Alp Arslon al-Axras
Toj ud-Davla Alp Arslon ibn Ridvon[1], laqabi al-Axras („soqov“)[2], 1113-yildan 1114-yilda vafotiga qadar saljuqiy Halab sultoni boʻlgan. Ibn al-Asirning qayd etishicha, aslida soqov boʻlmagan, balki nutq nuqsoni va duduqlanishi boʻlgan. Sulton Faxr ul-Mulk Ridvonning oʻgʻli boʻlib, onasi Antioxiya hokimi Yağısıyanning qizi edi[3].
Alp Arslon 1113-yil 10-dekabrda otasining vafotidan soʻng atigi 16 yoshida Halab sultoni lavozimini egalladi[3][4]. Ibn al-Asirning taʼkidlashicha, aynan shu sababli „sulton sifatida faqat rasmiy hokimiyatga ega edi“, amalda esa hokimiyat uning atabegi Lu’lu' al-Yayaning qoʻlida boʻlgan[3]. Hokimiyatni qoʻlga kiritgan Alp Arslon otasiga oʻxshab qilib, ukasi Malikshoh va oʻgay ukasi Muborakshohni qatl ettirishni buyurdi. Ridvon ham taxtga chiqqanida oʻz birodarlarining oʻlimiga farmon bergan edi[3]. Tarixchi Amin Maalufning yozishicha, Alp Arslon birodarlaridan tashqari „bir nechta amaldorlarni, ayrim xizmatkorlarni va umuman oʻziga yoqmagan deyarli barcha kishilarni“ ham qatl qildirgan[5].
Lu’lu' qoʻshin ustidan nazoratni saqlab turgan boʻlsa-da, aḥdas („mahalliy harbiy kuchlar“) Alp Arslonga sodiq qoldi va uning tasarrufida edi[6]. Aḥdasning raisi boʻlgan Said ibn Badiyning tavsiyasi bilan Alp Arslon Muhammad I Taparning nizoriylarga qarshi siyosati doirasida Nizoriy Botiniylarni taʼqib qildi. Ularning yetakchisi Abu Tohir as-Sayigʻni qatl ettirdi va qolganlarining mol-mulkini musodara qildi. Shu tariqa koʻplab nizoriylarni nasroniy Antioxiya knyazligi tomon oʻtishga majbur qildi[3]. Keyinchalik Ibn Badiyning oʻziga qarshi chiqib, uning mol-mulkini musodara qildi va Uqayliylar amirligi tarkibidagi Jaber qalʻasiga surgun qildi. Alp Arslon aḥdasning raisi lavozimiga chet ellik shaxs Ibrohim al-Furotiyni tayinladi[6].
Harbiy jihatdan zaif boʻlgan Alp Arslon Antioxiya knyazligiga xiroj toʻlashga majbur boʻldi[7][8]. 1114-yil mart oyida u Antioxiya, nizoriylar va oʻz atabegi Lu’lu’ga qarshi kurashishda himoya soʻrab Tugteginga murojaat qildi[6][8]. Tugtegin Halabga qoʻshin yubordi. Biroq ular shaharda shialarga nisbatan rasmiy bagʻrikenglikni qabul qilib boʻlmas hol deb bilib, yil oxiriga yetmasdan ketib qoldilar. Antioxiya regenti Roger xiroj toʻlashni yana tiklashga majbur qildi[8]. Tugtegin qoʻshinlari ketgach, atabeg Lu’lu' Rafaneaning bir muddat avval Tugtegin lavozimidan chetlatgan hukmdori Shams al-Xavass Yorugʻtoshiy bilan ittifoq tuzib[8], mamluklar orqali Alparslonni qal’ada oʻldirtirdi[1]. Shundan soʻng, Lu’lu' Alp Arslonning 6 yoshli ukasi Sultonshohni taxtga oʻtqazdi[6][9]. Lu’lu' 1117-yilda vafot etgach, shaharda de facto hokimiyatni malika Amina Xotun qoʻlga oldi[10].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- 1 2 Richards 2007, s. 171.
- ↑ Ayalon 1999, s. 163.
- 1 2 3 4 5 Richards 2007, s. 164.
- ↑ El-Azhari 1997, s. 139.
- ↑ Maalouf 1983, s. 91.
- 1 2 3 4 Amabe 2016, ss. 74–76.
- ↑ El-Azhari 1997, s. 146.
- 1 2 3 4 Cahen 1940, ss. 267–269.
- ↑ Richards 2007, s. 187.
- ↑ El-Azhari 2019, ss. 294–295.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Amabe, Fukuzo. Urban Autonomy in Medieval Islam: Damascus, Aleppo, Cordoba, Toledo, Valencia and Tunis. Brill, 2016.
- Ayalon, David. Eunuchs, Caliphs and Sultans: A Study in Power Relationships. Jerusalem: Magnes Press, The Hebrew University, 1999. ISBN 978-9-6549-3017-8.
- Cahen, Claude. La Syrie du nord à l'époque des croisades et la principauté franque d'Antioche. P. Geuthner, 1940.
- El-Azhari, Taef Kamal. The Saljūqs of Syria During the Crusades, 463–549 A.H./1070–1154 A.D.. Klaus Schwarz, 1997.
- El-Azhari, Taef. Queens, Eunuchs and Concubines in Islamic History, 661–1257. Edinburgh University Press, 2019.
- The Crusades Through Arab Eyes. JC Lattes, 1983. ISBN 0-8052-0898-4.
- The Chronicle of Ibn al-Athīr for the Crusading Period from Al-Kāmil Fī'l-ta'rīkh, Part 2: The Years 491–541/1097–1146, The Coming of the Franks and the Muslim Response. Ashgate, 2007. ISBN 978-0-7546-4078-3.