Kontent qismiga oʻtish

Bear Came Along

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Bear Came Along
Muallif(lar) Richard T. Morris
Mamlakat Amerika Qoʻshma Shtatlari
Til inglizcha
Janr(lar)i Bolalar adabiyoti
Nashr etilgan sanasi 2019-yil 1-iyun
Nashriyot Little, Brown, and Company
Sahifalar soni Sahifalar raqamlanmagan
Mukofot(lar) Caldecott Honor
ISBN 9780316464451
Syujet daryoda safarga chiqqan bir guruh hayvonlar haqida.

Bear came alongRichard T. Morrisning 2019-yilda nashrdan chiqqan rasmli kitobi boʻlib, suratlarini LeUyen Pham chizgan. Unda daryoda safarga chiqqan bir guruh hayvonlar haqida hikoya qilinadi. 2019-yil 1-iyunda nashr etilgan „Bear came along“ Morrisning birinchi marta tunab qoladigan lagerga borgani haqidagi xotiralariga asoslangan. Phamning akvarel, siyoh va guash yordamida yaratgan suratlari uning uchun alohida ahamiyatga ega edi. Tanqidchilar uning rasmlar orqali bir nechta turli xil kayfiyatlarni mohirona aks ettirish qobiliyatini eʼtirof qilgan. Ushbu illyustratsiyalar, shuningdek, odatda kitobning boshqalarga bogʻlanish haqidagi mavzusini toʻldiruvchi sifatida baholangan. Kitob umumiy jihatdan ijobiy baholangan va 2020-yilda Caldecott Honor mukofotiga sazovor boʻlgan.

Yaratilish tarixi va chop etilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kitob muallifi Richard T. Morrisning aytishicha, u ayiq obrazini oʻzining birinchi marta tunab qoladigan lagerga borgani haqidagi xotiralariga asoslanib yaratgan[1]. Rassom LeUyen Pham esa intervyuda, qoʻlyozmani oʻqishi bilanoq kitobning yakuniy koʻrinishini tasavvur qilganini va buyurtmani mamnuniyat bilan qabul qilganini aytgan[2]. U avval kitobning ichki muqova sahifalarini yaratgan: boshidagi sahifalarni oq-qora, oxiridagilarni esa rangli qilib ishlagan[2]. Bu unga kitobning olamini tushunishga yordam bergan. Phamning taʼkidlashicha, kitob AQSH boʻlingan davrda paydo boʻlib, unga birlik haqidagi hikoyani aytib berish imkonini bergan[2].

Kitob 2019-yil 1-iyunda chop etilgan[3]. Shuningdek, Joshua Manning tomonidan ijro etilgan audio kitob ham mavjud boʻlib, unda sayohatni yaxshiroq tasvirlash uchun ovoz effektlari va musiqadan foydalanilgan[4].

Bir qoʻngʻir ayiq kelib, yogʻoch ustida oqib ketmaguncha u daryoning boshqa daryolardan hech qanday ajralib turadigan tarafi yoʻq edi. Hamma sarguzasht shundan soʻng boshlanadi: ayiqqa qurbaqa, toshbaqalar, qunduz, yenotlar va oʻrdak birma-bir qoʻshiladi. Har bir hayvonning oʻziga xos xususiyati yoki bilimi bor, ammo ayni paytda biror narsadan bexabar. Masalan, qunduz yoʻl topishni biladi-yu, aylanma yoʻllar haqida tasavvurga ega emas. Oʻrdak qoʻshilgandan soʻng, guruh sharsharaga duch keladi. Hayvonlar qirgʻoqqa xavfsiz chiqib olgach, bir-birisiz bu sayohatni amalga oshirolmasliklarini tushunib yetadi[5].

Yozuv va tasvirlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Phamga matnning qisqaligi yoqqan va hikoyani Morris yozganiga ishongisi kelmagan[2]. Kitobda akvarel, siyoh va guash bilan ishlangan illyustratsiyalar bor, ularni Horn Book kolumnisti Julie Danielson 1980-yillardagi multfilmlarga oʻxshatgan[6]. Phamning maqsadi qora-oq va rangli tasvirlar oʻrtasidagi kontrast orqali oʻquvchini jalb qilish edi[2]. Nashriyotga bergan intervyusida u kitobni 20 yillik faoliyati davomida alohida oʻrin tutgan bir asar sifatida taʼriflab, shunday degan edi: „Goʻyo Morris bogʻda daraxt ekkan-u, unga yaproqlar chiqishiga yoʻl qoʻymagan, faqat daraxtning yalangʻoch shoxlari qolgan va u mendan shu daraxtni bezashimni soʻragan. Lekin oʻsha daraxt mustahkam boʻlmaganida, hech narsa unga mahkam oʻrnashmagan boʻlardi.[2]“ Horn Book uchun maqola yozgan kutubxonachi Brian Wilson esa matnni „harakatlarga boy, ammo bir vaqtning oʻzida oʻylantiruvchi“ deb taʼrifladi va Morrisning „-gacha“ soʻzini takror-takror ishlatishi syujetni oldinga siljitib, illyustratsiyalar uchun mustahkam tuzilma yaratganini taʼkidladi[7].

Illyustratsiyalardagi rakurslar sarguzashtning ham dramatik, ham kulgili jihatlarini kuchaytiradi[3][6]. Bir necha tanqidchilar ayniqsa kitobdagi eng keskin voqea – sharshara sahnasini alohida taʼkidlab oʻtgan. Bu sahnada hayvonlar birinchi shaxs nigohidan koʻrsatilgan boʻlib, Wilson uni „2019-yilning rasmli kitobidagi eng tomoshabop lahzalardan biri“ deb atadi[6][7]. Tanqidchilar Phamning xira kulranglardan tortib yorqin tuslargacha foydalanishini kitobning doʻstlik, boshqalar bilan aloqalar hamda munosabatlarning muhimligi mavzulariga mos deb topishgan[3][6][7]. Kirkus Reviews nashri tanqidchisi esa „Eng yosh oʻquvchilar uchun ham tushunarli boʻlgan chuqur maʼno borligini“ yozgan: „Biz hammamiz birgamiz va farqlarimiz birdamligimizni kuchaytiradi.[8]“ Shuningdek, bir qancha tanqidchilar Phamning qahramonlarning hissiyot va ifodalarini tasvirlash mahoratini olqishlagan; Wilson esa uni „tana tili va yuz ifodalarini chizishda ustaligi bilan ajralib turadi“, deb taʼkidlagan[6][7].

Kitobning bir qancha dizayn elementlari ham eʼtiborga molik. Muqova illyustratsiyasi muallif va rassom nomlarini koʻrsatmaydi va shu orqali sarguzashtga kirish muhitini yaratadi[7][9]. Kitob boshidagi ichki muqova sahifalaridagi oʻrmon rasmi Amerika Qoʻshma Shtatlari xaritasiga oʻxshab chizilgan[2]. Oldingi sahifalarda hayvonlarning alohida-alohida hayoti tasvirlangan boʻlsa, kitob oxiridagi sahifalar epilog vazifasini bajaradi[7][9]. Tanqidchilar, shuningdek, illyustratsiyalarning joylashtirilishini, jumladan Phamning ikki betlik keng tasvirlar va panellardan samarali foydalanishini yuqori baholashdi[7][8].

Mukofotlar va oʻquvchilar bahosi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kitob umuman olganda ijobiy baholandi. Common Sense Media kitobga besh yulduzdan toʻrtini berib, uning hazil-mutoyibaga boyligini qayd etdi. School Library Journal uchun yozgan Lucinda Snyder Whitehurst oʻzining ijobiy sharhida: „uning yirik, oʻquvchini ichiga tortuvchi suratlari bilan oʻquvchilarni hamroh boʻlishga chorlaydi“, deb taʼkidladi[10][9]. Publishers Weekly ham illyustratsiyalarni kitobning kuchli tomoni deb atab: „aqlli dizaynga ega suratlar… uni ovoz chiqarib oʻqishga moʻljallangan ajoyib tanlovga aylantiradi“, deb yozdi[3]. Danielson esa The Horn Book Magazine sharhida qahramonlarning sayohatini maqtadi; Kirkus Reviews ham oʻzining „yulduzli sharhi“da shunday qilgan. Kitob yana Booklist sharhlovchisi Ilene Cooperdan yulduzli sharh oldi, u Phamning illyustratsiyalarini „ajoyib va kulgili. Uning yorqin ranglari va tasavvurga boy dizayni eʼtiborni tortadi“, deya taʼrifladi[11].

Kitob 2020-yilda Caldecott Honor mukofotini oldi. Mukofot bayonotida shunday deyiladi: „Daryo Phamning quvnoq chiziqlari, tobora kuchayib boruvchi yorqin ranglari va kutilmagan sahifa burilishlari orqali jonlanib, quvonchli sarguzasht va samimiy aloqalarni yuzaga keltiradi.[12]“ Pham esa bu mukofotni olish oʻzini „eʼtirof etilgandek“ his qilganini va bu uning uchun kutilmagan tuygʻu boʻlganini aytdi[13].

  1. „Creator Corner with Richard Morris BEAR CAME ALONG - YouTube“. www.youtube.com (2019-yil 3-noyabr). 2021-yil 15-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.
  2. 2,0 2,1 2,2 2,3 2,4 2,5 2,6 Stapleton, Victoria „Book Chat: LeUyen Pham on Bear Came Along“ (en-US). A Fuse #8 Production (2019-yil 23-may). Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 „Bear Came Along“. Publishers Weekly (2019-yil 27-mart). Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.
  4. „Bear Came Along by Richard T Morris Read by Joshua Manning | Audiobook Review“ (en). AudioFile Magazine. Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.
  5. Morris, Richard T.. Bear Came Along, Pham, LeUyen, First, New York, June 4, 2019. ISBN 978-0-316-46447-5. OCLC 1040081852. 
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 Danielson, Julie „Review of Bear Came Along“. The Horn Book (2019-yil 3-iyun). Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.
  7. 7,0 7,1 7,2 7,3 7,4 7,5 7,6 Wilson, Brian „Calling Caldecott | Bear Came Along“. The Horn Book (2019-yil 31-oktyabr). Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.
  8. 8,0 8,1 „Bear Came Along“ (en). Kirkus Reviews (2019-yil 4-iyun). Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.
  9. 9,0 9,1 9,2 Whitehurst, Lucinda Snyder „Bear Came Along“. School Library Journal (2019-yil 1-iyun). Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.
  10. McMahon, Regan „Bear Came Along - Book Review“ (en). Common Sense Media (2020-yil 3-fevral). Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.
  11. Chaudhri, Amina (March 15, 2019). "Bear Came Along". Booklist 115 (4): 67–72. http://search.ebscohost.com/login.aspx?direct=true&db=lkh&AN=135395816&site=lrc-plus. 
  12. „Welcome to the Caldecott Medal Home Page!“ (en). Association for Library Service to Children (ALSC). Qaraldi: 2020-yil 11-dekabr.
  13. Schumacher, John „Caldecott Honor Artist LeUyen Pham“. Mr. Schu Reads (2020-yil 5-mart). Qaraldi: 2020-yil 20-noyabr.