Barbizon maktabi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Barbizon maktabi - fransuz realistik manzara janri rivojida muhim o‘rin tutgan rassomlar guruhi; 19-asr 30 — 60- yillarida asosan Fontenblo o‘rmoni (Parij) yaqinidagi Barbizon (Barbizon) qishlog‘ida ijod qilishgan (nomi shundan). Barbizon maktabi demokratik harakatlar kuchaygan, milliy realistik san’at shakllanishi hamda akademizm va romantizm inqirozi davrida paydo bo‘ldi. Barbizon maktabi vakillari manzara janrida tugallangan asar yaratishga harakat qildilar, bunda ular 17- a. golland, 19- a. ingliz va 18 — 19-asr boshlaridagi realistik milliy san’at ustalarining merosiga tayandilar. Asarlarida Fransiya tabiatini, undagi holat, nur va havo to‘lqinlari (q. Plener)ayat go‘zallikni ochib berishga harakat qildilar, inson va tabiat uyg‘unligidagi ko‘tarinki ruhning jozibali ko‘rinishini shoirona talqin etishga muyassar bo‘ldilar. Rang tasvirning o‘ziga xos tusli (tonal) ko‘rinishini yaratib, nur va soyadagi o‘ziga xos jozibani ochib bera oldilar, nur va soyani ma’lum bir rang tizimiga bo‘ysungan holda tuslanishini berishga erishdilar. Barbizon maktabi ning keksa avlodi (T. Russo, J. Dyupre, N. V. Diaz va boshqalar) manzara janrida qahramonlik ruhini saqlashga in-tilsa, o‘rta avlod vakillari (Sh. F. Dobini va boshqalar) ko‘proq borliqni idrok etishga, dastlabki taassurotni berishga, nur-havo muhitini va naturadan olgan taassurotni to‘liq ochib berishga harakat qildi. Ayrim Barbizon maktabi vakillari (K. Truayon va boshqalar) manzara janriga xayvonot olamidan ham lavxalar kiritdi. Barbizon maktabi fransuz realistik san’ati rivojida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Shuningdek Yevropa va boshqa qit’a mamlakatlari san’ati rivojlanishi jarayoniga kuchli ta’sirini o‘tkazdi. Barbizon maktabi san’atining ta’sirini o‘zbek san’atida ham sezish mumkin. Ko‘pgina o‘zbek rassomlari, jumladan manzarachilari (R. Temurov, M. Arinin va boshqalar) shu maktab saboqlaridan bahramand bo‘ldi.Ne’mat Abdullayev.

Adabiyotlar[tahrir]

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil