Kontent qismiga oʻtish

Alojzija Štebi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Alojzija Štebi
Tavalludi 24-mart 1883-yil
Vafoti 9-avgust 1956-yil(1956-08-09)
(73 yoshda)
Lyublyana, Sloveniya Sotsial Respublikasi
Fuqaroligi Avstriya-Vengriya imperiyasi, Yugoslaviya qirolligi va Socijalistička Federativna Republika Jugoslavija
Kasbi oʻqituvchi, siyosatchi, jurnalist, davlat fuqarolik xizmati xodimi
Faoliyat yillari 1903–1956

Alojzija Štebi (1883-yil 24-martda tugʻilgan – 1956-yil 9-avgustda vafot etgan) – sloveniyaalik feminist, tarbiyachi va siyosatchi. Mehnat faoliyatini oʻqituvchilikdan boshlagan, keyinchalik ayollar huquqlari himoyasiga qoʻshilgan, shuningdek, siyosat hamda jurnalistika sohasida ham faoliyat yuritgan. Fuqarolik, siyosiy va ijtimoiy tenglik yoʻqligi masalasini koʻtarib chiqqan, oʻz maqolalari va siyosiy qarashlari orqali teng huquqli jamiyat qurishni ilgari surishga harakat qilgan. Yangi tuzilgan Serblar, Xorvatlar va Slovyenlar Qirolligi ayollarini birlashtirish uchun Feministlar Ittifoqiga asos solgan. Ushbu ittifoq ayollar uchun teng maosh, fuqarolik nikohi, bolalarni himoya qilish va ishchilarning ijtimoiy himoyasini taʼminlash tarafdori boʻlgan.

Yoshlik davri

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Alojzija Štebi 1883-yil 24-mart kuni Avstriya-Vengriya imperiyasi tarkibiga kiruvchi Lyublyana shahrida Marija Štebi (qizlik familiyasi Kunstel) va Anton Štebi oilasida dunyoga kelgan[1]. Yaqinlari orasida „Loyzka“ taxallusi bilan tanilgan. Štebi qizlar uchun moʻljallangan boshlangʻich va oʻrta maktablarda tahsil olgan. 1899-yilda oʻqituvchilar tayyorlash kursiga kirib[2], 1903-yilda Lyublyanadagi pedagogika bilim yurtini tamomlagan[1].

Oʻqishni tugatgach, darhol Karintiyadagi Tainach shahrida muovin oʻqituvchi sifatida ish boshlagan. Keyingi yili esa Tržič shahrida toʻliq stavkada oʻqituvchi sifatida ishlagan[1]. 1911-yildan boshlab Štebi ayollar muammolari haqida yozishni boshlagan[1]. 1912-yilga kelib, „Zarja“ (tarjimasi „Tong“) nomli sotsialistik gazeta uchun maqolalar yozgan. Shu bilan birga „Tobačni delavec“ (Tamaki ishchisi) gazetasi tahririyati bilan ham shugʻullana boshlagan. 1913-yilda Štebi Yugoslav Sotsial-demokratik partiyasi vakili sifatida Krayna viloyat majlisiga saylangan va ommaviy yigʻilishlarda nutq soʻzlashni boshlagan. Uning chap qanotga mansub qarashlari va faoliyati maktab rahbariyati bilan ziddiyatlarga olib kelgan va natijada 1914-yilda oʻz lavozimini tark etishga majbur boʻlgan. Shunga qaramay, Štebi yozuvchilik va tahrir faoliyatini davom ettirgan. 1915-yilda ayollar sotsialistik gazetasi „Ženski list“ („Ayollar gazetasi“)da muharrir, 1917-yilda esa sotsial-demokratlarning kunlik gazetasi „Naprej“ (Oldinga)da bosh muharrir vazifasini bajargan. 1918-yilda esa „Demokracija“ (Demokratiya) gazetasi bosh muharriri lavozimini egallagan[1].