Amudaryo katta kurakburuni

Ushbu maqola xushsifat maqolalar sarasiga kiradi.
Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Amudaryo katta kurakburuni
Live Pseudoscaphirhynchus kaufmanni.jpg
Muhofaza maqomi
Biologik klassifikatsiya
Olam: Hayvonlar
Tip: Xordalilar
Sinf: Shuʼlaqanotli baliqlar
Turkum: Bakrasimonlar
Oila: Bakralar
Urugʻ: Soxta kurakburunlar
Tur: Amudaryo katta kurakburuni
Binar nomi
Pseudoscaphirhynchus kaufmanni
Bogdanov 1874 ex. Kessler, 1877
Sinonimlari
  • Scaphirhynchus hermanni
    Kessler 1877
  • Pseudoscaphirhynchus rossikowi
    Nikolskii 1900

Amudaryo katta kurakburuni yoki qilquyruq (Pseudoscaphirhynchus kaufmanni)bakralar oilasiga (Acipenseridae) mansub butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasida turgan, Amudaryoning endemik relikt turi[1]. Oʻzbekiston va Turkmanistonda Amudaryoning oʻrta va quyi oqimida uchraydi. Afgʻoniston va Tojikistonda ham uchrashi taxmin qilinadi[1]. Asosan daryoning nisbatan sayoz, osti qumli va loyqa suvlarida uchraydi[1][2]. Ushbu tur Turkistonning birinchi general-gubernatori Konstantin Petrovich von Kaufman sharafiga nomlangan.

Tashqi tuzilishi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amudaryo katta kurakburuni boshqa bakralar ichida nisbatan kichik baliq boʻlsa ham, Pseudoscaphirhynchus urugʻi vakillari ichida eng yirigi hisoblanadi. Uzunligi xivchinga oʻxshash ingichka dumi bilan birgalikda 85 sm gacha[3], ogʻirligi 2 kg gacha yetadi[4]. Dum suzgichining yuqori uchi ingichka, uzun xivchinga aylangan. Shu belgisi bilan boshqa urugʻdoshlaridan farq qiladi. Tumshugʻi keng, uning uchida va yon tomonida 1-9 ta oʻtkir uchli tikanlari bor. Koʻzlarining oraligʻi va ensa qismida ham ana shunday 2 tadan oʻtkir tikanlar boʻladi. Ogʻzi boshining pastki qismida joylashgan, keng, moʻylovlari silliq. Koʻzlari mayda. Choʻgirlari soni orqa tomonida 10-15 ta, yon tomonida 28-40 ta, qorin tomonida 5-11 ta atrofida boʻladi[4]. Orqa suzgichidagi shu’lalar soni 25-37 ta, anal suzgichida esa 15-24 ta boʻladi[4]. Jabra qilchalari soni 13-20 taga yetadi. Amudaryo katta kurakburunining ikkita: nisbatan yirik, och tusli, kech voyaga yetadigan normal formasi va kichik, toʻq rangli, erta voyaga yetadigan pakana formasi uchraydi[3].

Biologiyasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chuchuk suv baligʻi. Amudaryo oʻzanida yashaydi. Ilgari Orol dengizi qurimasidan avval ham dengizda yoki Amudaryo havzasidagi koʻllarda uchrashi qayd etilmagan[4]. Amudaryo katta kurakburunining yosh vakillari mayda baliqlar va suvdagi hasharot lichinkalari bilan, voyaga yetgan vakillari esa asosan boshqa mayda baliq turlari bilan oziqlanadi. Dastlab olib borilgan 1960—1970-yillardagi tadqiqotlarda Amudaryo katta kurakburunining voyaga yetish davri 5-8 yoshli individlar orasida kuzatilgan boʻlsa (urgʻochilari erkaklariga nisbatan biroz kechroq voyaga yetadi), 1990-yillarda olib borilgan kuzatuvlarda 4 yoshli individlar orasida ham voyaga yetgan vakillari uchragan, tadqiqotchilar buni baliqlar yashash muhitidagi oʻzgarishlar bilan bogʻlash mumkinligini aytishadi[3]. Amudaryo katta kurakburunining biologiyasi haqida yetarli maʼlumotlar mavjud emas. Shunday boʻlsada, mart va may oylari oraligʻida normal formadagi urgʻochilari 3100-36500 tagacha, pakana formadagi urgʻochilari esa 1000-2000 tagacha tuxum qoʻyishi maʼlum[2]. Ushbu baliqlar faqat har 4-5 yilda bir marta tuxum qoʻyadi deb ishoniladi. Tuxumlarini suv tubiga qoʻyadi. Tuxumlari yopishqoq, qora, diametri 1,5-2,7 mm atrofida. Tuxumdan chiqqan lichinkalari loyqa suv tubida yashashga moslashgan. Yosh baliqlarning tumshugʻida tikanlari va dum qismidagi xivchinlari boʻlmaydi, ular baliq 6,5 sm boʻlganidan keyin paydo boʻladi. Amudaryo katta kurakburunlari 14 yil atrofida yashaydi[1].

Taksonomiya va filogenetikasi[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amudaryo katta kurakburuni 1996-yil chiqarilgan Qirgʻiziston pochta markasida

Amudaryo katta kurakburuni dastlab tashqi morfologik belgilariga koʻra Shimoliy Amerika daryolarida uchrovchi kurakburunlar (Scaphirhynchus) urugʻi bilan birgalikda Scaphirhynchinae kenja oilasiga birlashtirilgan edi[5]. Amudaryo katta kurakburuni kariotipi 118-120 xromosomadan iborat boʻlib, u bakralarning kam xromosomali guruhiga mansub. Amudaryo katta kurakburuni va kurakburun bakra (Scaphirhynchus platorhynchus) genetikasi va kariotipini solishtirish asosida olib borilgan tadqiqotda ular orasida yaqqol koʻzga tashlanuvchi farqlar mavjud ekanligi va Scaphirhynchinae oilasi polifiletik kelib chiqishga ega ekanligi maʼlum boʻldi[6]. Oʻtkazilgan soʻnggi morfometrik va osteologik tadqiqotlar asosida soxta kurakburunlar urugʻi alohida mustaqil Pseudoscaphirhynchinae kenja oilasi sifatida ajratildi[7]. Yaqinda amalga oshirilgan toʻliq mitoxondrial genom asosidagi filogenetik tekshiruv ham soxta kurakburun (Pseudoscaphirhynchus) va kurakburun (Scaphirhynchus) urugʻlarining oʻzaro monofiletik emasligini koʻrsatdi[8].

Muhofaza qilish[tahrir | manbasini tahrirlash]

Amudaryo katta kurakburuni tabiatan kamyob baliq, u hozirda Amudaryoning oʻrta va quyi oqimida uchraydi[1][3][8]. Soʻnggi yillarda tartibsiz ovlanishi, yashash muhitining oʻzgarishi, daryo suvidan sugʻorish maqsadida foylanilishi, daryoga tashlama suvlarning quyilishi oqibatida daryo suvi kimyoviy tarkibining oʻzgarishi natjasida Amudaryo katta kurakburunining soni kamayib bormoqda[3]. Amudaryo katta kurakburuni Oʻzbekiston, Turkmaniston, Tojikiston Qizil kitoblariga kiritilgan. Tabiatni muhofaza qilish xalqaro ittifoqi (TMXI) qizil roʻyxatiga „Butunlay yoʻq boʻlib ketish arafasidagi turlar“ (CR) maqomi ostida kiritilgan[1]. Bugungi kunda ushbu baliqni ovlash mutlaqo taqiqlangan. Qizilqum, Surxon qoʻriqxonalarida va Quyi Amudaryo biosfera rezervatining qoʻriqlanadigan hududida muhofazaga olingan. 1998-yildan SITES ning II ilovasiga kiritilgan[1].

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 1,5 1,6 1,7 Mugue, N. (2010). "Pseudoscaphirhynchus kaufmanni". IUCN Red List of Threatened Species (IUCN) 2010: e.T18601A8498207. doi:10.2305/IUCN.UK.2010-1.RLTS.T18601A8498207.en. https://www.iucnredlist.org/species/18601/8498207. 
  2. 2,0 2,1 Birstein, V.J.; J.R. Waldman; and W.E. Bemis, editors. Sturgeon biodiversity and conservation. Kluwer Academic Publishing, 1997 — pp. 377–378, 381–382 bet. [[Maxsus:BookSources/ISBN 0-792-34517-7|ISBN ISBN 0-792-34517-7]]. 
  3. 3,0 3,1 3,2 3,3 3,4 Salnikov, V.B.; V.J. Birstein; and R.L. Mayden. The contemporary status of the two Amu Darya River shovelnose sturgeons, Pseudoscaphirhynchus kaufmanni and P. hermanni. The Sturgeon Quarterly, 1996 — 4(3): 10-14 bet. 
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 Тлеулов, Р. и Н.И. Сагитов. 1973. Осетровые рыбы Амударьи. Издательство «Фан» Узбекской ССР, Ташкент, с. 155.
  5. Bemis, W.E.; Findeis, E.K.; and Grande, L.. An overview of Acipenseriformes. Environmental Biology of Fishes, 1997 — 48(1-4), 25-71 bet. DOI:10.1023/A:1007370213924. 
  6. Kovalev, Konstantin; Balashov, Dmitry; Cherniak, Alexey; Lebedeva, Elena; Vasil’eva, Ekaterina; Vasil’ev, Victor. The karyotype of the Amu Darya sturgeon, Pseudoscaphirhynchus kaufmanni (Actinopterygii: Acipenseriformes: Acipenseridae). Acta Ichthyologica et Piscatoria., 30-iyun 2014-yil — 44 (2): 111–116 bet. DOI:10.3750/AIP2014.44.2.04. 
  7. Hilton, E.J.; L. Grande; and W.E. Bemis. Skeletal Anatomy of the Shortnose Sturgeon, Acipenser brevirostrum Lesueur, 1818, and the Systematics of Sturgeons (Acipenseriformes, Acipenseridae). Fieldiana Life and Earth Sciences, 2011 — 3, 1-168 bet. DOI:10.3158/2158-5520-3.1.1. 
  8. 8,0 8,1 Sheraliev, B.; Peng, Z.. Complete mitochondrial genome sequence and phylogenetic position of the Amu Darya sturgeon, Pseudoscaphirhynchus kaufmanni (Acipenseriformes: Acipenseridae). Journal of Applied Ichthyology, 2020 — 1-4 bet. DOI:10.1111/jai.14043.