Assotsiatsiya (psixologiya)
Turlari
Assotsiatsiya (psixologiyada) — muayyan sharoitda psixologik hosilalar orasida paydo boʻladigan aloqa. Assotsiatsiya inson ongidagi avvalgi turmush tajribalari bilan belgilanadigan tasavvurlar bogʻlanishi, shu bogʻlanishlar paltufayli ongda paydo boʻlgan muayyan tasavvurlar oʻxshashlik, yondoshlik va qarama-qarshilik belgilariga koʻra, shunga bogʻliq boʻlgan boshqa tasavvurlarni hosil qiladi. Assotsiatsiya oʻtmish tajribasi asosida paydo boʻlib, narsa va voqealarning obyektiv aloqalarini aks ettiradi. Bir ruhiy jarayonning namoyon boʻlishi Assotsiatsiya tufayli ikkinchi (avvalgisi bilan bogʻliq boʻlgan) ruhiy jarayonni vujudga keltiradi. Asosan uch xil Assotsiatsiya mavjud: qarama-qarshilik Assotsiatsiyasi — avval idrok qilingan qarama-qarshi sifatlarga ega boʻlgan narsa va hodisalarning birortasini takror idrok qilish yoki tasavvur qilish munosabati bilan boshqalari obrazlarining ixtiyorsiz ravishda ongda gavdalanishidan iborat qonuniyat. Masalan, „urush“ soʻzi idrok qilinsa, beixtiyor „tinchlik“ eslanadi. Yondoshlik Assotsiatsiyasi — avval bir vaqtda yoki ketma-ket idrok qilingan narsa va hodisalarning birontasini qayta idrok qilish yoki tasavvur munosabati bilan ixtiyorsiz ravishda ongda boshqalarining ham obrazlari gavdalanishidan iborat qonuniyat. Masalan, „vokzal“ soʻzi idrok yokil tasavvur qilinsa, temir yoʻl, vagon, yoʻlovchilar ham esga tushadi. Oʻxshashlik Assotsiatsiyasi — bir-biriga oʻxshash belgilarga ega boʻlgan narsa va birortasini idrok yoki tasavvur qilish munosabati bilan ongda boshqalarining ham obrazlari ixtiyorsiz ravishda tiklanishidan iborat qonuniyat. Masalan, Hasan va Husanning biri idrok qilinsa, ixtiyorsiz ravishda ikkinchisi eslanadi. Inson psixik hayotida Assotsiatsiyalarning ahamiyati katta: bilim, koʻnikma va malakalarni oʻzlashtirish, xotirani rivojlantirish Assotsiatsiyalarga asoslanadi. Assotsiatsiyalarning fiziologik asoslari bosh miya yarim sharlari qobigʻida hosil boʻladigan muvaqqat nerv bogʻlanishlaridir.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
| Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
| Ushbu maqola chaladir. Siz uni boyitib, Vikipediyaga yordam berishingiz mumkin. Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |