Alptakin
Alptakin (shuningdek, Aftakin) – buvayhiylarning turkiy harbiy zobiti, 973—975-yillarda Iroqda buvayhiylarga qarshi muvafaqqiyatsiz qoʻzgʻolonda ishtirok etib, keyinroq qoʻzgʻolon yetakchisiga aylangan. 300 nafar tarafdorlari bilan gʻarbga qochib, Suriyadagi hokimiyat boʻshligʻidan foydalangan holda, Damashq bilan birga yana bir nechta shaharlarni qoʻlga kiritgan. Alptakin keyingi 3 yil davomida Fotimiylar xalifaligining Damashqni egallash urinishlariga qarshi tura oldi. Biroq oxir-oqibat xalifa al-Aziz Billohdan magʻlub boʻlib, asir olingan. Misrga olib kelingach, Fotimiylar qoʻshini tarkibiga kirgan. Oradan koʻp oʻtmay, vazir Ibn Killis tomonidan zaharlab oʻldirilgan.
Yoshligi va Buvayhiylarga qarshi isyon
[tahrir | manbasini tahrirlash]Alptakin Iroqning buvayhiy hukmdori Izz ud-Davla Baxtiyorning ozod qilingan odami boʻlgan[1]. Alptakin haqida 973-yilgacha, Bagʻdod va Iroqning koʻplab hududlarini zabt etishga muvaffaq boʻlgan turkiy zobit Sabuktakinning qoʻzgʻoloniga qoʻshilguniga qadar hech narsa maʼlum emas. Shundan soʻng, Sabuktakin boshliq turkiy isyonchilar Izz ud-Davla mustahkam oʻrnashib olgan Vosit shahrini qamal qildilar. Sabuktakin qamal vaqtida vafot etgach, Alptakin turklarning yangi rahbari etib saylandi. Ayni paytda Izz ud-Davlaning amakivachchasi Adud ud-Davla boshliq buvayhiylar qoʻshini Iroq tomon yurish boshlab, 975-yilda Diyala daryosi boʻyidagi jangda qoʻzgʻolonchilarni butunlay tor-mor etishga erishgan[2].
Suriyaga bostirib kirishi va Fotimiylar bilan urush
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Buvayhiylardan magʻlubiyatga uchragan Alptakin tax. 300 nafar safdoshlari bilan Suriyaga qochib ketdi[3]. U yerda Hims shahrini egallashga muvaffaq boʻldi[1]. Shundan soʻng, Alptakin qarmatlar bilan ittifoq tuzib, 975-yilning qishida Oʻrta yer dengizi qirgʻoqlariga bostirib kirdi hamda Fotimiylarning Sidon shahrini qamal qildi. Alptakin qisqa vaqt ichida shaharni egallashga muvaffaq boʻldi. Natijada, Fotimiylarning 4 000 nafar qoʻshini qirgʻin qilindi[1]. Keyin Tiberiyani egallab, Damashqqa yurish qildi. Shaharni qattiq qarshiliksiz egallab oldi. Bu vaqtda Vizantiya imperatori Ioann I Tsimiskes Suriyaga qarshi harbiy harakatlar olib borayotgan edi. Bu holat Alptakinni oʻzi egallagan hududlarni Ioannga topshirishga majbur qildi[4]. Biroq Alptakin diplomatik yoʻllar orqali vizantiyaliklarning shaharni oʻz hududlariga qoʻshib olishga urinishlarini bartaraf eta oldi.
Fotimiylar xalifasi al-Aziz Billoh oʻz sarkardasi Javhar boshchiligida qoʻshin yubordi. Javhar Oʻrta yer dengizi qirgʻoqlarini qaytarib olishga hamda 976-yil iyul oyida qamal qilingan Damashqqacha kirib borishga muvaffaq boʻldi[5].
Ushbu harakatlarga javoban qarmatlar Alptakinga yordam berish uchun qoʻshin yubordilar. Baʼzi manbalarga koʻra, Alptakinning oʻzi qarmatlarga yordam soʻrab murojaat qilgan. Bu harakat Javharni 977-yil yanvar oyida qamalni toʻxtatishga majbur qildi[6]. Ittifoqchilar Javharni Ramlagacha taʼqib qildilar. Ramlada ittifoqqa Banu Tayy badaviylari qoʻshildilar. Yarqon daryosi boʻyida boʻlib oʻtgan shiddatli jangda Javhar magʻlubiyatga uchragach, Ramlani tark etib, Ashkelonga chekindi. Qarmatlar 977-yil 12-martda Ramlaga kirdi[7]. Alptakin va qarmatlarning birlashgan qoʻshini Fotimiylar qoʻshini chekingan Ashkelonni qamal qildi. 978-yil apreligacha choʻzilgan uzoq qamal natijasida ochlikdan qiynalgan Fotimiylar qoʻshini tinchlik bitimi imzolashga rozi boʻldi. Shartnomaga koʻra, Alptakin Damashqdan tashqari Falastinni ham qoʻlga kiritdi. Fotimiylar hukmronligining shimoliy chegarasi esa Gʻazo shahri boʻylab belgilandi[7][8]. Shartnoma Fotimiylarga yanada maqbul boʻlishini istagan Alptakin Fotimiylar xalifasini oliy hukmdor sifatida tan olishga rozi boʻldi. Biroq bu oddiy bir rasmiyatchilik edi, xolos. Alptakin oʻz nazoratidagi hududlardan olinadigan barcha daromadlarni oʻzida saqlab qolishi belgilandi[7][8].
978-yilda Adud ud-Davla tomonidan hududlari egallab olingan Izz ud-Davla ikki ukasi va boshqa daylamiy tarafdorlari bilan Damashqqa qochib bordi. Ularni Alptakin samimiy kutib olib, daylamiylarni oʻz qoʻshini tarkibiga kiritdi[9]. Bu orada al-Aziz boshliq Fotimiylarning yangi qoʻshini Damashq tomon yurish boshladi. Ramla yaqinida turklar va Fotimiylar oʻrtasida jang boʻlib oʻtdi. Alptakin fotimiylarning chap qanotiga hujum qilib, koʻpchilikni oʻldirdi. Biroq Fotimiylar jang koʻlamini oʻzgartirishga muvaffaq boʻldilar. Ular Alptakin qoʻshinining markaziy va oʻng qanotiga hujum uyushtirib, taxminan tax. 20 ming nafar askarni oʻldirdilar[10][11].
Alptakin jang maydonidan choʻlga chekinishga majbur boʻldi. U yerda chanqoqdan oʻlishiga bir bahya qoldi. Lekin Tayy qabilasi sardori hamda eski doʻsti Mufarrij ibn Dagʻfal ibn al-Jarroh hayotini asrab qoldi. Mufarrij Alptakinni uyiga keltirib, izzat-ikrom bilan kutib oldi. Biroq oʻz uyida ekanida Mufarrij xiyonat qildi hamda Alptakinni 100 000 oltin dinor evaziga al-Azizga topshirdi[10][12].
Alptakin Fotimiylar poytaxti Qohiraga olib ketilib, al-Aziz uni izzat-ikrom bilan kutib olgach, Alptakinni turkiy tarafdorlari bilan birga oʻz qoʻshini tarkibiga kiritdi. Biroq oradan koʻp oʻtmay, al-Azizning vaziri Yaʼqub ibn Killis Alptakinni zaharlab, oʻldirdi[13].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 Gil 1997, s. 343.
- ↑ Kennedy 2004, s. 224.
- ↑ Kennedy 2004, s. 205.
- ↑ Romane 2015, s. 73.
- ↑ Gil 1997, s. 348.
- ↑ Gil 1997, ss. 348–349.
- ↑ 7,0 7,1 7,2 Gil 1997, s. 349.
- ↑ 8,0 8,1 Kennedy 2004, s. 321.
- ↑ Gil 1997, s. 350.
- ↑ 10,0 10,1 Gil 1997, s. 351.
- ↑ Kennedy 2004, s. 322.
- ↑ Canard 1965, ss. 482–483.
- ↑ Gil 1997, s. 352.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Canard, Marius (1965). "D̲j̲arrāḥids". in Lewis, B.. Encyclopaedia of Islam. Volume II: C–G (2nd nashri). Leiden: E. J. Brill. 482–485 b. OCLC 495469475. http://referenceworks.brillonline.com/entries/encyclopaedia-of-islam-2/djarrahids-SIM_2013.
- Gil, Moshe. A History of Palestine, 634–1099. Cambridge: Cambridge University Press, 1997. ISBN 0-521-59984-9.
- Kennedy, Hugh. The Prophet and the Age of the Caliphates: The Islamic Near East from the 6th to the 11th Century, Second, Harlow: Longman, 2004. ISBN 978-0-582-40525-7.
- Romane, Julian. Byzantium Triumphant. Pen and Sword Books, 2015. ISBN 978-1473845701.
- Gʻilmon
- Buvayhiylar sulolasi qullari
- Zaharlab oʻldirilganlar
- Fotimiylar xalifaligi generallari
- 10-asr Fotimiylar xalifaligi kishilari
- 10-asrda tugʻilganlar
- 978-yilda vafot etganlar
- Tugʻilgan yili nomaʼlum boʻlgan kishilar
- 10-asr suriyaliklari
- Fotimiylar gʻilmoni
- Buvayhiylar sulolasiga qarshi isyonlar
- Suriya Fotimiylar xalifaligi davrida