Bichilish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Bichilish — badanning tabiiy burmalaridagi terining ishqalanib qizarishi. Asosan, dumba burmalari, chov, oyoq barmoqlarining orasi, qoʻltiq osti, ayollarda sut bezlarining osti bichiladi. Koʻp terlash va koʻp yogʻ chiqib turishi, oqchil kelishi, siydik tuta olmaslik B.ga sabab boʻladi. B. yilning issiq paytlarida koʻproq kuzatiladi. B. chaqaloqlarda, semiz kishilarda, qand kasalligi bilan ogʻriganlarda koʻp uchraydi. Bichilgan joy yalligʻlanib qichishadi, qizarib, pilchillab turadi, teri burmalari ostida yoriqlar paydo boʻladi. Baʼzan, yiringli yoki zamburugʻli kasalliklar qoʻshilishi mumkin. B.ning oldini olish uchun terini toza tutish, ozodalik qoidalariga rioya etish, chaqaloqlarni toʻgʻri parvarish qilish, koʻp terlashga qarshi choralar koʻrish lozim. Chaqaloqlar choʻmiltirilganidan va semiz kishilar yuvinganidan keyin teri burmalariga qizdirilgan oʻsimlik moyi surtish yoki upa (talk) sepib qoʻyish kerak.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil