Badiiy oʻqish

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Badiiy o‘qishdan yoʻnaltirildi)

Badiiy oʻqish – estrada sanʼatining bir turi: adabiy asar (sheʼriy nasr, shuningdek publitsistika) yoki dramatik parchani omma oldida ijro etib, tinglovchilarga asar mohiyatini badiiytaʼsirchan qilib yetkazish. Oʻtmishda Badiiy oʻqish xalq baxshilari, ertakchilari, qiziqchilari ijodining asosi hisoblangan. Yunoniston, Rim va Fransiyada badihagoʻylik, deklamatsiya, ifodali oʻqish sanʼati keng rivojlangan. Rossiyada Badiiy oʻqishning ikki turi – oʻz asarlarini mohirlik bilan ijro etish va professional turlari boʻlgan. Ogʻzaki ifodali nutq qadimdan oʻzbek baxshi, ertakchi va dostonchilari, qissaxonlari sanʼatining asosini tashkil qilgan. Oʻzbek B.oʻ. sanʼati tarixida Qosimqul Doʻstmurod, Hamrobibi Umarali qizi, Hasan Xudoyberdi oʻgʻli, Husanboy Rasul oʻgʻli kabi oʻzbek ertakchilari va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli, Fozil Yoʻldosh oʻgʻli, Poʻlkan shoir, Islom shoir kabi xalq shoirlarining xizmatlari katta. Oʻzbek ertakchi va dostonchilari, baxshilari asarning tiliga, ifodalarining ixcham, sodda, tushunarli va obrazli boʻlishiga eʼtibor berish bilan birga ijro vaqtida ovozning bir tondan ikkinchi tonga oʻtishi (modulyatsiya)dan, nutqiy tasnifdan, taqdid uslubidan, mimika va qoʻl harakatlaridan hozirjavoblik, musiqa va xonandalik sanʼatidan ustalik bilan foydalanadilar. Shuningdek, Alisher Navoiy, Muqimiy, Furqat, Hamza, F.Gʻulom kabi oʻzbek adiblari ham oʻz asarlarini mohirlik bilan ijro etishgan. Oʻzbek B.oʻ. sanʼatini rivojlantirishda A. Hidoyatov, Sh. Burhonov, O. Xoʻjayev, N. Rahimov, E. Komilov, M. Abduqunduzov kabi oʻzbek aktyorlarining ham xizmatlari bor. Badiiy soʻz ustasi, respublikada xizmat koʻrsatgan artist Muhsin Hamidov B.oʻ. sanʼati sohasida tanilgan professional ijrochidir. B.oʻ.ning bir aktyor teatri, melodeklamatsiya, ifodali oʻqish kabi turlari mavjud.[1]

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. "Badiiy oʻqish" OʻzME. B-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil