All You Need Is Love

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
„All You Need Is Love“
„The Beatles“ qoʻshigʻi
B tomon „Baby, You're a Rich Man“
Chiqarilgan sanasi 7-iyul 1967-yil
Yozib olingan 14-, 19-, 23–26-iyun 1967-yil
Studiya Olympic Sound va EMI, London
Janr pop,[1] psixodeliya[2][3]
Davomiyligi 3:57
Leybl Parlophone, Capitol
Matn muallif(lar)i Lennon–McCartney
Prodyuser(lar) George Martin
The Beatles xronologiyasi
„Strawberry Fields Forever“ / „Penny Lane“
(1967)
All You Need Is Love
(1967)
„Hello, Goodbye“
(1967)

All You Need Is Love“ (tarjimasi „Senga keragi — sevgi“) — „The Beatles“ ingliz guruhi ijro etgan qoʻshiq. 1967-yilning iyulida albomga kiritilmagan singl oʻlaroq chiqarilgan. Qoʻshiq muallifi oʻlaroq Lennon–McCartney koʻrsatilgan boʻlsa-da, uni John Lennon yozgan[4]. Buyuk Britaniya ilk global teledastur — „Our World“ loyihasi uchun „All You Need Is Love“ qoʻshigʻini tanlagan. Dastur uchun „The Beatles“ guruhi qoʻshiqni 25-iyun kuni London shahridagi EMI Studios studiyasida ijro etgan. Sunʼiy yoʻldosh orqali efirga uzatilgan dasturni 25 mamlakatda 400 milliondan oshiq tomoshabin koʻrgan. Qoʻshiqni turli mamlakatlardagi tomoshabinlar tushuna olishi uchun Lennon atayin sodda sheʼr yozgan. Qoʻshiq soʻzida 1967-yilning yozida sodir boʻlgan Summer of Love hodisasi bilan bogʻliq utopik gʻoyalar mujassamlashgan. „All You Need Is Love“ singli Buyuk Britaniya, AQSh va boshqa koʻplab mamlakatlar xit-paradlarida birinchi pogʻonagacha koʻtarilgan. Tarona 1960-yillarda shakllangan kontrmadaniyat harakati qabul qilgan gul qudrati falsafasining gimniga aylangan.

„Our World“ dasturi „Sgt. Pepper's Lonely Hearts Club Band“ albomi eʼlon qilinishi ortidan „The Beatles“ shuhrati va taʼsiri yanada oshgan davrga toʻgʻri kelgan. Ijro davomida guruh qoʻshiqni to'liq jonli tarzda yozib olish oʻrniga oldindan yozib olingan trekdan foydalangan. Qoʻshiqni George Martin aranjirovka qilgan boʻlib, uning boshida Fransiya gimnidan parcha yangraydi. Qoʻshiq yakunida esa Glenn Millerning „In the Mood“ qoʻshigʻi, „Greensleaves“ ingliz xalq qoʻshigʻi, Johann Sebastian Bach bastalagan „Invensiya № 8 (fa major)“ asari hamda „The Beatles“ guruhing 1963-yil eʼlon qilingan „She Loves You“ qoʻshigʻidan parchalarni eshitish mumkin. Qoʻshiq bayram ruhidagi muhitda yozib olingan boʻlib, ijro uchun studiya turli belgi va ramzlar bilan bezatilgan. Shuningdek, dasturni yozib olish jarayoniga psixodelik ust-boshdagi mehmonlar, jumladan, „The Rolling Stones“, „The Who“ hamda „Small Faces“ guruhlari aʼzolari taklif qilingan. „The Beatles“ menejeri Brian Epstein mazkur ijroni guruh uchun „eng aʼlo“ lahza boʻlganini eʼtirof etgan.

„All You Need Is Love“ qoʻshigʻi keyinchalik „Magical Mystery Tour“ albomining AQShda chiqarilgan versiyasiga kiritilgan. Qoʻshiq 1968-yil suratga olingan „Yellow Submarine“ animatsion filmi uchun asos boʻlgan. „Our World“ dasturi dastlab oq-qora rangda efirga uzatilgan. Guruhning 1995-yil eʼlon qilingan „Anthology“ hujjatli filmlar seriyasi uchun rangli qilingan. Qoʻshiq 1967-yilgi Sevgi yozi ramziga aylanib, Lennonning insonparvar oʻlaroq qoldirgan merosiga asos boʻlgan boʻlsa-da, keyinchalik, ayniqsa, 1980-yillarda qator tanqidchi qoʻshiq gʻoyalarini goʻl deb baholagan. 2009-yildan beri Global Beatles kuni har yili 25-mayda nishonlanadi.

Manbalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Snoskalar[tahrir | manbasini tahrirlash]

  1. Unterberger, Richie „The Beatles 'All You Need Is Love'“. AllMusic. 2011-yil 13-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2011-yil 20-avgust.
  2. Reising & LeBlanc 2009, s. 109.
  3. „British Psychedelia“. AllMusic. 2011-yil 1-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 30-iyul.
  4. Lewisohn 2005, s. 116.

Adabiyotlar[tahrir | manbasini tahrirlash]

Havolalar[tahrir | manbasini tahrirlash]