Avazboy Arab madrasasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Madrasa
Avazboy Arab madrasasi
Mamlakat  Oʻzbekiston
Hudud Buxoro viloyati
Shahar Buxoro
Maktab yoʻnalishi sunniy
Mulkdor Muhammad Avazboy mir hazor
Meʼmoriy uslub Markaziy Osiyo meʼmorchiligi
Binokorlik tashabbuschisi Muhammad Avazboy mir hazor
Asosiy sana:
1777-yilda
Holati Saqlanib qolmagan
Hujralar soni 17 ta
Qurilish materiali Pishiq gʻisht


Avazboy Arab madrasasi — Buxoro madrasasi. Madrasa hozirgi kunda saqlanib qolmagan. Avazboy Arab madrasasi 1777-yilda Soʻfiyon masjidi guzarida[1], Buxoro amirligida hukmronlik qilgan Amir Shohmurod davrida, Muhammad Avazboy mir hazor tomonidan bunyod etilgan. Tadqiqotchi olim Abdusattor Jumanazarov ushbu madrasaga oid bir qator vaqf hujjatlarini oʻrgangan boʻlib, madrasa bilan bogʻliq maʼlumotlar keltirgan. Vaqf hujjatida madrasa Soʻfiyon guzarida Muhammad Avazboy mir hazor tomonidan qurilgan boʻlib, janubida hovuz mavjud boʻlgan. Madrasa shimolida va sharqida yoʻl oʻtgan. Ushbu madrasa uchun voqif Nimhazorayi Pirmastda 100 tanob yerni vaqf qilgan. Madrasaga Muhammad Avazboy ukasi Mirzaboy mir hazor valadi Muhammad Sharifboy mutavvali qilib tayinlagan. Avazboy Arab madrasasida 1 mudarris, 1 sartarosh, 1 farrosh faoliyat olib borgan. Madrasaning har bir hujrasida 2 nafardan 34 ta talaba tahsil olishgan. Madrasada tahsil olayotgan talabalar oʻqish joylarini uzurli sababsiz 2 oy 10 kun tark etishmagan. Agar shunday hodisa roʻy bersa, barcha imtiyozlardan mahrum boʻlishgan. Madrasa faoliyatiga oid koʻplab vaqf hujjati saqlanib qolgan. Dastlabki vaqf hujjati 1777-yilga tegishli boʻlib, Muhammad Sharif madrasa qurilishini xuddi shu sana bilan koʻrsatgan. Yana bir vaqf hujjatida ushbu madrasada mudarrislik qilgan oʻqituvchilar nomlari keltirilgan. Mulla Muhammad Yusuf, mulla Abduqayum, mulla Abduvohid kabi mudarrislar madrasada faoliyat olib borishgan. Ushbu madrasada mudarrislik qilgan mulla Abduqayum maoshi 18 tillani tashkil etgan[2]. Sadri Ziyo oʻzi tuzgan madrasalar roʻyxatida faqatgina madrasa nomini yozib qoldirgan[3]. Avazboy Arab madrasasi 17 ta hujradan iborat boʻlgan. Ushbu madrasa Oʻrta Osiyo meʼmorchiligi uslubida bunyod etilgan. Madrasa pishiq gʻisht, yogʻoch, tosh va ganchdan qurilgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Rahmatova S, Qurbonov H. Buxoro guzarlari tarixidan lavhalar. Buxoro: Buxoro nashriyoti, 1995 — 144 bet. 
  2. Abdusattor Jumanazar. Buxoro taʼlim tizimi tarixi. Toshkent: Akademnashr, 2017 — 592 bet. 
  3. Muhammad Ali Baljuvoniy. Tarixi Nofeyi (Foydali tarix). Toshkent: Akademiya nashriyoti, 2001 — 122 bet.