Kontent qismiga oʻtish

Alxesiras konferensiyasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Alxesiras konferensiyasi (1906.15.1-7.4) — Ispaniyaning Alxesiras shahrida Germaniyaning tashabbusi bilan chaqirilgan xalqaro konferensiya. Marokashdagi Fransiya-Germaniya raqobati 1905-yilda Marokash janjalini keltirib chiqardi. Alxesiras konferensiyasining chaqirilishi shu xalqaro tanglikni bartaraf etishga qaratilgan edi. Unda Avstriya-Vengriya, Angliya, AQSH, Belgiya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Marokash, Niderlandiya, Portugaliya, Rossiya, Fransiya va Shvetsiya qatnashdi. Alxesiras konferensiyasi Marokashni boshqarish uchun Angliya, Germaniya, Fransiya va Ispaniya nazorati ostida xalqaro bank, shuningdek Fransiya va Ispaniyaga tobe boʻlgan politsiyani tashkil etdi. Alxesiras konferensiyasi rasmiyat uchungina Marokash sultonligining „mustaqilligi“, „hududiy butunligi“, Marokashdagi barcha millatlarning „iqtisodiy ozodligi“ va „teng huquqligi“ni eʼlon qildi. Amalda esa Angliya, Rossiya, AQSH va boshqa davlatlarning qoʻllab-quvvatlashi bilan Fransiya va Ispaniya Marokashdagi oʻz zonalarini boshqarish huquqiga ega boʻldilar. Alxesiras konferensiyasi Germaniyaning diplomatik magʻlubiyati boʻlgan va Fransiyaning Marokashni batamom bosib olishiga yoʻl ochgan.

  • OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil