi. Gekkel fikricha, ontogenezda filogenetik davrlar bir butunligicha takrorlanadi. Keyingi tadqiqotlar har bir organizm senogenezi juda koʻp boʻlishini va bir butun filogenetik davrlarning rekapitulyatsiyasi mumkin emasligini koʻrsatdi. Faqat ayrim belgilar va jarayonlar rekapitulyatsiya boʻladi. A. N. Seversov filembriogenez konsepsiyasini ishlab chiqdi. Unga binoan organizmlar evolyutsiyasi ontogenezning har qanday davridagi irsiy oʻzgarishlar asosida boradi; filogenez ontogenezning genetik qatoridan iborat, Biogenetik qonun esa faqat onto va filogenez nisbatlarining ayrim tomonlarini aks ettiradi, shuning uchun muayyan tur ontogenezi evolyutsiyada ontogenez soʻnggi davrlarining qoʻshilishi orqali amal qiladi. Biogenetik qonun butun organik dunyoga tegishli boʻlib, Darvinning evolyutsion nazariyasini isbotlash va rivojlantirishda katta ahamiyatga ega.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil