Atirgulim

Bu maqolani tinglang
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„Atirgulim“
Qodir Mirashurov qoʻshigʻi
Til oʻzbekcha
Nashr qilingan 1990
Davomiyligi 3:55
Matn muallif(lar)i Ibod Saʼdulla
Bastakor(lar) Qodir Mirashurov
Klipi
„Atirgulim“ YouTubeda

Atirgulim“ („Atirgulim, atring qayga taraladi?“ deb ham nomlanadi) — tojikistonlik oʻzbek sanʼatkor Qodir Mirashurov ijro etgan qoʻshiq. Ashula 1990-yil yozilgan boʻlib, Mirashurov repertuaridagiga eng taniqli taronalarning biridir. Qoʻshiq musiqasini Mirashurovning oʻzi tojikistonlik shoir Ibod Saʼdulla yozgan sheʼrga bastalagan.

„Atirgulim“ Oʻzbekiston, Qirgʻiziston hamda Tojikistonda toʻylarda eng koʻp ijro etiladigan qoʻshiqlarning biridir. Qoʻshiq Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi oltin fondiga kiritilgan. Qoʻshiqni bir necha sanʼatkor, jumladan, Sardor Mamadaliyev hamda „Bojalar“ guruhi kaver qilgan. „Bojalar“ guruhi ijrosidagi talqin 2018-yilda eʼlon qilinishi ortidan „Atirgulim“ qoʻshigʻi yangidan ommalashdi: guruh ijrosidagi versiya YouTubeda toʻrt yil ichida 20 million martadan oshiq koʻrildi[1].

Shoir Saʼdullaning soʻzlariga koʻra, qoʻshiq matniga aylangan sheʼrni yozish fikri „ichki xirgoyi“ natijasida paydo boʻlgan. Sheʼr ilk bor 1990-yil Tojikistonda nashr qilingan „Xalq ovozi“ gazetasida chop etilgan. Mirashurov qoʻshiqni ilk bor Jizzaxda yoki Sirdaryoda toʻyda ijro etganini xotirlagan. Mirashurov qoʻshiq yozilishi tarixi haqida shunday degan:

Tojikistonda chiqadigan oʻzbekcha gazetani ochib, ichidagi sheʼrlarni oʻqirdim. Ibod Saʼdullani u paytda tanimas edim. Ammo sheʼrni koʻrib, yoqtirib qolib, qoʻshiq qildim[2].

Shoir Saʼdulla yozgan sheʼrni Mirashurovdan oldin boshqa bir tojikistonlik sanʼatkor — Shuhrat Davlatov kuyga solgan. Ammo Mirashurov ijrosidagi versiya koʻproq ommalashgan. Saʼdulla sheʼri qoʻshiq matniga aylanganidan keyin biror moddiy foyda koʻrmagani, shunchaki sheʼri unga shuhrat keltirganidan mamnun ekanligini aytgan.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Bojalar - Atirgulim“. YouTube (3-aprel 2018-yil). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.
  2. „Бир қўшиқ тарихи: Атиргулим, атринг қайга таралади?“. Ozodlik radiosi (27-noyabr 2018-yil). Qaraldi: 23-iyun 2022-yil.

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Ushbu maqolani tinglang (3 daqiqa)
noicon
Spoken Wikipedia icon
Bu audiofayl ushbu maqolaning 25-iyun, 2022-yil(2022-06-25) sanasidagi versiyasi asosida yaratilgan boʻlib, shu sanadan keyin amalga oshirilgan tahrirlarni aks ettirmaydi.