Qulbobo koʻkaldosh

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
(Amir Qulbobodan yoʻnaltirildi)
Jump to navigation Jump to search

Qulbobo koʻkaldosh, amir Qulbobo, Muhibbiy (taxminan 1534—1598, Buxoro) — davlat arbobi va harbiy sarkarda. Otasi Iskandarxon va Abdullaxon II ning bosh sadri boʻlgan. Iskandarxonning oʻgʻli Abdullaxon IIning koʻkaldosh (emishgan) inisi va yaqin kishilaridan biriga aylangan. Otasi vafot etgach (1581), Q.K. uning sadr lavozimini egallagan. Abdullaxon II Buxoro taxtiga oʻtirgach, Q.K. saroyda nufuzli mansab — koʻkaltoshlikni egallagan, devoni mushrifiga rahbarlik qilgan va xonning koʻpgina harbiy safarlarida ishtirok etgan. Q.K. yirik sarkarda sifatida Qunduz va Badaxshondagi boshqa shaharlarni egallashga jonbozlik koʻrsatgan (1584). 1587 yildan Hirot viloyati noibi. Safaviylar davlati Xurosondagi Tun va Tabos shaharlarini bosib olish uchun hujum qilganida Q.K. va Dinmuhammad Sulton qizil-boshlilarni magʻlubiyatga uchratgan (1592). Biroq Q.K. nufuzining ortib borishi va Hirotda noib boʻlib turishi Abdullaxon II bilan uning oʻgʻli Balx hokimi valiahd Abdulmoʻminxon oʻrtasidagi munosabatlar yomonlashuviga olib kelgan. Hofiz Tanish Buxoriy oʻzining "Abdullanoma" asarida Q.K.ni "umdat ul-mulk" ("podsholik tayanchi"), "nizomi saltanat", "amir Nizomiddin" degan taʼriflar bilan ulugʻlaydi. Q.K. oʻz davrining savodxon kishilaridan biri boʻlib, u shoirlar, olimlar va sanʼatkorlarni juda qadrlagan hamda ularga homiylik qilgan. Oʻzi ham shoirlikda nom chiqarib, "Muhibbiy" taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. Uning Balxda juda boy kutubxonasi boʻlgan. U vazir va amir sifatida oʻzining shaxsiy mablagʻi hisobidan Buxoro, Balx, Samarqand va Toshkentda 1551 — 75 yillarda 4 ta madrasa qurdirgan (qarang Koʻkaldosh madrasasi). Xususan, Balxning obodonchiligiga katta eʼtibor qaratib, bu yerda jomeʼ masjidi va rabot ham qurdirgan.

Abdullaxon II vafot etgach, uning oʻgʻli Abdulmoʻminxon otasining yaqin kishilari qatorida Q.K.ni ham qatl qildirgan (1598).

Manba: Hofiz Tanish al-Buxoriy, Abdullanoma, 1—2 kitoblar, T., 1999— 2000.

Adabiyot[tahrir]

  • Axmedov B. A., Istoriya Balxa, T., 1982.