Atmosfera sirkulyatsiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

Atmosfera sirkulyatsiyasi (lot. circulatio — doiraviy aylanish) — gorizontal o‘lchami materik va okeanlarga, qalinligi bir necha km dan o‘nlab km larga teng bo‘lgan juda katta ko‘lamli havo oqimlari sistemasi. Materik va okeanlar sirtining turlicha isishi, havo oqimlarining ishqalanishi va Yerning aylanishi ta’siridagi og‘ishi, shuningdek to‘lqin va girdoblar hosil bo‘lishi (planetar A. s., global A. s.) tufayli vujudga keladi. Havo massalarining ko‘chib yurishi kengliklararo va meridianal yo‘nalishda ro‘y beradi. Troposferada eng turg‘un oqimlarga passat, antipassat va mussonlar kiradi. Havo massalarining ko‘chishi katta ko‘lamdagi girdoblar (qarang Siklon va Antitsiklon) tufayli o‘zgarishi mumkin. Stratosferaning yuqori qismlarida havo oqimlari zonal (yozda sharqiy, qishda g‘arbiy yo‘nalishda) bo‘ladi.A. s. yildan-yilga yoki bir ko‘p yillik davrdan boshqa ko‘p yillik davrga o‘zgarib turishi Yer atmosferasi Quyoshdan oladigan radiatsiya miqdori b-n, ya’ni Quyosh faolligi b-n belgilanadi (qarang Quyosh radiatsiyasi). A. s. iqlimni shakllantiruvchi muhim jarayon; Yerning har qanday joyidagi iqlim xususiyatlari umuman doimiy A. s.ga, q. x.da barcha turdagi ishlarni olib borishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan ayrim yillar ob-havosining xususiyatlari esa sirkulyatsiyaning yildan-yilga o‘zgarishiga bog‘liqdir. A. s.ni o‘rganish xalq xo‘jaligi va q. x.ni meteorologik ma’lumotlar b-n ta’minlashda muhim ahamiyatga ega.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil