Badr al-Muʼtazidiy
Abulnajm Badr al-Mu’tazidiy Abbosiylar xalifaligining bosh lashkarboshisi boʻlib, xalifa al-Mu’tazid hukmronligi davrida (h. 892–902) xizmat qilgan. Dastlab harbiy qul (gʻulom yoki mavlo) boʻlgan Badr boʻlajak xalifa al-Mu’tazid qoʻl ostida Zanjilar qoʻzgʻolonini bostirishda ishtirok etgan. Qobiliyati va sadoqati tufayli xalifaning bosh qoʻmondoni darajasiga koʻtarilib, Mu’tazid hukmronligi davrida davlat boshqaruviga sezilarli taʼsir oʻtkazgan. Shuhratparast vazir al-Qosim ibn Ubaydullohning hiyla-nayranglari tufayli 902-yil 14-avgustda qatl etilgan.
Hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Badr xalifa al-Mutavakkilning ozod etilgan qullaridan (mavali) birining oʻgʻli edi. Otasining ismi aniq emas (Xurr yoki Xayr boʻlgan). Badr oʻz faoliyatini al-Muvaffaqning otxonasida otboqar vazifasida boshlagan. Al-Muvaffaq akasi al-Muʼtamid hukmronligi davrida (h. 870–892) xalifalikni amalda boshqargan boʻlib, keyinchalik xalifa boʻlgan al-Mutazidning (h. 892–902) otasi edi[1][2]. Shundan soʻng, Badr Mu’tazid Zanjilar qoʻzgʻoloniga qarshi yurishlarda qatnashish uchun yollagan harbiy qullar (gʻilmon) guruhiga qoʻshilib, tez orada guruhning eng koʻzga koʻringan aʼzolaridan biriga aylandi. Mu’tazidning boshqa gʻilmonlari kabi Badrning ismi ham oddiy ism emas, balki „erkatoy ism“ boʻlib, „toʻlin oy“ degan maʼnoni anglatadi[3]. Shuningdek, kunyasi Abulnajm („Yulduzning otasi“) boʻlib, Hilol, yaʼni „Yangi oy“ ismli oʻgʻli bor edi[4]. Zanjilar urushi davrida yosh Mu’tazid boshchiligidagi gʻilmonlar, asosan, jang maydonlarida hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻlgan. Ular Abbosiylar qoʻshinlarining professional asosini tashkil etib, rahbarlik lavozimlarini egallashgan hamda eng murakkab hujumlarni amalga oshirishgan. Shu tariqa, gʻilmonlar urushda asosiy kuchga aylangan[5].
Badr Mu’tazidning eng ishonchli xizmatkorlaridan biri boʻlib, uning homiyligi ostida nihoyatda katta nufuzga ega boʻldi. 891-yil iyun oyida Mu’tazid otasining xalifalik boʻyicha regenti etib tayinlanishi bilanoq Badr Bagʻdodning xavfsizlik xizmati boshligʻi (sohib ash-shurta) lavozimiga koʻtarildi[1][6]. 892-yil oktyabr oyida Muʼtazid taxtga oʻtirganidan soʻng Badr qoʻshinga bosh qoʻmondon etib tayinlandi. Xalifaning Abbosiylar hokimiyatini tiklash kampaniyalari doirasida koʻplab yurishlarga shaxsan rahbarlik qilishdan tashqari, juda katta siyosiy taʼsirga ham ega boʻldi. Badr hukumatning barcha muhim qarorlarini bekor qilish huquqiga ega edi. Shuningdek, uning qizi Mu’tazidning oʻgʻillaridan biri, keyinchalik xalifalikka tayinlangan al-Muqtadir (h. 908–932) bilan turmush qurdi[7][8]. Badr Mu’tazid hukmronligining aksariyat qismida vazir boʻlgan Ubaydulloh ibn Sulaymon ibn Vahbning ishonchli doʻsti bo'lib, koʻpincha xalifaning gʻazabidan uni himoya qila olar edi. Ularning hamjihatlikdagi ish munosabatlari harbiy va fuqarolik maʼmuriyati oʻrtasida mavjud boʻlgan hamda avvalgi hukmdorlarni qiynagan kelishmovchiliklarni bartaraf etishda hal qiluvchi ahamiyatga ega boʻldi[9]. Shu sababli, Badrni koʻpincha saroy shoirlari, ayniqsa Abu Bakr as-Suliy, xalifaning oʻzi bilan bir qatorda maqtardi. Badrga Bagʻdo shahrining Katta masjidini qayta qurish ishlariga rahbarlik qilish vazifasi topshirildi. Bu masjidni dastlab al-Mansur (h. 754–775) barpo etgan edi. Bundan tashqari, Dajla daryosining sharqiy qirgʻogʻidagi yangi saroy hududida oʻzi uchun saroy qurdirdi. Shundan soʻng, yaqin atrofdagi Bob al-Xossa (Maxfiy darvoza) darvozasi Bob Badr nomiga oʻzgartirildi[10].
Ubaydulloh 901-yilda vafot etgach, Badr homiyligida oʻgʻli Qosimning vazirlik lavozimiga vorisligi taʼminlandi. Biroq Qosim bu yordamga nisbatan hech qanday minnatdorchilik bildirmadi[11]. Darhaqiqat, Qosim tez orada xalifa va oʻgʻillariga qarshi fitna uyushtira boshladi. Biroq armiyaning qoʻllab-quvvatlashini taʼminlash maqsadida Badrga yaqinlashmoqchi boʻlganida, Badr uni gʻazab bilan rad etdi. Qosim Badrning poytaxtdan uzoqda yurishda ekani hamda 902-yil aprelida Muʼtazidning toʻsatdan vafot etishi tufayli chaquvdan va qatl etilishdan qutulib qoldi[11][12]. Badr hali ham tahdid boʻlib turganligi sababli Qosim yangi xalifa al-Muktafiyga (h. 902–908) generalni qoralash uchun harakat qildi. Qosimning hiyla-nayranglari tezda samara berib, Badr Vositga qochishga majbur boʻldi. Shundan soʻng Qosim unga omonlik kafolati (amon) berib, Bagʻdodga qaytishga undadi. Biroq 902-yil 14-avgust kuni al-Madainda vazirning odamlari Badr namoz oʻqiyotgan paytda hujum qilib, boshini kesdilar va xalifaga joʻnatdilar. Jasad qoldirib ketildi. Biroz vaqtdan soʻng qarindoshlari jasadni topib, dafn etish uchun Makkaga joʻnatishdi[11][13].
Badrning qatl etilishini oʻsha davr shoirlari qoralashgan. Hatto „bir vaqtlar qudratli boʻlgan sarkardaning boshini koʻrib, yengil tin olishi kutilgan“ xalifa ham Qosimni bu ishi uchun koyigan deyishadi[11].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 Pellat 2004, s. 117.
- ↑ Bowen 1928, s. 43.
- ↑ Kennedy 2001, ss. 151–152.
- ↑ Rosenthal 1985, s. 106 (note 133).
- ↑ Kennedy 2001, ss. 153–154.
- ↑ Fields 1987, s. 168.
- ↑ Pellat 2004, ss. 117–118.
- ↑ Bowen 1928, ss. 43–44.
- ↑ Bowen 1928, s. 44.
- ↑ Le Strange 1900, s. 270.
- ↑ 11,0 11,1 11,2 11,3 Pellat 2004, s. 118.
- ↑ Bowen 1928, ss. 57–58.
- ↑ Bowen 1928, s. 58.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Bowen, Harold. The Life and Times of ʿAlí Ibn ʿÍsà, ‘The Good Vizier’. Cambridge: Cambridge University Press, 1928. OCLC 386849.
- The History of al-Ṭabarī, Volume XXXVII: The ʿAbbāsid Recovery: The War Against the Zanj Ends, A.D. 879–893/A.H. 266–279, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1987. ISBN 978-0-88706-054-0.
- Kennedy, Hugh. The Armies of the Caliphs: Military and Society in the Early Islamic State. London and New York: Routledge, 2001. ISBN 0-415-25093-5.
- Le Strange, Guy. Baghdad during the Abbasid Caliphate from contemporary Arabic and Persian Sources. Oxford: Clarendon Press, 1900. OCLC 257810905.
- Pellat, Ch. (2004). "Badr al-Muʿtaḍidī". in Bearman, P. J.. Encyclopaedia of Islam. Volume XII: Supplement (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 117–118 b. ISBN 978-90-04-13974-9. http://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/badr-al-mutadidi-SIM_8390.
- The History of al-Ṭabarī, Volume XXXVIII: The Return of the Caliphate to Baghdad: The Caliphates of al-Muʿtaḍid, al-Muktafī and al-Muqtadir, A.D. 892–915/A.H. 279–302, SUNY Series in Near Eastern Studies.. Albany, New York: State University of New York Press, 1985. ISBN 978-0-87395-876-9.
- 9-asrda tugʻilganlar
- 902-yilda vafot etganlar
- Abbosiylar xalifaligi generallari
- Abbosiy xalifalar tomonidan 10-asrda qatl etilganlar
- Bosh qoʻmondonlar
- Abbosiylar gʻilmoni
- Bagʻdod Abbosiylar xalifaligi davrida
- 9-asr Abbosiylar xalifaligi kishilari
- 10-asr Abbosiylar xalifaligi kishilari
- 9-asr qullari
- Abbosiylar xalifaligi qullari