Al-jabr val-Muqobala (risola)

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Jump to navigation Jump to search

"AL-JABR val-MUQOBALA" (arab.) – Sharqda (keyinchalik Gʻarbda ham) mashhur matematik risola. AlXorazmiy yozib qoldirgan ilmiy yodgorlik. Asarda ikkinchi darajali va chiziqli tenglamalar tasnifi, ularni yechish yoʻllari berilgan, geometrik va algebraik munosabatlar orasidagi bogʻlanishlar bayon etilgan, umumiy qoidalar ifodalangan. Asarda meros taqsimlashga oid boʻlim ham bor. Aslida arab tilida yozilgan. Kitob nomidagi "al-jabr" soʻzidan "algebra" soʻzi kelib chiqqan. "Aljabr" soʻzi Yevropaga gʻarbiy arablar orqali oʻtgan. Gʻarbiy arablar "j" ni "g" deb talaffuz qiladilar. Shu yoʻsinda "aljabr" Yevropada va keyinchalik yer yuzining hamma joyida "algebra" deb yuritiladigan boʻldi. Uning 1342 yil koʻchirilgan arab tilidagi nusxasi Oksford universiteti kutubxonasi (Angliya) da saqlanmoqda. Asarning 12-asrda lotinchaga tarjima qilingan ikki nusxasi: R. Chester tarjimasi va K. Gerard tarjimasi mavjud. Keyingi tarjima 1838 yilda Parijda nashr etilgan. Arabcha asl nusxasini 1831 yil Londonda F. Rozen chop qilgan. Yu. Rushka nemis tiliga, A. Marr fransuz tiliga tarjima qilishgan. R. Chesterning lotincha tarjimasi bilan inglizcha tarjimasi 1915 yil Nyu-Yorqda qoʻshib nashr etildi. Asarning geom.ga oid qismini 1932 yil Berlinda S. Gands eʼlon qildi. Asar 1964 yil Toshkentda rus tilida, 1983 yil tanlangan asarlar orasida rus va oʻzbek tillarida nashr qilingan.

Adabiyot[tahrir]

  • Ahadova M., Oʻrta osiyolik mashgʻur olimlar va ularning matematikaga doir ishlari, T., 1983.[1]

Manbalar[tahrir]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil