Kontent qismiga oʻtish

Aslam ibn Zurʼa al-Kilobiy

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Aslam Banu Kilob qabilasining Banu Amr boʻlimining islomgacha boʻlgan boshliqlari avlodidan boʻlgan. U, oʻgʻli Said va nabirasi Muslim Xurosonda mansabdor lavozimlarda faoliyat yuritgan.

Aslam ibn Zurʼa ibn Amr ibn Xuvaylid as-Soiq al-Kilobiy (arabcha: أسلم بن زرعة الكلابي) – Basra va Xurosondagi Qays qabilasining koʻzga koʻringan boshligʻi. 675 va 677—679-yillarda Xuroson hokimi boʻlib xizmat qilgan. Xuroson aholisiga ogʻir soliqlar joriy qilgan. Keyinchalik, Qays ibn al-Haysam as-Sulamiy tomonidan hibsga olinib, undan 300 000 kumush dirham undirib olingan. 680/681-yillarda Ahvozdagi xorijiylarning kichik qoʻshinini bostirish uchun yuborilgan, ammo jangda magʻlubiyatga uchragan. Oʻgʻli Saʼid va nabirasi Muslim ham xalifalikda yuqori lavozimlarda xizmat qilgan.

Aslamning otasi Zur’a islomdan oldingi davrda (630-yilgacha) faol shaxslardan biri boʻlgan[1]. Bobosining ismi Amr ibn Xuvaylid as-Soiq edi[2]. Katta bobosi Xuvaylid ibn Nufayl chaqmoq urishi (soiq) oqibatida halok boʻlgani bois ham „as-Soiq“ deb nom berilgan[3]. Ularning oilasi janubi-gʻarbiy Najddagi (markaziy Arabiston) kuchli Banu Amir qabilasining yetakchi boʻlimlaridan biri Banu Kilobning Amr urugʻi boshliqlari boʻlgan[4]. Zur’aning onasi ar-Ruva esa Banu Amir qabilasining Banu Numayr boʻlimidan edi[5]. Aslamning Yazid ibn as-Soiq, Maʼbad, Horisa va Alas ismli akalari boʻlgan[5], ular orasida Yazid shoir va Amr ibn Kilob qabilasining taniqli rahbari edi[4]. Zur’a oʻz qabiladoshlari bilan birga taxminan 569-yilda Rahroxon jangida Banu Tamim qabilasiga qarshi jang qilgan, lekin aynan shu jangda oʻldirilgani yoki omon qolgani maʼlum emas[5].