Azizlar masjidi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Azizlar masjidi (Azizlarxon eshon masjidi; Shayxontohur tumani, Yalangqor koʻchasi, 2-uy) - meʼmoriy yodgorlik (18-asr 2-yarmi). Mir Qurbonshayx eshon qurdirgan. Nomi uning avlodlaridan-Xodixon azizlar yoki Zayniddinxon eshon nomi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Sababi ularning har ikkisi ham xalq orasida «Azizlarxon» nomi bilan mashhur boʻlgan. Masjid meʼmor I.F.Borodina tomonidan tarixiy yodgorlik sifatida qayd etilgan (1953) boʻlib, xonaqoh va ayvondan iborat. Ayvoni janubiy-sharq tomonda, ikki qatorda beshtadan ustunlar qoʻyilgan. Kvadrat tarhga ega xonaqoh gumbazi oʻtmishda shikastlanib, koʻchib tushgan. Xonaqohning ichki devorlariga ishlangan tokchalar keyinchalik suvab tashlangan. Gʻarbiy devorda mehrob, qolgan uch tomoniga esa eshiklar oʻrnatilgan (keyinchalik yopib tashlangan). Hovlida 300 yillik chinor saqpangan. Masjid 20-asr boshlarida ham Yalangqor mahalla ahli uchun jome masjidi vazifasini bajarib kelgan. 20-asrning 20-yillarida Toshkentdagi boshqa koʻplab masjidlar qatori yopilgan va uzoq vaqt qarovsiz qolgan. Mahalla aholisi 1946 yilda masjidni qayta ochishni soʻrab hukumat idoralariga murojaat qilishgan. Biroq, undan 3 km masofada (oʻsha vaqtda rasmiy ochilgan masjidlar orasida 2–4 km masofa boʻlishi belgilangan edi) Olmazor masjidi faoliyat yuritayotgani uchun uni ochishga ruxsat berilmagan. Natijada boshqa masjidlar kabi Azizlar masjidi ham turli muassasalar ixtiyorida boʻlgan va shu davr oraligida bir necha bor yongindan zarar koʻrgan. Hozirda ziyoratgoh maskanlardan biri.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]