Anna Dostoevskaya
Anna Dostoevskaya | |
---|---|
![]() | |
Asl ismi | Anna Grigoryevna Snitkina (Анна Григорьевна Сниткина) |
Tavalludi |
11-sentyabr 1846-yil |
Vafoti |
9-iyun 1918-yil (71 yoshda) Yalta, Qrim Respublikasi |
Ijod qilgan tillari | Rus tili |
Fuqaroligi | Rossiya Imperiyasi |
Turmush oʻrtogʻi |
Fyodor Dostoevsky (turm. 1867; vaf. 1881) |
Bolalari | 4 |
Anna Grigoryevna Dostoyevskaya (qizlik familiyasi Snitkina; ruscha:Anna Grigorevna Dostoevskaya; 1846-yil 11-sentyabr – 1918-yil 9-iyun) – rus memuar yozuvchisi, stenograf, shuningdek, mashhur yozuvchi Fyodor Dostoyevskiyning ikkinchi rafiqasi (1867-yildan). Rossiyadagi birinchi ayol filatelistlardan biri. Dostoyevskaya eri Fyodor Dostoyevskiy haqida ikkita biografik asar: „Anna Dostoyevskayaning 1867-yilgi kundaligi“(vafotidan soʻng 1923-yilda chop etilgan) va „Anna Dostoyevskayaning xotiralari“ („Xotiralar“ nomi bilan ham mashhur) kitoblarini yozgan[1].
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Anna Grigoryevna Snitkina Mariya Anna va Grigoriy Ivanovich Snitkin oilasida tugʻilgan. Uning otasi asli ukrainalik boʻlib, Poltava gubernatorligidan Sankt-Peterburgga koʻchib oʻtgandan soʻng familiyasini Snitkodan Snitkinga oʻzgartirdi[2].
Anna Grigoryevna akademik litseyni ’’summa cum laude’’ darajasi bilan tugatib, keyinchalik stenografiya boʻyicha tahsil oldi[3].
Nikohi
[tahrir | manbasini tahrirlash]1866-yil 4-oktyabrda Anna Snitkina Fyodor Dostoyevskiyning „Qimorboz“ romani ustida stenograf boʻlib ishlay boshladi. Bir oydan soʻng ular unashtirildilar.
„Xotiralar“ asarida Anna Dostoyevskiyning nikoh taklifini qanday bayon qilganini quyidagicha tasvirlaydi. Adib goʻyoki ayollar ruhiyati boʻyicha maslahat soʻrayotgandek, yangi xayoliy roman syujetini hikoya qiladi. Hikoyada keksa rassom Anya ismli yosh qizga turmush qurish taklif beradi. Dostoyevskiy shunday yosh va feʼl-atvori butunlay oʻzgacha boʻlgan qizning rassomga oshiq boʻlishi mumkinmi, deb soʻraganida Anna buning mutlaqo mumkinligini aytadi. Shunda Dostoyevskiy Annaga deydi: „Bir lahza oʻzingizni uning oʻrniga qoʻying. Faraz qiling, men oʻsha rassomman, sizga muhabbatimni izhor qildim va turmush qurishni taklif etdim. Nima deb javob berardingiz?“ Anna shunday javob beradi: „Men sizni sevaman va umrbod sevaman, derdim.“
1867-yil 15-fevralda ular turmush qurishdi. Ikki oydan soʻng, er-xotin chet elga joʻnab ketishdi va u yerda toʻrt yildan ortiq (1871-yil iyulgacha) qolishdi. Joʻnash arafasida Dostoyevskiyning ikki kreditori unga qarshi daʼvo qoʻzgʻatdi[4].
Baden shahrida toʻxtab oʻtishganda, Dostoyevskiy ruletka oʻynab, barcha pullarini, shuningdek, xotinining kiyimlari va shaxsiy buyumlarini boy beradi. Anna, xuddi Dostoyevskiyning oʻzidek, uning qimor oʻynashga boʻlgan ehtirosi axloqiy shaxsiyatidan alohida ekanligini tushunib, buni uning asl tabiatiga yot narsa deb hisoblagan[5]. Aynan shu paytdan boshlab Anna kundalik yozishni boshladi[4]. Ular deyarli bir yil Jenevada istiqomat qilishdi. Dostoyevskiy boyligini qaytarish uchun tinimsiz mehnat qildi. 1868-yil 22-fevralda ularning birinchi qizi Sofiya dunyoga keladi, ammo u 24-mayda, atigi uch oyligida vafot etdi. 1869-yilda Drezden shahrida ularning Lyubov Dostoyevskaya (1926-yilda vafot etgan) ismli ikkinchi qizi dunyoga keldi. Sankt-Peterburgga qaytgach, Anna ikki oʻgʻil dunyoga keltirdi: Fyodor (1871-yil 16-iyul – 1922-yil 4-yanvar) va Aleksey (1875-yil 10-avgust – 1878-yil 16-may). Anna barcha moliyaviy masalalarni, shu jumladan, nashriyot ishlari va muzokaralarni oʻz zimmasiga oldi va koʻp oʻtmay erini qarzlardan xalos qildi. 1871-yilda Dostoyevskiy qimor oʻynashdan butunlay voz kechdi.
Keyingi hayoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Dostoyevskiy vafot etgan yili 1881-yilda Anna endigina 35 yoshga toʻlgan edi, biroq qayta turmush qurmadi. Erining vafotidan soʻng uning qoʻlyozmalari, xatlari, hujjatlari va fotosuratlarini toʻplash bilan shugʻullandi. 1906-yilda u Davlat tarix muzeyida Fyodor Dostoyevskiyga bagʻishlangan xona tashkil etdi.
Faoliyati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Anna Dostoevskaya dastlab stenograf boʻlib ishlashi boshladi va ustozining tavsiyasi bilan Fyodor Dostoyevskiyga „Qimorboz“ romanini yakunlashda yordam berish uchun taklif etildi. Dostoyevskiy nashriyotchi F. T. Stellovskiy bilan shartnoma tuzgan boʻlib, agar berilgan muddatda yakunlamasa, bu roman va keyingi oʻn yillik davrdagi asarlari uchun mualliflik huquqidan mahrum boʻlishi mumkin edi. Annaning oilasi, ayniqsa uning barcha asarlarini oʻqigan otasi, Dostoyevskiyning katta muxlislari boʻlishgan. Vaqt oz boʻlsa-da, Anna qatʼiyati bilan loyihani oʻz vaqtida yakunladilar. Shu jarayonda ular bir-birlariga koʻngil qoʻyishdi.
Anna oʻzi istagan faoliyat bilan shugʻullanmagan boʻlsa-da, Dostoyevskiyning ijodida muhim rol oʻynagan. U Sankt-Peterburgdagi uylaridan turib uning romanlarini, ayniqsa „Iblislar“ asarini sotishni oʻz zimmasiga oldi va uning moliyaviy ishlarini boshqardi[6][7].
Filateliya
[tahrir | manbasini tahrirlash]Uning marka toʻplashi 1867-yilda Drezdenda boshlangan. „Xotiralari“ asarida yozilishicha, filateliya bilan shugʻullanish Anna va Fyodor Dostoyevskiy oʻrtasidagi bahs natijasida yuzaga kelgan. Fyodor ayollarning beqarorligi haqida tanqidiy fikr bildirgach,. Anna erining ayollarni matonatli va sodiq deb hisoblamasligidan xafa boʻlgan. U eriga yanglishayotganini isbotlash va ayol kishi yillar davomida bitta maqsad yoʻlida harakat qilishi mumkinligini koʻrsatish maqsadida pochta markalarini toʻplashga qaror qildi va butun umri davomida kolleksiya yigʻdi. „Xotiralar“ga koʻra, u birorta ham markani sotib olmagan. Bularning barchasi yo oʻzi topgan, yo doʻstlari sovgʻa qilgan markalar edi. Bu kolleksiyaning keyingi taqdiri nomaʼlum[8].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Достоевская, А.Г. „антикварный интернет-магазин“. RareBooks.ru. 2012-yil 8-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 25-mart.
- ↑ Dostoevskiy v izobrajenii ego docheri L. Dostoevskoy / per. s nem. L. Ya. Krukovskoy; pod red. i s predisl. A. G. Gornfelda. M.; Pg., 1922.
- ↑ Kjetsaa 1989, ss. 252–253.
- ↑ 4,0 4,1 Lantz, K. A.. The Dostoevsky Encyclopedia. Greenwood Publishing Group, 2004 — 97–99-bet. ISBN 0-313-30384-3.
- ↑ Kavouras, Ioannis. „Dostoevsky: life and gambling in Baden Baden“. Roulette 30. Qaraldi: 2017-yil 7-noyabr.
- ↑ Jozef Frank: Dostoyevskiy: Oʻz davrining yozuvchisi, Prinston universiteti nashriyoti; Muallif tomonidan yangi soʻzboshi bilan (26 avg. 2012)
- ↑ Judith Gunn Dostoyevskiy: Ziddiyatlar toʻla hayot, Amberley nashriyoti
- ↑ Strigin, Andrey „Filateliyada ayol mavzusi“ (Ruscha). Nezavisimaya Gazeta (6 iyun 2001). 1 dekabr 2008da asl nusxadan arxivlangan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- "Dostoyevskiy: xotiralar". New York: Liveright Publishing Company, 1977.
- Reminiscences of Dostoyevskiy by His Wife in „ Dostoyevskiy: Letters and Reminiscences.“ London: Chatto and Windus, 1923, pp. 97-155.
- Kaufman, Andrew. The Gambler Wife: A True Story of Love, Risk, and the Woman Who Saved Dostoyevskiy.
- Kjetsaa, Geir. A Writer’s Life. Fawcett Columbine, 15 January 1989.