Kontent qismiga oʻtish

Belgrad qamali

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Belgrad qamali
Usmoniylarning Yevropadagi urushlari va Usmoniylar–Vengriya urushlarining bir qismi
Sanalar 1521-yil 25-iyun – 29-avgust
Urush yeri Nándorfehérvár, Vengriya qirolligi (hozirgi Belgrad, Serbiya)
Natija Usmoniylarning gʻalabasi
Qoʻmondonlar
Usmoniylar imperiyasi
  • Sulaymon I
  • Gazi Husrev Bey
  • Piri Mehmed posho
  • Ahmad posho
  • Lala Mustafo posho
Vengriya qirolligi
  • Mihály Móré
  • Balázs Oláh
  • Petar Ovčarević
Kuchlar
100 000, shundan 30 000 nafari askarlar[1] 700 askar

Belgrad qamali (veng.: Nándorfehérvár ostroma) - 1521-yilda Usmoniylar imperiyasi hududlarining gʻarbga tomon eng kengaygan davrida, Usmoniylar–Vengriya urushlari jarayonida vengerlarning mustahkam qal’asiga qaratilgan uchinchi yirik hujumi natijasida yuz bergan. Usmoniylar sultoni Sulaymon I 1521-yil may oyining oʻrtalarida oʻz qoʻshinini yurishga olib chiqdi. Oʻsha paytda Vengriya davlati deyarli tartibsizlik holatida boʻlib, Usmoniylar qoʻshiniga samarali tarzda qarshilik koʻrsata olmadi[2][3].

Dastlab hech kim, hatto sultonning oʻzi ham yurishning aniq maqsadini bilmas edi[4]. Piri Mehmed poshoning raqibi Hain Ahmad posho (keyinchalik Piri Mehmed Posho vazirlikdan chetlatilishida ham rol oʻynagan) avval Šabacni egallashni, soʻngra Sava daryosidan oʻtib, Budaga zarba berishni taklif qildi. Piri Mehmed posho esa agar Belgradni Vengriya poytaxti Buda hujumidan oldin qoʻlga kiritmasalar, vengerlar Belgradda ularning qaytish yoʻlini kesib qoʻyishi mumkinligini taʼkidladi[4][5]. Sulton Sulaymon Ahmadning rejasini afzal koʻrdi, biroq shu bilan birga Piri Mehmed poshoga qoʻshinlarning kichik qismi bilan Belgradni qamal qilishga ruxsat berdi. Sultonning oʻzi Šabacni egalladi, Piri Mehmed posho esa Zemun qal’asini zabt etdi[6].

Soʻngra sulton Piri Mehmed poshoga Belgraddagi qamalni toʻxtatib, Sava daryosidan oʻtish uchun koʻprik qurishni boshlagan asosiy qoʻshin tarkibiga qoʻshilishni buyurdi. Biroq Zemun qal’asini zabt etib, qoʻshinlarning kichik qismi bilan Belgradni qamal qilayotgan Piri Mehmed posho qamalni bekor qilishdan bosh tortdi. Mustafo Ali sultonning Zemun qal’asi uchun Piri Mehmed poshoni tabriklamaganidan shikoyat qilib, bu qaror ortida Ahmad turganini koʻrsatdi, ammo ehtimoliy talqinga koʻra, sulton Budaga hujumga tayyorgarlik koʻrishda barcha kuchlarga muhtoj edi[6]. Keyingi urinish yaʼni Sava daryosidan oʻtish muvaffaqiyatsizlikka uchradi. Daryo toshib, koʻprikdan qarama-qarshi tomonga oʻtish imkonsiz boʻlib qoldi[4]. Shundan soʻng sulton Piri Mehmed poshoga tez orada unga qoʻshilishlarini maʼlum qildi[4]. Birgalikda ular shaharni zabt etishdi va Belgrad 24-avgust kuni qoʻlga olindi[4]. Šabacda turklar barcha himoyachilarni qirgʻin qilgan boʻlsa, Belgradda 700 nafar himoyachidan qariyb 70 nafari tirik qoldi[4]. Sulaymon ularning hayotini asrab qoldi[4], ammo serblarning aksariyati Istanbulga deportatsiya qilindi[4].

Belgradning qulashi Vengriya hokimiyati Usmoniylar imperiyasining kengayish siyosatiga qarshi tura olmasligini koʻrsatdi. Bu ustunlik 1526-yilda Mohács tekisligidagi jangda yaqqol namoyon boʻldi. Vengriya magʻlubiyatga uchrab, parchalanib ketgach, Usmoniylarning Yevropaga kirib kelishiga qarshi xristian kurashining yetakchisi sifatida Vengriyani ham oʻz tarkibiga olgan Gabsburg monarxiyasi maydonga chiqdi. Belgrad 1688-yilda, Bavariya gersogi Maximilian shaharni Avstriya uchun bosib olgandan keyingina nasroniy kuchlar boshqaruvi ostiga oʻtdi.

Urushdan keyin

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1520-yilda Salim I vafot etgach, uning oʻgʻli Sulaymon Usmoniylar imperiyasi sultoniga aylandi. Vengriya qirolligi esa deyarli xarobaga aylangan edi. Vengriya zodagonlari koʻplab guruhlarga boʻlinib ketgan boʻlib, kuchli markaziy hokimiyatsiz mamlakat mudofaasi uchun birlasha olmasdi. Vengriya qiroli Louis II koʻplab nizolar tufayli zaiflashgan edi. Past tabaqali zodagonlar oliy zodagonlar va saroy doiralari bilan toʻqnashib turar, Transilvaniya voyevodasi, oʻz davrining eng boy arboblaridan biri boʻlgan Yanoš Zapolyai esa allaqachon zaiflashgan qirol Louis II rejimiga ochiq qarshilik koʻrsatardi. Transilvaniya voyevodasini qoʻllab-quvvatlovchi guruh doimo saroy doiralari bilan ziddiyatda edi. Qirolning oʻzi esa uning gʻarazli hamrohlarining qoʻlida qudratsiz bir shaxsga aylangandi. Koʻp hollarda u hatto oʻz hayoti uchun ham mablagʻ topa olmasdi. Bunday sharoitlarda janubiy chegarada mudofaa tizimini mustahkamlash yoki har qanday harbiy yurishlarni amalga oshirish imkonsiz edi.

  1. Popović 2018, s. 6.
  2. Ćirković 2004.
  3. Popović 2018.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 4,5 4,6 4,7 Ágoston, Gábor. The Last Muslim Conquest The Ottoman Empire and Its Wars in Europe. Princeton University Press, 2021 — 155-bet. ISBN 9780691205380. 
  5. YUSUF KÜÇÜKDAĞ. „PÎRÎ MEHMED PAŞA“. İslâm Ansiklopedisi. 2021-yil 1-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 1-sentyabr.
  6. 6,0 6,1 Şahin, Kaya. Empire and Power in the Reign of Süleyman Narrating the Sixteenth-Century Ottoman World. Cambridge University Press, 2013 — 38-bet. ISBN 9781107034426. 
  • Histoire du peuple serbe (fr). Lausanne: L’Age d’Homme, 2005. 
  • Ćirković, Sima. The Serbs. Malden: Blackwell Publishing, 2004. 
  • Fine, John Van Antwerp Jr.. The Late Medieval Balkans: A Critical Survey from the Late Twelfth Century to the Ottoman Conquest. Ann Arbor, Michigan: University of Michigan Press, 1994. ISBN 0472082604. 
  • Fotić, Aleksandar „Belgrade: a Muslim and non-Muslim cultural centre (Sixteenth-Seventeenth centuries)“, . Provincial Elites in the Ottoman Empire: Helcyon Days in Crete V. Rethymno: Crete University Press, 2005 — 51-75-bet. 
  • Popović, Marko „Siege of Belgrade in 1521 and restoration of fortifications after conquest“, . Belgrade: 1521-1867. Belgrade: The Institute of History, 2018 — 5-25-bet.