Atmosfera sirkulyasiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Atmosfera sirkulyasiyasi (lot. circulatio — doiraviy aylanish) — gorizontal oʻlchami materik va okeanlarga, qalinligi bir necha km dan oʻnlab km larga teng boʻlgan juda katta koʻlamli havo oqimlari sistemasi. Materik va okeanlar sirtining turlicha isishi, havo oqimlarining ishqalanishi va Yerning aylanishi taʼsiridagi ogʻishi, shuningdek toʻlqin va girdoblar hosil boʻlishi (planetar Atmosfera sirkulyasiyasi, global Atmosfera sirkulyasiyasi) tufayli vujudga keladi. Havo massalarining koʻchib yurishi kengliklararo va meridianal yoʻnalishda roʻy beradi. Troposferada eng turgʻun oqimlarga passat, antipassat va mussonlar kiradi. Havo massalarining koʻchishi katta koʻlamdagi girdoblar (q. Siklon va Antitsiklon) tufayli oʻzgarishi mumkin. Stratosferaning yuqori qismlarida havo oqimlari zonal (yozda sharqiy, qishda gʻarbiy yoʻnalishda) boʻladi.

Atmosfera sirkulyasiyasi yildan-yilga yoki bir koʻp yillik davrdan boshqa koʻp yillik davrga oʻzgarib turishi Yer atmosferasi Quyoshdan oladigan radiatsiya miqdori bilan, yaʼni Quyosh faolligi bilan belgilanadi (q. Quyosh radiatsiyasi). Atmosfera sirkulyasiyasi iqlimni shakllantiruvchi muhim jarayon; Yerning har qanday joyidagi iqlim xususiyatlari umuman doimiy Atmosfera sirkulyasiyasiga, qishloq xoʻjaligida barcha turdagi ishlarni olib borishda muhim ahamiyatga ega boʻlgan ayrim yillar ob-havosining xususiyatlari esa sirkulyasiyaning yildan-yilga oʻzgarishiga bogʻliqdir. Atmosfera sirkulyasiyasini oʻrganish xalq xoʻjaligi va qishloq xoʻjaligini meteorologik maʼlumotlar bilan taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil