Kontent qismiga oʻtish

Ash-Shifo binti Abdulloh

Vikipediya, erkin ensiklopediya

Ash-Shifo binti Abdulloh (arabcha: الشفاء بنت عبد الله) asl ismi Laylo boʻlib, islom payg‘ambari Muhammadning sahobasi.

Ash-Shifo Abdulloh ibn Abdushams va Fotima binti Vahbning qizi[1] boʻlib, Makkadagi Quraysh qabilasining Banu Adiy urugʻiga mansub edi[2]. U Abu Hasma ibn Huzayfaga turmushga chiqqan hamda ular Sulaymon va Masruq ismli ikki oʻgʻil koʻrgan[1].

Ash-Shifo oqila ayol sifatida tanilgan. Ash-Shifo kunyasi „shifobaxsh“, „davolovchi“ degan maʼnoni anglatib, bu uning xalq tabobati bilan shugʻullanganini bildiradi[3]. Makkada atigi 20 yaqin kishi oʻqish-yozishni bilgan bir paytda ash-Shifo bu koʻnikmani egallagan birinchi ayol boʻlgan[2]. U koʻpchilikka[4], jumladan, qarindoshi Hafsa bint Umarga ham xattotlikni oʻrgatgan va bu ikki ayol doʻst boʻlib qolgan[5].

Ash-Shifo Makkada musulmon boʻlgan va Madinaga hijrat qilgan ilk kishilar safida boʻlgan[1][6]. U yerda uning uyi Al-Masjid an-Nabaviy bilan bozor orasida joylashgan edi[7]. Paygʻambar Muhammad u yerga borib turar, baʼzan savdo ishlaridagi eng yaxshi amaliyotlar haqida ash-Shifo bilan maslahatlashar edi[3].

Rivoyat qilinishicha, Umar xalifa boʻlgach, baʼzan bozor masalalarida u bilan maslahatlashgan. Ammo bu rivoyat sahih manbalar bilan tasdiqlanmagan[3]. Shifo keyinchalik Iroqning Basra shahrida Sogʻliqni saqlash va xavfsizlik boʻlimiga rahbarlik qilgan. U Umar haqida shunday degan: „Umar gapirsa baland ovozda gapirardi, yursa tez yurardi, ursa jonini ogʻritardi“[8]. Umar ham uning uyiga borib turgan[6]. Bir safar Umar Shifodan oʻgʻli Sulaymon nega bomdod namozida koʻrinmay qolganini soʻragan, Shifo esa Sulaymon tun boʻyi ibodat qilgani, tongda uyqu bosib qolganini aytgan[7].

Ash-Shifo rivoyat qilgan hadislar orasida xalifa Umarning Amir al-Mu’minin taxallusining kelib chiqishi[6] hamda Muhammadning quyidagi soʻzlari bor: „Alloh yoʻlidagi mujohidning misoli xuddi mujohid qaytguniga qadar tinimsiz roʻza tutuvchi va kechalari ibodat qiluvchi kishi kabidir“[9].

Uning oʻgʻli Masruq amir boʻlgan[1]. Oʻgʻli Sulaymonning esa Abu Bakr va Usmon ismli ikki farzandi boʻlib, ular ham hadis rivoyat qilgan[7][3].

  1. 1 2 3 4 Muhammad ibn Saad. Kitab al-Tabaqat al-Kabir vol. 8. Translated by Bewley, A. (1995). The Women of Madina, p. 188. London: Ta-Ha Publishers.
  2. 1 2 Ahmed ibn Jabir al-Baladhuri. Kitab Futuh al-Buldan. Translated by Murgotten, F. C. (1924). The Origins of the Islamic State Volume II, p. 271. New York: Longmans, Green & Co., & London: P. S. King & Son.
  3. 1 2 3 4 Ahmad ibn Hajar al-Asqalani. Al-Isaba fi Tamyiz al-Sahaba vol. 7 #11373.
  4. Kazan, H., Dünden bugüne hanım hattatlar, [Women Calligraphers: Past and Present], İstanbul Büyükşehir Belediyesi, 2010, Chapter 5
  5. Abu Dawud 28:3878.
  6. 1 2 3 Bukhari, Al-Adab Al-Mufrad 42:1023.
  7. 1 2 3 malik ibn Anas. Al-Muwatta 8:7.
  8. Muhammad ibn Jarir al-Tabari. Tarikh al-Rusul waʼl-Muluk. Translated by Smith, G. R. (1994). Volume 14: The Conquest of Iran, p. 120. Albany: State University of New York Press.
  9. Tirmidhi 3:20:1619.