Kontent qismiga oʻtish

Bahrom ibn Mafinna

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Bahrom ibn Mafinna (forscha: بهرام بن مافنه) 1025/6-yildan to 1041/2-yilgacha buvayhiylar vaziri lavozimida xizmat qilgan eroniy davlat arbobi. Xizmat yillari Abu Kalijar hukmronligi ostida kechgan. Al-Odil ismi bilan ham mashhur boʻlgan.

Dastlabki faoliyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]
9–10-asrlarda Fors va uning atrofidagi hududlar xaritasi

Buvayhiy vazirlarining aksariyatidan farqli oʻlaroq, Bahromning ismi eroniycha edi. Otasining ismi ham eroniy boʻlib, Moh-panohning arablashgan shaklidir[1]. Bahrom 976/7-yilda Forsning Kazerun shahrida tugʻilgan. Voyaga yetgach, buvayhiylar saroyida kotiblik lavozimidan faoliyatini boshlagan. Vaqt oʻtishi bilan yuqori lavozimlarga koʻtarilib, nihoyat 1020-yillarda buvayhiylar vaziri Ibn Makramning maslahatchisi darajasiga yetishgan. 1024-yilda Forsning buvayhiy hukmdori Sulton ud-Davla vafot etgach, koʻp oʻtmay taxt uchun kurash boshlandi. Sulton ud-Davlaning Kirmon hokimi boʻlib turgan oʻgʻli Qavam ud-Davla Forsni oʻz mulki deb daʼvo qilib, oʻz akasi Abu Kalijarga qarshi isyon koʻtardi. Shunga qaramay, Abu Kalijar Fors ustidan nazoratni qoʻlga kiritib, oʻz mulklarini ukasidan muvafaqqiyatli himoya qila oldi.

Vazirlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Biroq, toʻqnashuvlar paytida vazir Ibn Makram oʻldirildi. Abu Kalijar tez orada Bahromni oʻzining yangi vaziri etib tayinladi. Bahrom vazirlik davrida sarkarda va boshqaruvchi sifatidagi yorqin isteʼdodi hamda boshqa dinlarga nisbatan bagʻirkengligi tufayli buvayhiylar fuqarolari orasida mashhur boʻldi[1]. Ismoiliy missioner al-Muayyad fi ad-Din ash-Sheroziy bilan ham yaxshi munosabatda boʻlgan. 1028-yilda Qavam ud-Davla zaharlandi. Oradan koʻp oʻtmay, Abu Kalijar Kirmonni zabt etdi.

1030-yilda Abu Kalijarning yana bir raqibi hamda qarindoshi Jalol ud-Davla oʻz vaziri Abu Ali Hasan boshchiligida 1300 kemadan iborat flotni Abu Kalijardan Basrani tortib olish uchun yubordi. Biroq, ekspeditsiya natijasi halokatli boʻlib, Jalol ud-Davlaning toʻliq magʻlubiyati bilan yakunlandi. Abu Ali Hasan qamoqqa olinib, tezda ozod qilindi. Koʻp oʻtmay, Abu Kalijar Xuzistonni egallagan Bahrom boshchiligida qoʻshin joʻnatdi. Shundan soʻng, Ahvozni oʻz poytaxtiga aylantirdi[1].

1033-yilda Gʻaznaviylar buvayhiylar davlatini bosib olish maqsadida Kirmonga bostirib kirdilar. Biroq, Kirmon aholisiga yuklangan moliyaviy majburiyatlar aholini Buvayhiylar hukmronligini qoʻllab-quvvatlashga undadi. Keyingi yili Bahrom ibn Mafinna Gʻaznaviylarni viloyatdan quvib chiqardi[2][3]. 1037/8-yil Ummonda mahalliy vassal sulola shahzodalari oʻrtasida fuqarolar urushi boshlandi. Bahrom tezda fuqarolar urushiga aralashib, mintaqada tinchlik oʻrnatdi.

Bahrom 1041/2-yil oxirida vafot etdi. Oʻrniga Zul-Saodat Abu Kalijarning vaziri etib tayinlandi[2]. Tarixchi Hugh N. Kennedyga koʻra, Bahrom Buvayhiylarning soʻnggi buyuk vaziri boʻlgan[2].

Oldingisi Forsdagi Buvayhiylar amirligi vaziri
1025/6 — 1041/2
Keyingisi