Andrey Kubatin

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Andrey Viktorovich Kubatin
Tavalludi 9-mart 1984-yil
Toshkent viloyati, Oʻrta Chirchiq tumani, Qorasuv qishlogʻi
Vafoti 29-oktyabr 2020-yil(2020-10-29)
(36 yoshda)
Toshkent
Fuqaroligi Oʻzbekiston bayrogʻi Oʻzbekiston
Millati ozarbayjon
Sohasi turkshunos
Ish joylari Toshkent davlat sharqshunoslik instituti
OʻzR FА Milliy arxeologiya markazi
Taʼlimi Oʻzbekiston milliy universiteti
Akademik rahbarlari Gʻaybulla Boboyorov
Mukofotlari Xalqaro Turk Akademiyasining oltin medali[1]
Turmush oʻrtogʻi Feruza Djumaniyazova
Dini islom

Andrey Viktorovich Kubatin (1984-yil 9-mart, Qorasuv qishlogʻi, Oʻrta Chirchiq tumani, Toshkent viloyati, OʻzSSR — 2020-yil 29-oktyabr, Toshkent, Oʻzbekiston) — oʻzbekistonlik arxeolog, tarixchi hamda turkshunos. Turkiy dunyo tarixi va madaniyati bo‘yicha mutaxassis.

Siyosiy ayblovlar tufayli u 2017-yilning mart oyida oʻtkazilgan maxsus reyd ortidan hibsga olingan. 2019-yil sentyabr oyi oxirida bir necha davlatlardan kelgan o‘nlab akademiklar O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevdan Kubatinni ozod etishni so‘rab petitsiya imzolagach, Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudi olimni oqladi va ozodlikka chiqardi. Qamoqdan chiqqanidan qariyb bir yil oʻtgach, Andrey Kubatin CoVID-19 tufayli vafot etdi.

Hayoti[tahrir | manbasini tahrirlash]

Andrey Viktorovich Kubatin 1984-yil 9-martda Toshkent viloyatining Oʻrta Chirchiq tumani, Qorasuv qishlogʻida tugʻilgan. Oʻrta maktabni imtiyozli diplom bilan tugatganidan soʻng, u Oʻzbekitson milliy universitetining tarix fakultetiga oʻqishga kiradi. Andrey Kubatin talabalik chog‘laridayoq qadimgi turkiy runik yozuvdan tortib, hozirgi barcha turkiy tillarning tilshunosligiga qiziqqan.

Ilmiy darajasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

2005-yili tarix fakultetini tugatgandan soʻng Andrey Kubatin shu universitetning magistratura bosqichida oʻqishni boshlaydi va numizmatikaga yoʻnaltirilgan arxeologiya boʻyicha tahsil oladi. 2007-yil Oʻzbekiston milliy universitetining „Arxeologiya“ kafedrasi magistraturasini tugatib, shu yili OʻzR FA Sharqshunoslik institutida ilmiy xodim boʻlib ish boshlagan.

Kubatin turkologiya, numizmatika, lingvistika va umuman Markaziy Osiyo tarixi boʻyicha qator ilmiy ishlar muallifidir. Xususan, 2016-yilda uning "Система титулов в тюркском каганате: генезис и преэмственност" (Turk xoqonligida unvonlar tizimi: kelib chiqishi va vorisiylik) nomli monografiyasi chop etilgan[2]. U bu muassasada professor Gʻaybulla Boboyorov, tarix fanlari doktori Ablat Xo‘jayev, professor Natalya Karimova, tarix fanlari nomzodlari Abduxoliq Aytboyev hamda Feruza Djumaniyozova kabi olimlar bilan ishlagan.

Andrey Kubatin bir necha oʻnlab tillarni, ayniqsa turkiy tillarni juda yaxshi bilgan (xususan, bolaligidanoq rus va qozoq tillarida mukammal oʻqib-yoza olgan). Bu uning koʻp millatli oila aʼzosi ekanligi bilan bogʻliqdir: buvisi Mariya Kubatina asli kuban kazaklari avlodidan boʻlib, kelib chiqishi qozoq boʻlgan insonga turmushga chiqqan edi). Kubatin poliglot sifatida qadimgi turk run, so‘g‘d, fors, arab hamda eski o‘zbek tili (chigʻatoy o‘zbekchasi)ni o‘rganish orqali bilimini to‘ldirib borgan[3].

Olim 4 ta monografiya, 80 dan ortiq maqola va ilmiy konferensiyalar uchun tezislar muallifidir.

Siyosiy taʼqiblar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Toshkent davlat sharqshunoslik institutining katta o‘qituvchisi Andrey Kubatin 2017-yil dekabrida 157-moddaning 1-qismi (davlatga xiyonat) bo‘yicha o‘n bir yilga ozodlikdan mahrum qilingan[4]. Jinoyat ishi va o‘sha ishga asoslangan hukmga ko‘ra, Andrey Kubatin 1 000 dollar evaziga Turkiyaning hamkorlik tashkiloti xodimiga O‘zbekiston Bosh arxivi va Fanlar Akademiyasining Sharqshunoslik instituti fondidagi elektron kitoblarini berib yuborgan[5]. Jazo muddati bir yildan keyin qayta ko‘rib chiqish natijasida besh yilga qisqartiriladi.

Andrey Kubatin, Oʻzbekiston Markaziy arxivi va Fanlar akademiyasining Sharqshunoslik institutidan toʻplangan 187 Gbayt hajmlik 4 000 ga yaqin pdf shaklda saqlangan kitoblarni, TIKA (Turk Hamkorlik va koordinatsiya agentligi)ning Oʻzbekistondagi rasmiysi Süleyman Kızıltoprakning kompyuteriga yuklaganligi ayblovi bilan hibsga olingan[6]. Tergovchilar tomonidan ko‘rib chiqilayotgan materiallarda O‘zbekistonning geologik zaxiralari haqidagi maxfiy maʼlumotlar oshkor qilingan bo‘lishi mumkinligini iddao qilingan. Kubatinning advokatlari bu kabi ayblovlarni bemaʼnilik deya rad etib, koʻrib chiqilayotgan materiallar jamoatchilikka ochiq ekanini taʼkidlashgan[7][8].

Akademik va ilmiy jamoatchilik O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev nomiga 150 ga yaqin o‘zbekistonlik va xalqaro olimlar tomonidan imzolangan norozilik maktubini yo‘llashadi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi bu ishga aralashishni istamaydi hamda mazkur ishning katta siyosiy oqibatlarga olib kelishidan xavotirda ekanini bildiradi. Fanlar akademiyasi o‘zining yarim rasmiy izohida „ishning tafsilotlari haqida maʼlumot yo‘qligi“ni maʼlum qilgan.

Xalqaro miqyosda taniqli olimlarning Mirziyoyevga bir necha bor murojaatlari va keng koʻlamli xalqaro noroziliklardan soʻng 2019-yilning 26-sentabrida Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent viloyat sudi Andrey Kubatinni reabilitatsiya qilib, qamoqdan ozod qilgan.

Andrey Kubatin Turkiston shahridagi Ahmad Yassaviy maqbarasi yonida
Andrey Kubatin Turkiston shahrida joylashgan Ahmad Yassaviy maqbarasi yonida

AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimlari Kubatinni erkinlik va adolat izlayotgan barcha uchun o‘rnak deb atagan[9].

Erta oʻlimi[tahrir | manbasini tahrirlash]

2020-yil 29-oktabr kuni Andrey Kubatin CoVID-19 koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish oqibatida vafot etdi.

Uning vafotidan soʻng jamoatchilik orasida olimning oʻlimi bilan bogʻliq baʼzi shubhalar paydo boʻldi. Vafotidan ikki kun oldin singlisi Klara akasini koʻrgan borgani va bemorning stolidan qarindoshlari tomonidan keltirilgan davolanish uchun barcha zaruriy dori-darmonlarni topib olganligini aytgan. Bundan tashqari, uning oʻpkasi atigi 10 % shikastlangan boʻlib, bu koronavirusning oʻrtacha ogʻirlik darajasidir[10].

Andrey Kubatin o‘zi tug‘ilgan O‘rta-Chirchiq tumani, Qorasuv qishlog‘ida joylashgan qabristonga dafn qilingan.

Mukofotlanishi va tovon puli[tahrir | manbasini tahrirlash]

Olim Andrey Kubatin Nur-Sulton shahrida joylashgan Xalqaro Turk Akademiyasining oltin medali bilan vafotidan so‘ng taqdirlangan. Kubatin mazkur akademiyada 2014-yilning ikkinchi yarmidan boshlab yarim yil davomida faoliyat ko‘rsatgan edi. Ushbu medal 2021-yil 13-sentyabr kuni Fanlar akademiyasining Milliy arxeologiya markazida olimning rafiqasiga topshiriladi. Feruza Djumaniyozovaning qo‘shimcha qilishicha, ushbu akademiyada ishlagan vaqtlarida „Doislamskiye moneti Taraza — İslam öncesi Taraz sikkeleri“ kitobini yozgan[11]. Feruza Djumaniyozova bu haqida shunday deydi:

Men shaxsan bu insonga va u yetakchilik qilayotgan akademiyaga butun oilam nomidan o‘z minnatdorchiligimni izhor qilaman. Bunday eʼtirof uchun katta rahmat, deb qolaman. Bu yuksak mukofot men uchun katta mas’uliyat. Bu mukofot menga turmush o‘rtog‘imning tadqiqotlarini to‘plab, alohida kitob holida nashr qilish, o‘zim ham u boshlagan ishlarni davom ettirish va farzandimizni otasidek yetuk olim qilib yetishtirish mas’uliyatini yuklaydi[11]

Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent viloyat sudining apellyatsiya instansiyasi birinchi instansiya sudi qarorini bekor qilib, marhum sharqshunos Andrey Kubatin oilasining maʼnaviy zararni qoplash to‘g‘risidagi daʼvosini qisman qanoatlantirish haqida qaror qabul qilgan. Qarorga koʻra Toshkent shahar Moliya boshqarmasi olimning yaqinlariga 150 mln. so‘m to‘lashi belgilangan[12].

Ilmiy ishlari[tahrir | manbasini tahrirlash]

  • KUBATIN, A.V. Система титулов в тюркском каганате: генезис и преэмственност. (The system of titles in the Turkic kaganate: genesis and continuity) Tashkent: YANGI NASHR, 2016. 192 p.
  • KUBATIN, Andrey, et al. Древнетюркские термини в согдийских документах с гори Муг (Ancient Turkic terms in Sogdian documents from Mount Mugh.) Ural-Altaic Studies, 2014, 03 (14): 12-23.
  • BABAYAROV, G.; KUBATIN, A. Древнетюркские титули в эпоху до Тюркского Каганата. (Ancient Turkic titles in the era before the Turkic Kaganate). 2012.
  • BABAYAROV, G. B.; KUBATIN, A. V. Монети западно-тюркского каганата с титулом тюрк-каган. (Coins of the West Turkic Kaganate with the title Turk-Kagan). Epigrafika Vostoka/Epigraphy of the East, 2015, 31: 189-201.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. „Marhum olim Andrey Kubatin Xalqaro turkiy akademiyaning oltin medali bilan taqdirlandi“. https://www.gazeta.uz/oz/2021/09/14/kubatin/. Qaraldi: 2022-yil 17-oktyabr.
  2. „Taniqli turkolog Аndrey Kubatin vafot etdi“ (2020-yil 30-oktyabr). 2022-yil 19-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-oktyabr.
  3. Erkin Oʻzbekiston, Düsseldorf, Germany. 26 February 2021.
  4. Uzbek Scholar Andrei Kubatin Dies Of COVID-19 One Year After Release From Prison. Radio Free Europe/Radio Liberty, 29 October 2020
  5. „Sharqshunos olim Andrey Kubatin vafot etdi“ (2020-yil 29-oktyabr). 2020-yil 30-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-oktyabr.
  6. „Özbekistan'da hapis yatan Türkolog Andrey Kubatin özgürlüğüne kavuştu“ (2019-yil 27-sentyabr). 2019-yil 29-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 19-oktyabr.
  7. Härke, Heinrich. A Dozen Years of Central Asia: an archaeologistʼs blog. Kulturní studia/Cultural Studies 1/2022. DOI: 10.7160/KS.2022.180103
  8. „Uzbekistan: Scholar imprisoned for espionage absolved and released“. Eurasianet (2019-yil 27-sentyabr). Qaraldi: 2022-yil 6-mart.
  9. U.S. Embassy Tashkent Statement on the Death of Andrey Kubatin, 2 November 2020. Available from: https://uz.usembassy.gov/u-s-embassy-tashkent-statement-on-the-death-of-andrey-kubatin/
  10. Erkin Oʻzbekiston, Düsseldorf, Germany. 26 February 2021.
  11. 11,0 11,1 „Marhum olim Andrey Kubatin Xalqaro turkiy akademiyaning oltin medali bilan taqdirlandi“ (2021-yil 14-sentyabr). 2021-yil 13-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 17-oktyabr.
  12. „Andrey Kubatinning oilasi 150 mln so‘m miqdorida tovon puli oladi“ (2021-yil 22-sentyabr). 2021-yil 10-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 17-oktyabr.