As-Saffoh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Abu-l-Abbos Abdulloh ibn Muhammad ibn Ali ibn Abdulloh ibn al-Abbos ibn Abdulmuttalib
Shaxsiy maʼlumotlar
Tavalludi taxminan milodiy 718-726-yil (hijriy 100-108-yil)
Vafoti milodiy 754-yil (hijriy 136-yil)
Dini Islom
Tanilgan sohasi ilk abbosiy xalifa

Abu-l-Abbos as-Saffoh (arabcha: أبو العباس السفاح — Abu-l-Abbos Abdulloh ibn Muhammad ibn Ali ibn Abdulloh ibn al-Abbos ibn Abdulmuttalib, taxminan 100-108/718-726-yil, Humayma — 136/754-yil, Anbor) — ilk abbosiy xalifa (750-754-yillar).

Xalifa sifatida bayʼat olishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Umaviylarga qarshi abbosiy qo‘zg‘olonini boshlagan Imom Muhammad ibn Alining o‘g‘li bo‘lgan Abu-l-Abbos as-Saffoh bolalik va o‘smirlik chog‘larini Humaymada oilasi bilan birga o‘tkazgan. Og‘abegi Imom Ibrohim, umaviy xalifasi Marvon II tomonidan qo‘lga olinib Harronga olib ketilayotganda o‘z oilasiga ukasi Abu-l-Abbos as-Saffohni [[[valiahd]] etib tayinlaganini aytadi va unga bayʼat etishlarini so‘raydi. Abu-l-Abbos as-Saffoh inqilobchilarning Kufaga kirganlaridan bir oy keyin 132-yil safar/749-yilning oktyabr oyida oilasi bilan birga Kufaga keladi. Biroq ular shaharda yaxshi kutib olinmaydilar. Kufada vaziyatga hokim bo‘lib turgan va Alining avlodini quvvatlaganini hanuz ochiq oshkor etmagan Abu Salama al-Xallol, Ali avlodi istiqomat qilayotgan yerni xurosonliklardan himoya qilib, kelishuvlarni kuta bosh­ladi. Hanuz Iroqning markazi Vosit va umaviy xonadonining markazi bo‘lgan Shom itoat ostiga olinmaganidan, ustiga-ustak qo‘zg‘olonning natijasi aniq bo‘lmaganidan Abu Salama yangi xalifaning tan olinishini kechiktirishga harakat qilayotgan edi. Abu Muslim Xurosoniyning ishonchli odamlaridan Abu-l-Jahm ibn Atiyya al-Bohiliy, Abu Salamaning chalg‘ituvchi xiylasini anglab, Hammom-Aʼyondagi Xuroson qo‘shiniga vaziyatni xabar qiladi. Natijada 12 kishi darhol Kufaga yo‘l olib Abu-l-Abbos as-Saffohga bayʼat qiladi. Qo‘zg‘olonning tayyorlanishida va muvaffaqiyat qozonishida hech qanday roli bo‘lmagan Abu-l-Abbos as-Saffoh 132-yilning 12 -rabiʼul-oxirida (749-yil noyabr) juma kuni Kufa masjidida ilk abbosiy xalifa sifatida bayʼat oladi. Minbarda xutba o‘qib, hokimiyat abbosiylarning haqqi ekanini aytadi. Xutbasida abbosiylar va iroqliklar orasidagi manfaat birligi haqida gapiradi.

Abu Salamaning bartaraf etilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-l-Abbos as-Saffoh xalifa sifatida bayʼat olishiga qaramay, umaviy xalifaligi hali tugallanmagan va o‘lkaning katta bir qismi umaviylarning nazorati ostida edi. Iroqda vaziyat hanuz nomaʼlum edi. Iroqning markazi Vositda umaviy voliysi Ibn Hubayra (Abu Xolid Yazid ibn Umar) taslim bo‘lmasdan qurashayotgan edi. Abbosiylarga qarshi Ali avlodini quvvatlashini ochiqchasiga aytgan Abu Salama Abu Muslimning dastagi bilan bartaraf etiladi (132/750-yil).

Shomning egallanishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Shomga yurish qilgan Abu-l-Abbos as-Saffohning amakisi Abdulloh ibn Ali ibn Abdulloh qo‘mondonligidagi abbosiy qo‘shinini umaviy xalifasi Marvon II Dajla qirg‘oqlaridan sanalgan Buyuk Zob daryosi sohilida qarshi oladi (132-yil 2 jumodul-oxir oyi/750-yil 16-yanvar). O‘n kun davom etgan urushda Marvon II yengiladi. Shunday qilib, abbosiylarga Shomning eshiklari ochiladi. 132-yil ramazon oyining 14-kunida (750-yil 26-aprel) umaviylarning markazi — Damashq shahri abbosiylar qo‘liga o‘tadi. Marvon Misrga qochayotganda Yuqori Misrdagi Busiyr degan joyda qo‘lga olinib o‘ldiriladi (750-yil avgust). Shunday qilib, umaviylar tarix sahnasidan o‘chiriladi va abbosiylar hokimiyat ustiga chiqadilar.

Isyonlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Biroq hanuz Islom dunyosida tom maʼnoda hokimiyat barpo qilinmagan edi. Taslim bo‘lmasdan kurashayotgan Vosit voliysi Ibn Hubayra Hasan ibn Qahtaba tomonidan qurshab olindi. Hasanning natijaga erisha olmaganidan xabardor bo‘lgan xalifa Abu-l-Abbos as-Saffoh ukasi Abu Jaʼfarni yordamga yuboradi. Shunday bo‘lsa-da, qurshov o‘n bir oy davom etadi. Nihoyat, Marvon o‘limining xabari kelgach, 750-yilning oxirlarida Ibn Hubayra kelishuvga rozi bo‘ladi va taslim bitimi imzolanadi. Biroq shahar taslim bo‘lganidan so‘ng, kelishuv shartlariga amal qilmasdan Ibn Hubayraga qo‘shib bir necha kishilar qatl qilinadi. Umaviylar xonadoniga mansublarning zolimona shaklda mahv qilinishi Shom va al-Jazira shaharlarida baʼzi isyonlarning chiqishiga sabab bo‘ldi. Qays Aylon qabilasidan Zufar ibn Horis­ning nabirasi Abu-l-Vard ibn Kavsarning boshqaruvida Qinnasriyn­da isyon ko‘tarildi. Tadmur va Hims shaharlari ham bu isyonda ishtirok etdilar. Ular o‘zlariga rahbar etib Muoviyaning naslidan bo‘lgan Abu Muhammad as-Sufyoniyni tayinladilar. Isyonchilar Qinnasriyn yaqinida 751-yil iyulida Abdulloh ibn Ali tomonidan mag‘lub etildilar. Abu-l-Vard va isyonning qo‘rboshilari jang maydonida vafot etadilar. Abu Muhammad avval Tadmurga, u yerdan Hijozga qochadi, biroq qo‘lga tushib qatl qilinadi. Mazkur yilda Ishoq ibn Muslim al-Uqayliy qo‘mondonligidagi al-Jazira arablari Harronni o‘rab oladilar. Isyonni bos­tirish vazifasini olgan Abu Jaʼfar Harron yaqiniga keladi. Harron voliysi Muso unga qo‘shilish uchun shahardan chiqqanida shahar isyonchilarining qo‘liga o‘tadi. Bir oz vaqtdan so‘ng, isyonchilar Samsatga (Sumaysot) chekinadilar. Xalifaning ukasi Abu Jaʼfar bilan amakisi Abdulloh ibn Ali Samsatni o‘rab olgan bo‘lsalar-da, shaharni qo‘lga kirita olmaydilar. Yetti oy davom etgan qamal, isyonchi Ishoq ibn Muslim Marvon II ni o‘lganiga ishonch hosil qilganidan so‘ng oxiriga yetdi. Bu voqeadan so‘ng Abu Jaʼfar al-Jazira va Ozarbayjon voliyligiga tayinlandi.

Abbosiylarning boshqaruvga kelishi na arablarni, na eronliklarni mamnun etdi. O‘lkaning sharqiy viloyatlarida ham isyonlar yuzaga keldi. 130-yil (750-51-yil)da Buxoroda Sharik ibn Shayx al-Mahriy boshchiligida Ali avlodi foydasiga boshlangan juda tahlikali isyon, Abu Muslim yuborgan Ziyod ibn Solih tomonidan bostiriladi. Shahar uch kun talon-toroj qilinadi. Asirlar shahar eshiklariga osib qo‘yilib, xalqqa namoyish qilinadi.

Ali avlodini qo‘llab-quvvatlagan Abu Salama bartaraf etilgan edi. Biroq qo‘zg‘olonning haqiqiy boshlig‘i bo‘lgan Xuroson voliysi Abu Muslimning borligi Abu Jaʼfar boshchiligidagi abbosiylarni bezovta qilayotgan edi. Abu Jaʼfarning fitna qo‘zg‘ashi natijasida xalifa Abu-l-Abbos as-Saffoh, Abu Muslimning voliylari Siboʻ ibn Noʻmon al-Azdiy va Ziyod ibn Solih al-Xuzoiylarni Abu Muslimga qarshi yashirin isyonga tashviq etadi. 135-yil (752-53-yil)da boshlangan isyonda isyonchilar ko‘p qarshilik ko‘rsata olmaydilar. Siboʻ Omulda qo‘lga olinib, qatl qilinadi. Ziyod esa o‘z qo‘shini tomonidan tark etilganidan so‘ng, huzurida yashiringan Borkas dehqoni tomonidan o‘ldirilib, boshi Abu Muslimga yuboriladi. Abbosiy xalifaligiga qarshi Bas­rada xorijiylar, Forsda Bassom ibn Ibrohim va Sindda Mansur ibn Jumhurning boshlagan isyonlari ham osongina bartaraf qilindi.

Chin davlati bilan urush[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalifa Abu-l-Abbos as-Saffoh davrining tarixiy jihatdan eng muhim voqeasi — Chin qo‘shini bilan yuz bergan va xitoyliklarning mag‘buliyati bilan nihoyasiga yetgan Talas jangi hisoblanadi (751-yil iyul). Bu jang bilan Xitoyning Gʻarbiy Turkiston ustidagi siyosiy boshqaruvi batamom oxiriga yetadi.

„Saffoh“ unvoni[tahrir | manbasini tahrirlash]

Abu-l-Abbos as-Saffoh ichki ziddiyatlarga barham berish bilan musulmonlarning siyosiy birligini taʼminlagan, Andalus va Shimoliy Afrikaning g‘arbiy qismlaridan tashqari butun Islom olamida xalifa sifatida tan olindi. Kufada o‘qigan ilk xutbasida o‘zini „Saffoh“ (qon to‘kuvchi) unvoni bilan tanitgan Abu-l-Abbos as-Saffohning umaviylar va tarafdorlariga qarshi qo‘llagan qattiq siyosati mazkur unvonining shaxsiyatiga uyg‘un ekanini ko‘rsatadi. Uning davri haqida so‘z borganda ilm-fan va bunyodkorlik faoliyatlari borasida bahs yuritish mumkin emas. Manbalarda Abu-l-Abbos as-Saffoh mard, viqorli shaxs sifatida zikr qilinadi[1].

Vafoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Xalifalik markazini Kufadan Hoshimiyaga, u yerdan esa Anborga ko‘chirgan Abu-l-Abbos as-Saffoh, besh yil xalifa bo‘lganidan so‘ng, chechak kasali oqibatida 136-yil zul-hijja oyining 13-kuni (754-yil, 9 iyun) Anborda vafot etadi. Undan so‘ng ukasi Abu Jaʼfar al-Mansur xalifa bo‘ladi[2].

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Xalifa ibn Xayyot. Tarӣx. 324, 327, 328, 330-341;
  2. Yaʼqubiy. Tarӣx. II, 332, 345, 346, 349-363, 365;
  3. At-Tabariy. Tarӣx. III, 23-88;
  4. Masʼudiy. Murӯj az-zahab. III, 233-237, 247, 248, 251-280;
  5. Ibn al-­Asir. Al-Kāmil. V, 406-416, 421, 425-427, 450-454, 458-468;
  6. Az-Zahabiy. Siyar. VI, 77-80;
  7. M. A. Shaban. Islamic History. — Cambridge: 1976. I, 185-189; II, 1-5;
  8. Hakkı Dursun Yıldız. İslâmiyet ve Türkler. — İstanbul: 1976. 32-38;
  9. Bartold. Turkistan. 210-213;
  10. Ahmet Çelebi. Abbasîler Devri. Doğuştan Günümüze Büyük İslâm Tarihi. — İstanbul: 1986. III, 25-62;
  11. Ahmad Zakiy Safvat. Jamhara ar-rasāil al-’arab. — Bayrut: „Al-Maktaba al-­’ilmiyya“. 9-10;
  12. H. F. Amedroz. „On the Meaning of the Laqab al-Saffâh“. JRAS (1907). 660-663;
  13. S. Moscati. „Le Massacre des Umayyades“. Ar. O. XVIII (1950). 88-115;
  14. S. Moscati. „Abuʼl-ʿAbbās al-Saffāh“. EI2 (Fr.). I, 106;
  15. K. V. Zettérsteen. „Ebuʼl-Abbâs“. İA. IV, 66-67;
  16. Hakki Dursun Yildiz. „Ebü’l-Abbas es-Seffâh“. TDV İA. — İstanbul: 1994. X, 283-284.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Shodmon Vohidov va Alisher Qodirov. „Sharqning mashhur sulolalari“. 
  2. Ислом энциклопедияси (oʻzbekcha,), 2020-yil. ISBN 978-9943-59-267-4.